Bor mehrimiz senga, bolajon!
Namangan viloyatida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi bor bolalar salomatligini mustahkamlash maqsadida “Bor mehrimiz senga, bolajon!” loyihasi doirasidagi donorlik aksiyasi Pop tumanidan boshlandi.
Dastavval, Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda bo‘lib o‘tgan mehr-muruvvat tadbirida oddiy askarlardan tortib, zobitlargacha faol ishtirok etdi. Vatan himoyachisi bo‘lgan harbiylarni qo‘llab-quvvatlash va ularga minnatdorlik bildirish maqsadida harbiy qismga partiyaning viloyat kengashi raisi Isroiljon Jo‘rayev, partiya apparat xodimlari hamda hududdan saylangan viloyat kengashi deputati Ulug‘oy Odilova, tuman kengashi deputati Azimjon Kenjayev tashrif buyurdi va harbiylarga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alarini taqdim etdi.


Davlatobod tumanida joylashgan viloyat qon quyish markazida davom ettirilgan xayriya aksiyasida birinchi bo‘lib Namangan davlat universiteti professori, viloyat Kengashi deputati Narimon Dehqonov qon topshirdi.


Shundan so‘ng partiya faollari, mahalliy Kengash deputatlari, viloyat sudi, viloyat ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar boshqarmalari va milliy gvardiya xodimlari hamda ko‘plab sohaning xayrixohlari savobli ishga hissa qo‘shdilar.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA