Boshiga bo‘rk kiygan jiddiy qiyofali yosh sarkarda – shahzoda Kul haqida bilasizmi?
Vatanimiz tarixidagi 27 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
731 yil (bundan 1294 yil oldin) – qo‘y yilida, (birinchi oyning) o‘n yettinchi kunida (milodiy 731 yil 27 fevralda) Turk xoqonligi hukmdori Eltarish xoqonning kenja o‘g‘li Kul tigin (shahzoda Kul) 46 yoshida vafot etdi. Ko‘k turk shahzodasi, lashkarboshi Kul o‘n besh yoshidan boshlab umrining asosiy qismini jangu jadallarda o‘tkazdi, davlat hududini kengaytirishga ulkan hissa qo‘shdi.
Kul tiginning hayoti va faoliyati haqida unga atab bitilgan yodnomada yaxshi ma’lumot berilgan. Ushbu yodnomani og‘asi Bilga xoqon Kulning o‘limidan bir yil o‘tib o‘rnattirgan. Bitig muallifi esa uning jiyani Yo‘llug‘ tigindir. Kul tigin maqbara majmuasidan unga atab o‘rnatilgan yozuvli qabr toshi, yarim singan haykallar, toshbaqa shaklli tosh bo‘lagi, bino ustunlarining qoldiqlari saqlangan. Muhimi, bularning orasida Kul tigin haykalining boshi ham bor. Unda bo‘rk kiygan jiddiy qiyofali yosh sarkarda tasvirlangan. Bo‘rkiga esa naqshlar bilan qanotlarini yoyib turgan qush tushirilgan.
Yodnomada Kul tiginning tug‘ilgan yili haqida ma’lumot yo‘q. Lekin bitigda Bilga xoqon tilidan Eltarish vafot etganda (ya’ni 692 yili) Kul tigin yetti yoshli go‘dak qolgani haqida ma’lumot bor: “Otam xoqon o‘lganda inim Kul tigin yetti yoshda koldi”. Shunga binoan, Kul tigin 685 yilda tavallud topgani ayon bo‘ladi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, qadimgi turklarda muchal yil sanog‘i amal qilgan. Ko‘k turklarda oylarning oti yo‘q: ular tartib ko‘rsatkichi bilan yuritilgan.
1880 yil (bundan 145 yil oldin) – Rossiya imperiyasi Sharqiy Turkiston hududiga Turkiston general-gubernatorligidan un mahsulotlarini olib chiqishni qat’iy taqiqlab qo‘ydi. Bundan maqsad metropoliya manfaatlari uchun zarur mahsulotlarni imkon qadar chetga chiqarmaslik edi. Bunday mahsulotlarni nafaqat mintaqadan, balki unga qo‘shni davlatlardan ham olib kelish rag‘batlantirilar edi.
1914 yil (bundan 111 yil oldin) – Toshkent shahrining o‘sha vaqtlardagi eng katta teatr-konsert binosi – ikki ming kishini sig‘dira oladigan “Kolizey”da Behbudiyning “Padarkush” dramasi sahna yuzini ko‘rdi. Ma’rifatparvar, jurnalist, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniyning “Turon” teatr truppasi “Kolizey”da o‘z faoliyatini mana shu “Padarkush” bilan boshladi. Spektakl boshlanishi oldidan O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining yetakchilaridan biri Munavvarqori Abdurashidxonov teatrning jamiyat hayotidagi o‘rni haqida nutq so‘zladi. Bosh rolni Abdulla Avloniyning o‘zi ijro etdi. Mahalliy matbuot bu kunni “tarixiy kun” deb yozdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, “Turon” teatr truppasi 1914–1916 yillarda bu spektakl bilan butun Farg‘ona vodiysini aylanib chiqdi. Turkistonni junbushga keltirgan qirg‘in-barot inqilob yillarida ham sahnadan tushmadi. Bu bir tomondan millatni ma’rifat va taraqqiyot sari undashda katta ahamiyatga ega bo‘lsa, ikkinchi tomondan professional o‘zbek teatri va dramachiligining maydonga kelishi hamda taraqqiyotida muhim xizmat qildi.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati yo‘lboshchilaridan biri Kichik Ergash Qo‘qon atrofidagi Bachqirda bo‘lgan janglarning birida vafot etdi. Kichik Ergash (uning bo‘yi kalta bo‘lganligi uchun shunday deyilgan) 1917 yilgacha 7 yil davomida Qo‘qon atrofida erkin harakat qilgan va o‘lkadagi Rossiya imperiyasi hokimiyatini tan olmagan. U va atrofidagi 30 yigit ruslarga qarshi kurash olib borishgan. Kichik Ergash haqiqatgo‘y va adolatli kishi bo‘lgan, dehqonlarga hech qachon zarar keltirmagan. 1913 yil u qo‘lga olingan va 20 yil qamoqqa hukm qilingan.
Kichik Ergash 1915 yil qamoqdan qochadi va 1916 yilgi qo‘zg‘olonda faol ishtirok etadi. 1917 yil o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qo‘qondagi Bachqir qishlog‘iga keladi va erkin kishi sifatida yashay boshlaydi. Qo‘qon shahar sho‘rosi 1917 yilda Kichik Ergashga shahar mirshablari boshlig‘i lavozimini taklif etgan. 1917 yilning dekabr oyida u Turkiston Muxtoriyati hukumati tomonidan qo‘rboshi unvoniga ega bo‘ladi.
Kichik Ergash 1918 yil 10 yanvardan qizil armiyaga qarshi kurash olib bordi. Muxtoriyat hukumatining so‘nggi kunlarida Qo‘qon shahrida bo‘lgan janglardan so‘ng Kichik Ergash qo‘rboshi qo‘l ostidagilar bilan Bachqir qishlog‘iga chekinadi. Bachqir atrofida bo‘lgan janglarda Kichik Ergash 1918 yil 27 fevralda halok bo‘ldi.
1926 yil (bundan 99 yil oldin) – O‘zbekiston hukumati qarori bilan o‘zbek adabiyoti sohasida qilgan xizmatlari uchun Hamza Hakimzoda Niyoziyga “O‘zbekiston xalq yozuvchisi”, Muhammadsharif So‘fizodaga “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni berildi.
1959 yil (bundan 66 yil oldin) – rang-tasvir ustasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov tavallud topdi. Uning ijodida ezgulik va yovuzlik, yorug‘lik va zulmat to‘qnashuvi va bunda ezgulik va yorug‘likning tantanasi, ma’naviy qadriyatlar tarannum etiladi, mustaqillik olib kelgan o‘zgarishlar, muhabbat, oilaviy baxt-saodat, insof va diyonat o‘z aksini topdi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston xalqi, ayniqsa, yoshlarning dunyoqarashini yanada boyitish, ularning umumbashariy qadriyatlar, insoniyatning ma’naviy merosi durdonalaridan bahramand bo‘lishlari, har tomonlama kamol topishlari uchun sharoit yaratish, keng jamoatchilikni ilg‘or jahon adabiyoti va san’atining nodir namunalari bilan muntazam tanishtirib borish va adiblarimizning xalqaro aloqalarini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Jahon adabiyoti” jurnali tashkil etildi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston iqtisodiyotining agrar sektoriga lizing bo‘yicha yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ustav fondi 5,0 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan “O‘zKeysagrolizing” lizing kompaniyasi tashkil etildi.
2003 yil (bundan 22 yil oldin) – Vazirlar Mahkamasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qo‘shma qirolligi, Fransiya Respublikasi, Belgiya Qirolligi fuqarolari uchun viza tartibotlarini soddalashtirish to‘g‘risida qarorlari qabul qilindi.
2009 yil (bundan 16 yil oldin) – O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Nogironlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasi”ni imzoladi. Bu nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlari himoyasi va ularning mehnat qilish huquqlarini ta’minlash yo‘lida qilingan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Mazkur konvensiyaning maqsadi – irqi, jismoniy holati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha insonlarning teng huquqli bo‘lishini ta’minlash, erkinlik huquqidan birdek foydalanish hamda ular orasida o‘zaro hurmat hissini uyg‘otishdir.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va tashkilotlarining formali kiyim-boshlarini ishlab chiqish, standartlashtirish, tasdiqlash va tayyorlash mexanizmini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik ta’lim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida” Qonunlari qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA