Bolalar uchun loyihalar
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat, notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati bilan hamkorlikda bolalarni o‘qitish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu tariqa, Buxoro shahridagi 22-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida Maktabgacha ta’lim agentligi bilan hamkorlikda “Zukko bolajon” fotoalbom taqdimotiga bag‘ishlangan musiqiy-badiiy tadbir tashkil etildi. Tadbir fotoko‘rgazma va milliy qadriyatlarimiz namoyishi bilan boshlandi.
– Mamlakatimizda bolalarimizning manfaatlarini himoya qilish, ularni jahon standartlariga muvofiq o‘qitish, ma’naviy yuksaltirish, to‘laqonli jamiyat a’zosi bo‘lib yetishishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda, – deydi publitsist va olim Olim Toshboyev.
Ma’naviyat festivali doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalar bolalari uchun “Ma’rifiy tur”, “Baxtli bolalik” va boshqa loyihalar amalga oshirilganini ta’kidlash joiz. Ular 4 mingdan ortiq bolalarni qamrab oldi. Shuningdek, bu yil viloyatlarda bunday tadbirlarni davom ettirish rejalashtirilmoqda.
N. Usmonova, O‘zA.