Bolajonlar qalbi quvonchga to‘ldi
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi Zarkent qo‘rg‘onida konchilar farzandlari ishtirokida keng tantana qilindi. Ushbu sana va yozgi mavsum munosabati bilan faoliyat boshlagan zamonaviy akvapark bolajonlar quvonchiga to‘ldi.
Ta’kidlash kerak, Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi ishlab chiqarish quvvatini muntazam oshirib borish barobarida bo‘linmalar joylashgan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ham alohida ahamiyat berib keladi. Keyingi yillarda Janubiy kon boshqarmasi joylashgan konchilar qo‘rg‘onida amalga oshirilgan ishlar bunga yaqqol misol. Bundan bir necha yil avval kombinat hisobidan Zarkentda barpo etilgan akvapark ana shunday g‘amxo‘rlik namunasidir. Bugun hududga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlab turgan ushbu majmua aholi, ayniqsa bolajonlar uchun sevimli hordiq chiqarish maskaniga aylangan.


Mahalliy aholi – ota-onalar, jajji o‘g‘il-qizlar, hatto uzoq-yaqin hududlarda istiqomat qilayotganlar ham har yili Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini orziqib kutishadi. Zero, shu kuni bayramni munosib nishonlash, akvapark mavsumini ochish an’anaga aylangan. Bu yil ham ezgu tashabbus davom ettirilib, erta tongdan majmua bolajonlar shodon kulgusi, aholi shodligi va shukronaligiga to‘ldi. Turli attraksionlar quvonchli kunni maza qilib o‘tkazishi uchun o‘g‘il-qizlar ixtiyoriga berildi.
“Konchi” madaniyat uyi badiiy jamoalari, san’atkorlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi, jajjilar o‘rtasida o‘tkazilgan har xil o‘yinlar tadbirga yanada fayz bag‘ishladi. Bolakaylarga tarqatilgan muzqaymoq, shirinlik, qiziqarli o‘yinlar g‘oliblariga berilgan kitoblar, sovg‘a va o‘yinchoqlar murg‘ak qalblarga olam-olam quvonch ulashdi.


Dildora OTABOEVA,
Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi rahbari,
O‘zA