“Bor mehrimiz senga bolajon”
Buxoroda “Adolat” SDP viloyat Kengashi tomonidan mazkur shior ostida donorlik aksiyasi o‘tkazildi.
– Partiya tashabbusi bilan har yili an’anaviy o‘tkaziladigan aksiya tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, bemor bolalar hayotini saqlab qolish, shuningdek, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan, – deydi partiyaning viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Sanjar Maydonov.
[gallery-17688]
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, donorlik yurak va qon tomirlarini mustahkamlaydi. Yiliga kamida bir marta qon topshirish yurak xuruji xavfini 88 foizga kamaytiradi. Gap shundaki, agar qon juda quyuq bo‘lsa, qon tomirlarining tiqilib qolish ehtimoli ortadi. Bu yuqori gemoglobin va ortiqcha temir moddasi tufayli sodir bo‘ladi. Qon topshirilganda suyuqlik qismini — plazmani ham, hujayralarni ham yo‘qotamiz. Ammo plazma qizil qon hujayralariga qaraganda tezroq yangilanadi, shuning uchun qon suyuqlashadi va yurak xuruji kamroq bo‘ladi.
Tibbiyot nuqtai nazaridan qon berishning organizmga foydali jihatlari, qon topshirish, qon aylanishini yaxshilashi tibbiyot xodimlari tomonidan isbotlangan. Bugungi xayriya aksiyada 18 yoshdan 60 yoshgacha sog‘lom fuqarolar qatnashdi. Har yilda an’anaviy ikki marotaba o‘tkaziladigan qon topshirish aksiyasida farzandlarimizning salomatligiga befarq bo‘lmay, ularning hayotini saqlab qolishda fuqarolarimiz faol ishtirok etmoqda. Quvonarlisi, yildan-yilga ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlovchilar safi kengaymoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari