Bosh qomusimizni o‘rganamiz
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlab ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalarda taniqli ijodkorlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirokida uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlab ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalarda taniqli ijodkorlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirokida uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.Yosh avlodni har tomonlama yetuk insonlar etib tarbiyalash Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir. Yoshlar ta’lim-tarbiyasi, xususan, ularning huquqiy bilimi va madaniyatini, intellektual salohiyatini yuksaltirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim muassasalarida Konstitutsiyamiz alohida fan sifatida o‘rganilayotir.
Birinchi Prezidentimizning 2001-yil 4 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
2-Farg‘ona ijtimoiy-iqtisodiyot kollejida “Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz kafolati” mavzuida tadbir o‘tkazildi. Unda bugungi tinch, osoyishta va farovon hayotimizning muhim huquqiy asosi – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyati, uning xalqimiz hayotidagi amaliy ifodasi haqida so‘z yuritildi.
Mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini kafolatlash yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasini ta’lim sohasida erishilayotgan ulkan yutuqlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Jumladan, mazkur zamonaviy kasb-hunar kollejida 800 dan ziyod o‘g‘il-qiz ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlar bo‘yicha puxta bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lmoqda.
– Kollej o‘quv dasturida birinchi bosqich o‘quvchilari uchun 40 soatlik “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish” mashg‘ulotlari belgilangan, – deydi kollej direktori A.Teshaboyev. – Bu darslarda Konstitutsiyamizda belgilangan normalar, ularning ahamiyati o‘quvchilarga atroflicha tushuntiriladi. Mashg‘ulotlar noodatiy, interfaol usullarda olib boriladi.
Tadbirda kollej o‘quvchilari Konstitutsiyaga oid bilimi va unda ifodalangan g‘oyalarni turli ko‘rgazmali vositalar, sahna ko‘rinishlari orqali namoyish etdi.