Bosh qomus – taraqqiyot asosi
Andijonda bosh qomusimizning 29 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro turnir o‘tkazildi.
Andijonda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligiga bag‘ishlab, erkaklar va ayollar o‘rtasida xalqaro ochiq turnir bo‘lib o‘tdi.

Andijon viloyati Turizm va sport boshqarmasi, viloyat stol tennisi federatsiyasi hamkorligida Andijon shahar 2-Bolalar va o‘smirlar sport maktabining stol tennisi bazasida o‘tkazilgan turnirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda respublikamizning barcha viloyatlari, shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘iston Respublikalaridan sportchilar ishtirok etdi.
Musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, ayollar o‘rtasida Andijon viloyati vakili Saida Olimjonova birinchi, farg‘onalik Sevinch Baxtiyorova ikkinchi hamda andijonlik Gulchiroy Turg‘unova uchinchi o‘rinni egalladi.

Erkaklar o‘rtasida Andijon viloyati vakillari Umidjon Zokirov birinchi, Jaloliddin Jo‘raboyev ikkinchi, qozog‘istonlik Daniyar Iskenderov esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi juftlik musobaqalarida ham andijonlik stol tennisi ustalari barcha raqiblaridan ustun keldi.
Turnirning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA