Bolajonlar yozni maroqli o‘tkazadi
Andijonda “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yoz davrida sog‘lomlashtirish, sog‘lom ovqatlanish va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish” mavzusida viloyat seminari bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda yosh avlodni sog‘lom, bilimli, ma’naviy barkamol kamol topishini ta’minlash, ayniqsa, yoz mavsumida bolajonlarning vaqtini mazmunli va maroqli o‘tkazishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar, qator loyihalar amalga oshirilmoqda.


Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan Shahrixon tumanidagi 21- Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkazilgan viloyat seminari ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
Boshqarma mutasaddilari, tuman, shahar bo‘limlari mutaxassislari, viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari qatnashgan seminar ishtirokchilari dastlab ta’lim tashkilotida mavzu doirasida olib borilayotgan ishlar, ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishdi.


Mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga bolalar ijodkorligini oshirish, yoz mavsumini maroqli o‘tkazishi uchun turli interfaol o‘yinlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda sport musobaqalari tashkil etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Ishtirokchilar ilg‘or ish uslublari, tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, mavzu doirasidagi bilim va malakalarini boyitdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari