Bolalarni ippoterapiya yordamida davolashga eʼtibor qanday?
Mamlakatimizda Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan ot sportini rivojlantirish, nufuzli musobaqalarni xalqaro talablarga muvofiq tashkil etish, ot sportini milliy va zamonaviy turlari bilan uygʻun ommalashtirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Buning natijasida mahoratli chavandozlarimiz safi kengayayotgani ham sir emas.
Mamlakatimizda Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan ot sportini rivojlantirish, nufuzli musobaqalarni xalqaro talablarga muvofiq tashkil etish, ot sportini milliy va zamonaviy turlari bilan uygʻun ommalashtirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Buning natijasida mahoratli chavandozlarimiz safi kengayayotgani ham sir emas.
Ayniqsa, joylarda ot sporti bilan yosh bolalar va kattalar birdek shugʻullanishiga keng imkoniyalar yaratilmoqda. Sababi ot insonning ruhiy holatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, uni minganda qomat koʻrkamlashib, organizmdagi ortiqcha yogʻlar parchalanadi. Vaqt oʻtib insonning yurish-turishi, xatti-harakatlarida ham bu yaqqol sezila boshlaydi. Mazkur sport turi tobora ommalashib borayotganining boisi ham shunda.
Respublika olimpiya zaxiralari kolleji qoshidagi ot sporti maktabi bir necha yillardan buyon faoliyat yuritadi. Sport maktabi asoschisi Akmal Sharipov bu yerga kelgan yoshlarga ot sporti bilan shugʻullashi uchun qoʻldan kelgancha yordam beradi. Qiziquvchilar oʻziga yoqqan otni minib koʻrishi, kichik yoshdagi bolalar esa mutaxassis bilan birga mashq qilishi mumkin.
2013-yildan boshlab oʻz faoliyatini boshlagan mazkur majmuada ikkita yozgi va qishki otxona, katta va kichik maxsus shugʻullanuvchi maydonlar bunyod etilgan. Ayni paytda Angliya, Germaniya, Gollandiya va Rossiya davlatlaridan keltirilgan 25 ta zotli ot boqilmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 18-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi yilqichilik va ot sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, ot sporti boʻyicha milliy va xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishni taʼminlash maqsadida bir qator vazifalar belgilandi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash, Xalq taʼlimi, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari hamda Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi hamkorligida ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni ippoterapiya yordamida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Shuni inobatga olgan holda ot sporti maktabi rahbari Akmal Sharipovning tashabbusi bilan bu maktabda imkoniyati cheklangan bolalarga bepul ot sporti bilan shugʻullanishi uchun sharoit yaratildi. Bu yerdagi mutaxassislar koʻmagida imkoniyati cheklangan bolalar, miya falajidan jabr koʻrayotgan yoshlar ham mashgʻulotlarda qatnashmoqda. Muhimi, ushbu tashabbusdan ota-onalar xursand. Saʼy-haratkatlar tufayli oʻtgan vaqt davomida egarga mingan bolakaylarda ijobiy tomonga oʻzgarish kuzatilib, ot ustida erkin harakatlana boshlamoqda.
Bugungi kunda butun dunyoda hayvonlar yordamida noanʼaviy usulda dorilarsiz davolash usuli rivojlanmoqda. Biologlarning tekshiruvlari natijasiga koʻra, bu jonzotlarga ot, it, mushuk, asalari, ilon va delfinni kiritish mumkin ekan. Aslida otda sayr qilish insonlar salomatligi uchun foydalidir. Bu xaqda oʻz vaqtida Platon (eramizdan avvalgi 427-347 yy.) va Pliniyey (eramizdan avvalgi 23-79 yy.) yozib qoldirgan. Mutaxassislaring taʼkidlashicha, otda yurish turli kasalliklarning oldini olar ekan. Kasalliklarni ot sayri orqali davolash “raydingterapiya” (inglizcha ride – otda sayr), yoki “ippoterapiya” (yunoncha hippos – ot) deyiladi.
– Tibbiyotda ippoterapiya usulidan harakat-tayanch apparatida muammosi boʻlgan va aqliy-ruhiy buzilishlari mavjud boʻlgan insonlarni davolash uchun qoʻllaniladi, – deydi ot sporti maktabi mutaxassisi Alisher Rustamov. – Bu orqali organizmning umumiy holati yaxshilanib, qon-tomirlar va muskullar gipertonusi boʻshashtiriladi. Insondagi nafas, yurak va harakat tizimi aʼzolarining faoliyati, harakat reflekslari yanada yaxshilanadi. Shuningdek, ippoterapiyaga qarshi koʻrsatmalar ham mavjud boʻlib, gemofiliya kasalligi, suyaklarning tugʻma sinuvchanligi, buyrak patologiyalari va ayollarda homiladorlik davrida tavsiya etilmaydi.
Ayni paytda mazkur ot sporti maktabiga farzandlarini olib keluvchi ota-onalar bu yerda yaratilgan sharoitlardan mamnun.

– Oʻgʻlim Faxriddin atrofdagilarga qoʻshilmay, muloqot qilishdan choʻchir edi, – deydi uy bekasi Madina Qodirova. – Mana yarim yildirki, ot sporti toʻgaragiga qatnasha boshlaganidan buyon uning feʼl-atvorida ancha ijobiy oʻzgarishlar boʻldi. U endi kechalari tiniqib uxlab, oʻrtoqlari bilan bemalol oʻynayapti. Maktabda ham darslarga faol qatnashib, oʻzlashtirishi oshmoqda. Eng muhimi, hayvonlarga mehri ortib, ulardan qoʻrqmaydigan boʻldi. Oʻgʻlimning otga bemalol minishini, choptirishini koʻrib xursand boʻlyapman.
– Bir yildan buyon ippoterapiya usulidan foydalanayapmiz. Bugunga kelib, farzandim Umarxoʻja bemalol boʻynini oʻzi tutadigan boʻldi, – deydi uy bekasi Aziza Muxtorova. – Salomatligi ancha tiklanib, harakatlari dadillashdi. U otlarning kishnashini juda yaxshi koʻradi. Tashkilotchilar tomonidan biz kabi oilalarga shunday imkoniyat yaratilganidan mamunmiz.
Ot sporti maktabida ippoterapiya boʻyicha mashgʻulotlar butun hafta davomida olib boriladi. Sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda oʻz hissasini qoʻshayotgan ot sporti boʻyicha milliy va xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan chavandozlar ham imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlashda faol ishtirok etmoqda. Aynan ularning yordami bilan olib borilayotgan mashgʻulotlarda bu sportga qiziqayotgan, otlarga mehr qoʻyayotgan bolalar safi ortmoqda.