Bosh prokuraturada yuksak davlat mukofotlari topshirildi
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya asosida Bosh prokuraturada mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensiya orqali o‘tkazilgan tadbirda Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi, Bosh prokuratura, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlar, Harbiy va Transport prokuraturalari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik markazi, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Majburiy ijro byurosi xodimlari ishtirok etdi.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlar natijasida tom ma’noda emin-erkin yashash, halol mehnat qilish, inson uchun yaratilgan ne’matlardan xavotir va hadiksiz bahramand bo‘lish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.

Mazkur islohotlarga hamohang ravishda prokuratura organlari faoliyati ham takomillashib borayotganligi qayd etildi.
N.Yo‘ldoshev prokuratura xodimlaridan bugungi kun talablariga javob beradigan yuksak kasbiy mahorat, halollik va fidoyilikni namoyon etish, xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qilish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoni bilan prokuratura organlari xodimlarining bir guruhi Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. 9 nafar xodim “Sodiq xizmatlari uchun” va “Shuhrat” medallari bilan mukofotlandi.
Tadbirda mukofotlanganlarga mazkur medallar, shuningdek, Prezidentning tegishli farmoni bilan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni ham o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Bundan tashqari, jinoyatchilikka qarshi kurashish va qonuniylikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh xodimlar ham Bosh prokuror tomonidan rag‘batlantirildi.

Tadbir so‘nggida ushbu tizimda uzoq yillar xizmat qilgan faxriylar davlatimizning mustaqillikka erishish yo‘lidagi mashaqqatlari, o‘zlari bosib o‘tgan qiyinchiliklar hamda Mustaqillik tufayli hozirda yaratilgan shart-sharoitlar hamda bu oliy ne’matning qadriga yetish lozimligi haqida so‘zlab berdi.
N.Abduraimova, O‘zA