Bolalar va onalar salomatligi eng muhim omil
Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi o‘rni va rolini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan 100 ta maqsadning deyarli barchasida xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi, ularni qo‘llab-quvvatlash, orzu umidlarini ro‘yobga chiqarish chora-tadbirlarini amalga oshirish vazifasi belgilangan.
Andijon viloyatida ham xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, muammolarini bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Viloyat aholisining 49,4 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ular viloyat ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa qator jabhalari rivojida faol ishtirok etmoqda.
Xususan, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasida faoliyat yuritayotganlarning 51,7, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida ishlayotganlarning 74,3, sanoat, savdo hamda xizmatlar sohasida 45,3, professional, ilmiy va texnik sohada ish olib borayotganlarning 10,6, axborot va aloqa yo‘nalishida 9,6, moliya va sug‘urta tizimida ishlayotganlarning 4,1, ma’muriy-boshqaruv tizimida faoliyat yuritayotganlarning 33,6 foizini opa-singillarimiz tashki etadi. Bundan tashqari, ayollarda yetakchilik qobiliyatini oshirish maqsadida tashkilot va muassasalarda kadrlar zaxirasi shakllantirilib, unga 7 ming 500 nafardan ziyod xotin-qiz kiritilgan.
[gallery-8175]
Kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlarning oliy ta’lim olish imkoniyati kengaydi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida ularni oliy o‘quv yurtlariga kirishlariga ko‘maklashish maqsadida joriy qilingan imtiyoz taqdim etilgan 185 nafar qiz-ayol talaba bo‘lish baxtiga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar va boquvchisini yo‘qotgan ayollarning oliy ta’lim olishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 606 nafar talabaga qariyb 3 milliard so‘mdan ziyod shartnoma mablag‘lari to‘lab berildi.
Ayol, oila baxti eng avvalo, bolalar va onalar salomatligida. Shu ma’noda viloyat Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 200 o‘rinli yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Unda bolalar kardioxirurgiya, plastik jarrohlik, neyroxirurgiya bo‘limlari yangidan tashkil etildi. Natijada, shu kungacha tug‘ma yurak nuqsoni bor 100 ga yaqin bolalarda murakkab yurak operatsiyalari, 425 nafarida plastik, 110 nafarida neyroxirurgiya yo‘nalishida jarrohlik amaliyotlari viloyatning o‘zida o‘tkazildi.
Ayollarda ko‘krak saratoni kasalligini erta aniqlash maqsadida mammograf apparati olib kelinib, reja asosida barcha tuman va shaharlarda 40-60 yoshdagi ayollar skrining ko‘rigidan o‘tkazilmoqda. Natijada ushbu kasallikni erta aniqlash imkoni yaratildi. Bu o‘z navbatida davolash ishlari samaradorligini oshirmoqda.
Shahrixon tumanida 2 ta, Xo‘jaobod tumanida 1 ta tug‘ruq komplekslari mukammal ta’mirlanib, onalar va bolalar salomatligini saqlash uchun yanada keng imkoniyatlar yaratildi. Baliqchi, Shahrixon, Paxtaobod va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida yangi perinatal markazlarini ochish borasidagi ishlar qizg‘in davom etmoqda. Viloyat perinatal markazida qad rostlagan 100 o‘rinli yangi bino mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA