Bolalar taqdiriga xizmat qilgan uch yil: mehr, himoya va yangi imkoniyatlar
So‘nggi uch yil davomida O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilgan o‘zgarishlar minglab bolalar va yoshlar hayotida yangi sahifa ochdi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan buyon bolalar huquqlarini ta’minlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va har bir bola uchun munosib kelajak yaratish davlat siyosatidagi ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Bugungi kunda agentlik tomonidan qariyb 8 ming nafar yetim hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy ahvoli muntazam kuzatib borilmoqda. Ularning ta’lim olishi, salomatligi, yashash sharoiti va kelajak rejalari doimiy e’tibor markazida.
Yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash maqsadida amalga oshirilayotgan “Yoshlarga hamrohlik” dasturi esa keng qamrovli loyihaga aylandi. Bugunga qadar 11 ming nafardan ziyod bola mazkur dastur bilan qamrab olinib, ular uchun ijtimoiy ko‘makning 13 turi joriy qilindi.
Eng muhim yangiliklardan biri — bolalarni muassasalarda tarbiyalash amaliyotidan voz kechilib, oilaviy muhitni kuchaytirishga qaratilgan yondashuv bo‘ldi. Natijada mamlakat bo‘ylab oilaviy bolalar uylari soni uch barobardan ortiq oshdi. Yuzlab bolalar mehr va g‘amxo‘rlik muhitiga qaytarildi, bolalar uylarining aksariyati esa o‘z faoliyatini tugatdi.
Shu bilan birga, Baxt shahri va Chinoz tumanidagi ixtisoslashtirilgan muassasalar faoliyati tugatilib, u yerda tarbiyalanayotgan 228 nafar bola oila bag‘riga qaytarildi. Bu esa bolaning tabiiy oilaviy muhitda ulg‘ayishi har qanday muassasadan muhim ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Xorijda turli sabablarga ko‘ra ota-ona qaramog‘isiz qolgan 239 nafar bolaning O‘zbekistonga qaytarilishi ham insonparvarlik siyosati samaralaridan biri bo‘ldi.
Yoshlarning mustaqil hayotga ishonch bilan qadam qo‘yishi uchun ham qator imkoniyatlar yaratildi. So‘nggi uch yilda qariyb ikki ming nafar yosh uy-joy bilan ta’minlandi, ikki mingdan ziyod yigit-qizlar esa oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli asosda qabul qilindi.
Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan onalar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakat bo‘ylab faoliyat yuritayotgan “Ona uylari” orqali yuzlab oilalarga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu maskanlar ko‘plab ayollar va farzandlar uchun qiyin vaziyatdan chiqish imkonini berdi.
Sohada huquqiy islohotlar ham izchil davom ettirildi. Bolalarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan yangi qonun qabul qilinib, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya tasdiqlandi. Shuningdek, professional tutingan oila va “Mehrli oila” xizmatlari yo‘lga qo‘yildi, yuzlab psixologlar maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazildi.
Uch yillik faoliyat natijalari raqamlar bilan emas, balki minglab bolalarning taqdiridagi ijobiy o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. Oila bag‘riga qaytgan bolalar, ta’lim olish imkoniga ega bo‘lgan yoshlar, yangi uyga ko‘chib o‘tgan bitiruvchilar — bularning barchasi ijtimoiy himoya tizimidagi islohotlarning amaliy natijasidir.
Muhayyo Toshqorayeva
O‘zA