Borliqni boricha aks ettirgan ijodkor
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida Gyote instituti, Germaniyaning Xalqaro madaniy aloqalar instituti (IFA) bilan hamkorlikda nemis fotografi Helga Paris ijodiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etild
Ko‘rgazmadagi suratlarni ko‘zdan kechirib shunga ishonch hosil qilish mumkinki, borliqni boricha, ko‘rganicha, ortiqcha bezaklarsiz, hashamlardan holi, uyushtirilgan kadrlarsiz, real holatda aks ettirish Helga Paris ijodida muhim o‘rin egallaydi.
U 1938-yilda ishchilar oilasida tavallud topgan edi. Helga xonim umrining asosiy qismini o‘sha davrdagi Germaniya Demokratik Respublikasida o‘tkazgan. Shu sababli oddiy odamlar, ishchi-xizmatchilar uning fotolarida asosiy qahramonlar sanaladi. U Germaniya bilan cheklanmasdan Italiya, AQSHda bo‘lib, oddiy odamlar hayotini suratga oladi. Tasvirlaridagi oddiylik, real voqelik yuqori qadrlangani bois Helga Paris bir qator mukofotlarga munosib topilgan.
[gallery-16959]
–Samimiyat, to‘g‘rilik Helga Paris ijodida yaqqol ko‘zga tashlanadi, – dedi O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasining bosh mutaxassisi, san’atshunos olima Sayyora Nazarova. – Taqdir taqozosi bilan ikkiga bo‘linib qolgan Germaniyaning Helga yashagan qismida hayot unchalik farovon, yaxshi bo‘lmagan. Suratlarning oq-qora rangda ekani ehtimolki, oddiy odamlarning og‘riqlari, qo‘rquv va g‘amginliklariga ishoradir. Helga Parisda dunyoni anglashga bo‘lgan ishtiyoq kuchli edi. Bu uning fotosuratlarida yaqqol sezilib turadi.
Mazkur ko‘rgazmada muallifning “Yodnomalar”, “Berlin yoshlari”, “Uylar va qiyofalar”, “Avtoportretlar”, “Berlin” va boshqa mavzudagi turkum fotosuratlari san’at muxlislari e’tiboriga havola etilgan. Helga Paris xotirasiga bag‘ishlangan ushbu ko‘rgazma bir oy davom etadi.
Nazokat Usmonova,
Rustam Nazarmatov (suratlar),
O‘zA