Bosh muharrir mahorati yoxud jurnal imiji
Xullas, boshqa birov yozganining ustidan koʻradigan soha vakili “muharrir” deyiladi.
“Tahrir” soʻzi ‒ asli, arabcha. U “yozmoq” maʼnosida keladi. Shuning uchun “muharrir” soʻzi eski oʻzbek tilida “muallif”, “yozuvchi” oʻrnida ham ishlatilgan. Biroq hozir bu soʻz differensiatsiyaga uchragan, xos, yaʼni tor maʼno kasb etgan. Bugun “muharrir” bizda ruscha “redaktor” kalimasi vazifasida qoʻllanadi. Ammo “redaksiya”ni “muharririyat” deyish ‒ mutlaqo xato: “tahririyat” deyish kerak.
Xullas, boshqa birov yozganining ustidan koʻradigan soha vakili “muharrir” deyiladi. Demak, bu ‒ alohida kasb. Xoʻsh, muharrirlik kasbi qachon paydo boʻlgan?
Qurʼoni karim milodiy 610 ‒ 632-yillar mobaynida farishta Jabroyil (a.) orqali Muhammad(s. a. v.)ga vahy qilindi. Farishta nima desa, paygʻambar (s. a. v.) uni aynan sahobalarga yetkazaverdilar. Rasululloh (s. a. v.) vafotlaridan soʻng sahobalar aytgan Qurʼon qoʻlyozmalari oʻrtasida muayyan farqlar yuzaga kela boshladi. Usmon xalifaligi davrida Qurʼonning asl, bexato nusxasi tartib berildi. Boshqa, yaʼni xato hisoblangan varaqlar yoʻqotildi. Muharrirlar mehnati hosilasi sifatida Qurʼonning yagona asl nusxasi yuzaga keldi.
Demak, bu tanlovda tahrir tabiati bor. Bunda, albatta, muharrir oʻzidan bir soʻz qoʻshmagan yoki bir soʻzni olib tashlamagan. Ammo notoʻgʻri matn orasidan toʻgʻri matnni tanlash ham tahrirning bir koʻrinishi hisoblanadi.
Endi bizni yana bir savol qiziqtiradi: Navoiy zamonida muharrirlik boʻlganmi? Bu ‒ oʻta qiziq va muhim masala. “Navoiy va tahrir” mavzusini kamida quyidagi uch yoʻnalishda oʻrganish mumkin: a) Navoiy asarlarida tahrir masalasiga munosabat. Bunda “Majolis un-nafois” tazkirasi juda katta material vazifasini oʻtaydi; b) Navoiyning oʻz sheʼrlarini oʻzi tahrir qilishi. Maʼlumki, shoir dastlab tuzgan “Badoeʼ ul-bidoya” va “Navodir un-nihoya” devonlariga kirgan asarlarini toʻrt devondan iborat “Xazoyin ul-maoniy”ga qayta taqsimlab chiqdi. Shunda bu sheʼrlarning ayrimlari tahrirga uchradi. Bu ‒ alohida oʻrganiladigan oʻta qiziq ilmiy masala; v) Navoiy va Jomiy oʻrtasida bir-birlariga asarlarini oʻqitib olish anʼanasi shakllangan edi. Navoiy “Xamsa”ni birinchi boʻlib Jomiyga koʻrsatgan. Bunda, tabiiyki, fikr-mulohaza, taklif, tahrirga aloqador fikrlar boʻlib oʻtgan.
Hozirgi zamon ilmi inson feʼl-atvorining shakllanishida ijtimoiy muhitning oʻrniga juda katta eʼtibor beradi. Chindan ham, har kasbu kor egalarining oʻziga xos, boshqa soha mutaxassislariga oʻxshamagan feʼl-atvori boʻladi. Hatto, faqat shu soha egalarigina tushunadigan xos soʻzlar, yaʼni jargonlar ham yaratiladi.
...“Tafakkur” jurnali tahririyatida ishlayman. Bir tashkilotga yozilgan xatga bosh muharririmiz Erkin Aʼzam akamizga imzo chektirdim.
‒ Toʻnini kotibadan olasiz-da, ‒ dedilar.
Ochigʻi, boshqa bir kasbu kor egasi bundan nimani tushunadi? Men hech qanday sharhu izohsiz angladimki, rahbarimiz ustiga “Tafakkur” jurnali nomi, rekvizitlari aks etgan, rasmiy hujjatlarni solib, boshqa muassasalarga joʻnatishga moʻljallangan muqovaga oʻxshash jildni koʻzda tutayotgan edilar. Bu ‒ Erkin akaga xos boʻlgan soʻzlashish yoʻli.
Darvoqe, “Tafakkur” jurnali tashkil etilganiga, mana, 26 yildan oshdi. Bu hazilakam davr emas. Shu yillar mobaynida jurnal tahririyatida katta bir jurnalistika va tahrir maktabi shakllandi. Bunda bosh muharrirning alohida oʻrni, yaʼni katta hissasi bor. Ochigʻi, kamina “jurnal bosh muharriri” deyilganda birinchi galda Erkin Aʼzamni koʻz oldimga keltiraman.
Gazetaga bosh muharrirlik qilish bilan jurnalga bosh muharrirlik qilish oʻrtasida farq ‒ juda katta. Buni bilgan biladi. Jurnal ‒ ogʻirkarvon nashr. Unda ruknlar qatʼiyligi saqlanadi, ular tez-tez oʻzgartirilavermaydi. Garchi jurnal hajman yirik nashr boʻlsa ham, undagi har bir materialning oʻrni va salmogʻi gazetadagi har bir materialning oʻrni va salmogʻidan koʻra kattaroq boʻladi.
Erkin aka ilgari, 1976 ‒ 1981-yillari atoqli adib Asqad Muxtor bosh muharrir boʻlgan “Guliston”da ishlaganlar. Jurnalga bosh muharrir boʻlish borasida Asqad akaning bevosita shogirdlari hisoblanadilar. Biroq ustozlari mustamlaka davri bosh muharriri edilar. “Tafakkur” esa ‒ mustaqillik davri farzandi. Shuning uchun bu nashrda bosh muharrir tashabbusi va rahbarligida oʻziga xos anʼanalar shakllandi. Ularning ayrimlarini sanab oʻtish mumkin.
2001-yil 1-sonidan “Bosh muharrir sahifasi” rukni tashkil etilib, uzoq yillar jurnal shu sahifa bilan ochildi. Erkin aka bu rukn orqali mustaqillik yillari publitsisti amalda qanday boʻlishi kerakligi namunasini koʻrsatdilar. Har sonda bir muhim ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, axloqiy-tarbiyaviy masala koʻtariladi. U shirali, xalqona, ishora-pichinglarga boy til bilan tahlil qilinadi. Oʻquvchi diqqati obdon shu mavzuga qaratiladi. Bor-yoʻgʻi jurnalning birgina sahifasiga siqqan ixcham materialga bir olam maʼno-mazmun joylanadi. Talabchanlik va kamtarlikni qarangki, bosh muharrir boʻla turib, ana shu yozganlarini qoʻl ostilaridagi xodimlarning ayrimlariga oʻqitib, ularning maslahatlarini olar edilar.
Oʻtgan asrning 70-yillari birinchi yarmida hozirgi Oʻzbekiston milliy universitetining Jurnalistika fakultetida taʼlim olgan kezlarimiz “yozuvchi publitsistikasi” degan dars bloki oʻqitilgan. Taʼsirchan badiiy qalamga ega adib yozgan publitsistik asar ajralib turadi, albatta. Hayotga bevosita munosabati sifatida tugʻilgan fikr-gʻoyalarini yozuvchi hikoya, qissa, roman yozishni kutib, qahramonlari hayoti orqali yoki ular tilidan ayttirib oʻtirmay, oʻquvchiga, avvalo, tezroq, qolaversa, toʻgʻridan-toʻgʻri bildirgisi kelib qolgandagina publitsistikaga suyanadi. Axir, bundan qulayroq vosita bormi? Oxiri yozuvchi sara publitsistik asarlarini yigʻib, “Ertalabki xayollar” degan katta bir toʻplam chiqardi (2015). Undan “Bosh muharrir sahifasi”da bosilgan ana shu jajji maqolalar ham oʻrin oldi (Bu kitob haqida “Sharq yulduzi” jurnalining 2017-yilgi 9-sonida tadqiqotchi Shohruxbek Olim qalamiga mansub “Ertalabki xayollar” xayoli” sarlavhali badia bosilgan. ‒ B. 146 ‒ 151). Kitob annotatsiyasida haqli ravishda: “Yozuvchi xalqi koʻnglidagini oshigʻich izhor etish ehtiyoji tugʻilganda tezqadam publitsistikaga murojaat qiladi”, ‒ deb bitilgan.
“Javondagi javohir” degan tamoman oʻziga xos rukn tashkil etildi. Unda “Faloncha mutolaa qiladi” sarlavhasi ostida material berib boriladi. Muallif soʻnggi paytlar oʻqigan kitoblari haqida mulohaza yuritadi.
Yana bir anʼanani aytib oʻtay. Ayrim buyuk zotlar tavvalludi toʻylari boʻladi. Sodda bir bosh muharrir boʻlganida, albatta, bu songa shu haqda bir jiddiy material berilishi kerak, deb hisoblaydi. “Tafakkur”ga esa bu ‒ oson: muqovaning ichki sahifasida oʻsha zotning suvrati bosilib, tagiga falon yoshga toʻlgani yoxud tavalludining falon yilligi qayd etiladi, xolos. Gohida bir fiqra (abzas) fikrimi, ikki yo toʻrt satr sheʼrimi bitib ham qoʻyiladi. Hatto, baʼzan davlat rahbarining katta maʼruzasi matni oʻrniga undan muhim-muhim fikrlar tanlab olinib, shu bilan cheklaniladi.
“Tafakkur” ‒ ijtimoiy-falsafiy, maʼnaviy-maʼrifiy jurnal. Lekin adabiyot ahli material koʻtarib kelaveradi. Yoʻq, bosh muharrir yozuvchi boʻlgani bilan, undan aslo koʻngilchanlik kutmang. Adabiy ruhdagi materialning ham, avvalo, ijtimoiy-falsafiy, maʼnaviy-maʼrifiy, axloqiy-tarbiyaviy tomoniga qaraladi. Eʼtibor qilgan boʻlsangiz, bosilayotgan sheʼr yo hikoyalarga ham bosh talab ‒ shu. Bu talabga bosh muharrirning oʻzi ham qatʼiy boʻysunadi. Aks holda, nashr sonlari uning hikoyalari yoki qissa va romanlaridan parchalar bilan toʻlib-toshib ketgan boʻlar edi.
Ahli qalam orasida “Tafakkur”bop” degan istiloh yuzaga keldi. Buni kamina hech ikkilanmasdan: “Erkin Aʼzambop” deb aytsa ham, boʻlaveradi, deb hisoblayman. Chunki bu talablarning boshida tahririyat rahbari turadi. Hamma shunga amal qilishga koʻnikkan. Shunday qilmasa, jurnalning imijini saqlab boʻlmaydi-da.
Tahririyatda kim ishlamasin, shu talablarga tushishi ‒ shart. Bu yerda mehnat qilgan qalamkash, tabiyki, pishadi. Hatto, Oʻzbekiston Qahramoni, professor Ozod Sharafiddinovday sohibi qalam ham bir muddat bu yerda bosh muharrir oʻrinbosari boʻlganlar. Keyin matbuotda: “Meni “Tafakkur” jurnali publitsistga aylantirdi”, ‒ deb tan olgan edilar.
Jurnal tahririyati atrofida koʻp-koʻp mualliflar toʻplandi. Ayrim qalamkashlar doimiy mualliflarga aylandi. Ochigʻini aytganda, qaysidir maʼnoda ular bosh muharrir talablarini hisobga olgan holda yozadigan ham boʻldi: N. Karimov, Gʻ. Salomov, U. Normatov, N. Komilov, I. Gʻafur, I. Haqqul, A. Erkayev, V. Alimasov, A. Ibrohimov, U. Uvatov, H. Qudratullayev, M. Muhiddinov, X. Doʻstmuhammad, Sh. Rizayev, M. Kenjabek, Z. Isomiddinov, H. Boltaboyev, A. Juzjoniy, M. Qirgʻizboyev, B. Qosimov, H. Homidiy, J. Eshonqul, Sh. Yusupov, F. Musayev, A. Zohidiy, J. Xolmoʻminov, Q. Yoʻldoshev, F. Hamroyev, A. Ulugʻov, M. Olimov, N. Afoqova, kaminaning oʻzi, yana qancha taniqli shoir, nosir, tarjimonlar...
S. Sayyid, M. Yusuf, M. Qarshiboy, Ch. Latipov, A. Aʼzam, B. Zokir, N. Jabborov, Q. Ochil, F. Nizom, M. Rahimov, N. Boqiy, D. Jumaqul, I. Choriyev, S. Olloyor, X. Norboyev, H. Nasrullayeva, N. Gʻafforov, S. Umarov, M. Nurinboyev, Shohsanam va yana koʻplab mutaxassislar ishlagan, qaysidir maʼnoda bu yerda alohida tahrir maktabini oʻtagan.
Muharrirlik ‒ hammaga ham nasib etavermaydigan noyob kasblardan. Koʻplar tahrirni, muallifning matnini boʻyashgina, deb tushunadi. Shaklan olganda, shunday koʻrinadi ham. Biroq bir nozik masala bor-da: muallifning darajasi bilan muharrirning saviyasi barobarmi? Muharrirning saviyasi qancha yuqori boʻlmasin, muallif muayyan sohaning mutaxassisi-ku. Uning yozganiga kiroyi hurmat bilan yondashmoq darkor. Erkin Aʼzamda bu borada yuksak madaniyat shakllangan. Bu avval muallifning maqsadini obdon tushunib olishdan boshlanadi.
1967-yildan buyon matbuotda yozganlarimni eʼlon qilib kelayotgan bir muallif sifatida yana bir sirni ham yashirib oʻtirmasdan, ochiq ayta qolay: ahli qalam taʼbi koʻp nozik qavm keladi. Yaʼni muharrir muallifni hurmat qilishi, uni hamisha oʻzidan koʻra aqlliroq bilishi ‒ shart. Chunki u, hech boʻlmasa, qalamga olayotgan mavzusi boʻyicha ustun-ku. Chunki u masalaning ichiga kirgan. Arzimagan bepisand munosabat ham uni shu nashrdan sovutishi hech gap emas. Agar bosh muharrir mualliflarga sal undoqroq-bundoqroq munosabatda boʻlsa, ishonavering, endi u bu tahririyatda qorasini koʻrsatmaydi.
...Bir gazeta tahririyatiga maqola yubordim. Bosilib chiqdi. Lekin kaminaning: “Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston Respublikalari va Turkmaniston...” ‒ deb boshlanadigan jumlasidan xato izlashibdi-da. Uni oʻylamay-netmay: ““Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston Respublikalari...” ‒ deb tuzatishibdi. Til nuqtayi nazaridan qaraganda, kimgadir bu chiroyli chiqqandek tuyulishi mumkin. Biroq “Turkmaniston Respublikasi” degan tushuncha Yer yuzida hech qachon boʻlmagan va hozir ham yoʻq. Chunki shoʻro davrida bu maʼmuriy-hududiy boʻlinmaning oti rasman “Turkmaniston Sovet Sotsialistik Respublikasi” edi, hozir esa u oddiygina “Turkmaniston” deb ataladi. Yaʼni Turkmaniston respublika emas. Ukraina ham ‒ shunday. Ana endi Tashqi ishlar vazirligida, Prezident devonida va boshqa rasmiy idoralarda ishlagan, diplomatik martabaga ega muallifning nohaq tarzda siyosiy savodsizlikda ayblanishi, yaʼni shunday yon qoʻshni davlatning respublika emasligini bilmasligini namoyon etgan bu xatoni qaysi mushtariyga tushuntirasan?
Shoʻro davrida, aniqrogʻi, 1980-yili Toshkentda Butunittifoq turkologiya ilmiy anjumani oʻtkazildi. Kaminaning shu haqda yozgan xabarida “Oʻzbek tilining kauzativ xususiyatlari” degan mavzu ham tilga olingan edi. Ne koʻz bilan koʻrayki, gazetada “Oʻzbek tilining kuzatuv xususiyatlari” boʻlib chiqib turibdi-da. “Dono” muharrir muallifga bepisand munosabatda boʻlgani uchun uni “kuzatuv” soʻzini adashib, “kauzativ” yozganga chiqargan-da, “xato”ni oʻzicha “tuzatgan-qoʻygan”. Holbuki, bu lotincha “kauzalis” (“causalis”) soʻzidan olingan va atama sifatida tilshunoslikda sabab bogʻlanishni angalatadi.
Yana bir maqolamda: “Ota bobom madrasada oʻqigan mullo edilar”, ‒ deb yozgan edim. Ne koʻz bilan koʻrayki, bu jumla gazetada: “Ota-bobom madrasada oʻqigan mullo edilar”, ‒ boʻlib chiqibdi. Chunki muharrir bitta narsani biladi: “ota-bobo” deganda chiziqcha ishlatiladi. Holbuki, “ota bobom” deganda “ota tarafdan bobom”, “ona bobom” deganda esa “ona tarafdan bobom” tushuniladi ham. Mening birgina bobom madrasa taʼlimini olganlar. Muharrirning savodsizligi va muallifga bepisandligi oqibatida gazetadagi matndan, ota-bobolari, yaʼni ajdodlarining hammasi madrasada oʻqigan ekan, degan mutlaqo xato maʼno kelib chiqadi. Nooʻrin qoʻyilgan birgina chiziqchaki, shunchalar ahamiyatga ega ekan, demak, muharrirlik ‒ nina bilan quduq qazishdek nozik bir ish.
Shunga amin boʻlingki, Erkin Aʼzam bekordan-bekorga yozganingizdan bir soʻzni oʻchirmaydi yoki bejiz unga bir kalimani qoʻshmaydi. Agar bir soʻzni olib tashlagan yoxud qoʻshgan boʻlsa, bilingki, birinchidan, buni u oʻquvchini oʻylab qilgan, ikkinchidan, bundan, shubhasiz, matn yutgan.
Har bir maqola ‒ yangi qurilayotgan bir imoratday gap. Avval uning loyihasi, yaʼni rejasini tuzib olish kerak. Bu uning maqsadidan kelib chiqib tuziladi. Keyin, xuddi uyning darvozasi, darvozaxonasi, yashash xonalari, oshxonasi, mehmonxonasi, ombori, garaji va hokazolari boʻlgani kabi, maqolaning ham kirishi, asosiy qismi, xulosasi boʻlishi lozim. Bu esa juda katta mantiq va algoritm, yaʼni qatʼiy ketma-ketlik asosidagi tartib-intizomni taqozo etadi. Afsuslar boʻlsinki, gazeta va jurnallarimiz tahririyatiga kelayotgan materiallarda bu borada ahvol ‒ juda chatoq. Tahririyatga tappa-tayyor material kelmaydi hisob. Hammasini qayta ishlash, yaʼni tahrir qilish, “suv”idan voz kechish, uni nashr obroʻyini tushirmaydigan darajaga olib chiqish kerak boʻladi. Hatto, koʻp mualliflar oʻz lavozimini maqola ostiga qanday yozish lozimligini ham tuzuk-quruq oʻrganib olmaydi. Aytaylik, lavozim yozishda kamida mana bunday qoidalar bor: 1) avval ism, keyin familiya yoziladi; 2) ism katta harf bilan boshlanib, kichik harflar bilan, familiya esa boshdan-oxir katta harflar bilan bitiladi; 3) ism va familiya odatda maqolaning ostida asosiy matndan keyin bir qator tashlab, sahifaning oʻng taraf chekkasida boʻladi; 4) ism va familiyadan keyin vergul qoʻyiladi; 5) odatda avval ilmiy daraja, keyin lavozim qayd etiladi. Bu ham ‒ hali holva. Koʻplari ‒ oʻzi ishlab turgan tashkilot nomini rasman qanday yozilishidan bexabar. Oliy taʼlim muassasasi nomida faqat birinchi soʻzgina katta harf bilan yoziladi (masalan, “Samarqand davlat universiteti”) va hokazo.
“Tafakkur”ga kelgan maqolada shu nuqtani kuzatishning oʻzigina muallifning saviyasi haqida bir pasda tasavvur tugʻdiradi-qoʻyadi. Ammo bir-ikki marta bu jurnalda maqola chiqarib, chigʻiriqdan oʻtganlar, xalqona aytganda, tezda “mulla” boʻlib qoladi, albatta. Demak, tahririyat maʼrifiy vazifa ham bajaryapti.
Har qanday tahririyat ‒ mualliflari bilan kuchli. Yaxshi nashrlar atrofida hamisha kuchli-kuchli qalamkashlar uyushadi. Ochigʻini aytganda, har qanday jurnal yoki gazetani aynan ana shu mualliflar el aro mashhur qiladi. Masalaning ikkinchi tomoni ham bor ‒ muallifni ham nashr tanitadi.
“Tafakkur” shoʻro davridan beri hali ham ayrim tahririyatlarda amalda boʻlgan bemaʼni tamoyillarning koʻpidan osongina voz kechib qoʻya qoldi. Bu shundan iboratki, bir nashrda qaysidir narsangiz bosilgan boʻlsa ‒ tamom, endi kamida yarim yilcha unga narsa joʻnatishga iymanib yurasiz. Bosh muharrir: “Hadeb chiqaverasizmi?” ‒ demasin, deysiz. Holbuki bozor iqtisodiyoti zamonida jahon jurnalistikasida tahririyat yaxshi muallifning, iloji boricha, har sonda biror narsasini bosish payidan boʻlaverish tajribasi shakllangan. Erkin Aʼzamning qatʼiy pozitsiyasi shunday: “Zoʻr narsa yozsangiz, marhamat, har sonda chiqing!” Bu ‒ toʻgʻri yoʻl.
Buyuk Navoiyning mashhur bir qitʼasi bor. Uning xulosasida:
Soʻzchi holin boqma, boq soʻz holini,
Koʻrma kim der ani, koʻrgilkim, ne der! ‒ deya oʻgit beriladi. Rost-da, oʻquvchini birinchi galda kim yozgani emas, balki asarda nima deyilayotgani va uning qanday bitilgani qiziqtiradi.
Har kim ham oʻzini realist hisoblayverishi mumkin. Ammo har kimning real hayotga munosabati har xilligi uchun baʼzan bir realist bilan ikkinchisi oʻrtasida Yer bilan osmoncha farq boʻladi. Bu nisbiyliklarga qaramasdan, dadil ayta olamanki, Erkin Aʼzam ‒ chin maʼnoda realist. Jindakkina yolgʻonni ham yoqtirmaydi. Yolgʻon aralashdimi, nosamimiylik yuzaga keladi-da. Hatto, oʻzi haqidagi maqtov ham boridan ozgina oshirilsa, buni nosamimiy munosabat, aniqrogʻi, xushomad hisoblab, ensasi qota boshlaydi. Bosh muharrir feʼl-atvoridagi bu xususiyat bevosita tahririyat ish faoliyatiga ham yuqqan. Shior esa ‒ tayin: matbuot yolgʻondan ehtiyot boʻlishi kerak.
Mustaqillik yillarida davlatimiz va xalqimiz tarixan juda katta va sharafli yoʻlni bosib oʻtdi. Bunga hech qanday shak-shubha boʻlmasligi kerak. Axir, milliy davlatiga ega xalqqa aylandik. Biz dunyoga chiqdik, dunyo bizga bogʻlandi. Ammo ayrim yengil ruhdagi ommaviy axborot vositalarida baʼzi fuqarolarimizning ogʻiz koʻpirtirib maqtashini koʻrsangiz. Lofchilar ham dogʻda qoldi-yov. “Allohning nazari faqat bizga tushgan!” ‒ dedik. Holbuki, bu ‒ diniy jihatdan oʻta qoʻpol xato. Chunki Alloh taolo ‒ hamma joyda hoziru nozir mutlaq buyuk zot. U haqda aslo: “Nazari bir mamlakatga tushib, boshqasiga tushmagan”, ‒ qabilida gapirib boʻlmaydi.
...1998-yili dunyoning Yer yuzidagi yetti eng taraqqiy etgan davlatidan biri, ayrim masalalar boʻyicha ikkinchi, baʼzi jihatlardan uchinchi mamlakati boʻlgan Germaniyaga borib, u yerdagi taraqqiyotni koʻrganimdan keyin: “Bizga-ku Allohning nazari tushgan boʻlsa, bu oʻlkaga uning nazaridan bir necha karra ustun boʻlgan nimasi tushdi ekanki, bu qadar gullab-yashnab ketgan?” ‒ deb oʻylab qolganman. “Oʻzbekistonday mamlakat qayerda bor?!” ‒ dedik. Buni, qaysidir maʼnoda, tushunsa boʻladi. Biroq: “Bizdagidek taraqqiyot qayerda bor?!” ‒ ham deb yuboraverdik-da.
Holbuki... Kuchli yigirmatalikka kiradigan, taraqqiyotda ikkinchi guruh hisoblangan yana 12 mamlakat bor. Ular orasidagi Rossiya va Turkiyada boʻlganman. Iqtisodiy jihatdan ulardan keyin turadigan Eron va Qozogʻistonga ham borishga toʻgʻri kelgan. Biz iqtisodiy jihatdan bulardan ham a-a-ancha orqadamiz.
Psixologiyada faqat oʻzinigina koʻradigan shaxslar ruhiyati nomeʼyoriy (anormal) hodisa sifatida oʻrganiladi. Kishi oʻziga, yutuqlari va kamchiliklariga boshqalarga qiyos qilgan holda baho berishi kerak. “Tafakkur”da ham istiqlol davri yutuqlari qalamga olindi, albatta. Biroq mamlakat hayotiga boshqalardan yulib olib qaralmadi. Jurnal bizni jahon bilan bogʻlab turdi. Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy hayotga imkon qadar jahon miqyosidagi jarayonlardan kelib chiqib baho berishga harakat qilindi. Shu maʼnoda bu jurnalga istiqlol yillaridagi Oʻzbekiston hayoti, ijtimoiy fikri oynasi sifatida qarash mumkin.
Muammolarni tahlil qilishda ham shaxsiy ambitsiyalardan qochildi, ilmiy-tahliliy yoʻldan yurildi. Hatto, jurnal faoliyati asosida mustaqillik yillari ijtimoiy muammolarining yoritilishi boʻyicha jurnalistika yoʻnalishida maxsus ilmiy tadqiqotlar yaratsa ham boʻladi.
Xullas, jurnalda maqtov beriladimi, tanqidmi ‒ meʼyor va muvozanatni saqlash bosh mezonga aylandi. Har bir son tayyorlanayotganda muayyan simmetriyaga amal qilinadi. Yaʼni ruknlar, mavzular, janrlar posangisi (simmetriyasi) saqlanadi.
Talab esa ‒ aniq: har bir materialda ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy salmoq, pichoqqa ilinadigan gap, masalaga ogʻir-bosiqlik bilan tahliliy yondashuv, hayotga pragmatik munosabatda boʻlish, yaʼni amaliyotda insonga nima koʻproq foyda keltirsa, oʻshanga koʻproq eʼtibor berish lozim. Sensatsiya, yaʼni shov-shuvga oʻchlik jurnalga tegishli xususiyat emas. Bu, hatto, nashr imijini tushirib yuborishi ham mumkin.
Inson axborotning katta qismini koʻz orqali qabul qiladi. Shuning uchun: “Onangni otangga bepardoz koʻrsatma”, ‒ degan maqol har qanday rangli jurnal uchun bosh shior boʻlishi kerak. “Tafakkur”da bu jihatdan ham katta maktab yaratildi. Bu yerda uzoq yillardan buyon Olga Joldasova degan iqtidorli dizayner opa ijod qiladi. Ammo har bir sonning bezagi masalasida har gal butun tahririyat bahamjihat bosh qotiradi.
Oʻrni kelgani uchun yana bir sirni oshkor qilib qoʻya qolay: tahririyat ijodiy guruhi uncha katta emas. U, rahbarimizdan tashqari, bosh muharrir oʻrinbosari Sobirjon Yoqubov, boʻlim mudirlari Nodira Ofoq, Olga Joldasova va kamina, muxbir-muharrir Nasrullo Ergash, texnik muharrir Nargiza Usmonovalardangina iborat. Shuning uchun ham “Tafakkur”ning asosiy kuchi, avvalo, uning atrofida birikkan mualliflar guruhi salohiyati bilan oʻlchanadi.
Atoqli adib, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam akamizni muborak yetmish yoshlari bilan qutlab, umrlariga umr qoʻshilishini, jurnal jamoasiga hamisha omadlar yor boʻlishini tilayman.