Bolalarga maʼrifat ulashib...
1-iyun dunyo boʻyicha Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida keng nishonlanadi.
1-iyun dunyo boʻyicha Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida keng nishonlanadi. Rasman 1950-yil Xalqaro demokratik kongress harakati va talabi natijasida aynan shu sanada bolalar huquqi va himoyasi uchun alohida qonun ishlab chiqilgan. 1989-yil Nyu-York shahridagi BMT bosh Assambleyasining 1989-yil 20-noyabrdagi qarori bilan bolalar toʻgʻrisidagi 54 moddani oʻz ichiga olgan Konvensiya qabul qilingan. U bolalar huquqlarining qonuniy kafolati boʻlib, butun dunyo mamlakatlari uchun bolalar huquqlarini har tomonlama himoya qilish taʼminlangan. Yurtimiz ham mazkur konvensiyaga 1992-yilda qoʻshilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-aprelda “Bola huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi va bunda bolalarga har tomonlama gʻamxoʻrlik qilish, ularning huquqiy manfaatlarini himoyalash kafolatlangan.
Oʻzbek xalqi qadim-qadimdan bolajon millat sifatida eʼtirof etiladi. Ikkinchi jahon urishida yetim qolgan qanchadan qancha bolalarga gʻamxoʻrlik qilinishi, ularning koʻpchiligini oilalar oʻz tashabbuslari bilan asrab olinishi buning yorqin misolidir. Oila bor ekan, uning baxtu iqboli farzandlar kamoli bilan belgilanadi. Bola quvonchi, uning begʻubor kulgisi nafaqat ota-onasi, balki dunyo quvonchi sifatida eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat va notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati bilan hamkorlikda 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida “Baxtli bolalik sharafiga!” mavzusida aksiya tashkil etildi.
Aksiya doirasida mehr-saxovat karvoni tashkil qilindi. Bolalarga rang-barang oʻyinchoqlar, sport anjomlari, badiiy kitoblar, oʻquv qurollari va turli kiyim-kechaklar topshirildi.
Aksiya doirasida har xil viktorinalar oʻtkazildi. Jamoat fondi masʼul xodimi F.Rashidov, jamiyat raisi B.Husanovning bolalarga bildirilgan tilaklari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar S.Rametova, B.Qodirova, shoir Zikrillo Neʼmat, falsafa fanlari doktori, psixolog J.Shermuhamedovalarning chiqishlari bolalarga koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi.
Shuningdek, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolarining turli ertak qahramonlari qiyofasida namoyon boʻlishi bolalar quvonchini yana-da oshirdi.
Jamoat fondi va targʻibotchilar jamiyati tashabbusi bilan qilingan ushbu xayrli amal jajji qalb egalari shodligiga shodlik ulashdi. Bolajonlar yuzida porlagan tabassumda ulkan orzular, kelajakka umid va ishonch aks etganini koʻrish mumkin.