Bolalar kulgusidan yayragan fasl
“Ta’til–2026”
Yoz — bolalikning eng shirin xotiralari bitiladigan, orzular qanot yozadigan, bilim va iste’dod yangi qirralarini namoyon etadigan fasl. Bu yil ham mamlakatimizda yosh avlodning mazmunli hordiq chiqarishi, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng qamrovli ishlar izchil davom etmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularning intellektual, ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun zarur sharoitlar yaratish vazifalari muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur maqsadlar ijrosi doirasida joylarda yozgi sog‘lomlashtirish va dam oldirish tadbirlari yuqori saviyada tashkil etilmoqda.

Jumladan, Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Ta’til–2026” yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi doirasida tashkil etilgan “Kamalak” kunduzgi bolalar oromgohining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bolalarning quvonchli kulgusi, shodon qiyqiriqlari va ko‘tarinki kayfiyatiga uyg‘un tarzda o‘tgan tadbir haqiqiy bayram tusini oldi. Madaniy-ko‘ngilochar dasturlar, qiziqarli o‘yinlar va sahna chiqishlari ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar bag‘ishladi. Har bir chiqish, har bir qo‘shiq, raqs yosh qalblarda ezgulik, do‘stlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.

Tadbir davomida oromgohda yaratilgan shart-sharoitlar hamda yozgi ta’til kunlarida amalga oshiriladigan mashg‘ulotlar bilan tanishtirildi. Bolalar uchun xavfsiz va mazmunli dam olish muhiti yaratilgani, ularning qiziqishlari va qobiliyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ota-onalarda ham katta mamnuniyat uyg‘otdi.

“Ta’til–2026” loyihasining asosiy maqsadi — o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish hamda sog‘lom turmush tarziga intilishini rag‘batlantirishdan iborat. Zero, yoshlikda olingan bilim va ko‘nikmalar kelajak poydevorini mustahkamlaydi.
Oromgoh faoliyati davomida turli tanlovlar, sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va qiziqarli mashg‘ulotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa har bir bolaning ta’til kunlarini nafaqat maroqli, balki foydali o‘tkazishiga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri