Bojxonachilar uchun yangi xizmat uylari
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining bir guruh xodimlariga Olot tumanida qurib bitkazilgan xizmat uylari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda viloyat bojxona boshqarmasi, tuman hokimligi mutasaddilari, “Olot” bojxona chegara posti xodimlari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz bojxona tizimini takomillashtirish, vatan tinchligi, xalq osoyishtaligi va sarhadlar daxlsizligini ta’minlash, iqtisodiy xavfsizlik posbonlarining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi yillarda bojxona sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor, sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida tizimda taraqqiyotning yangi bir davri boshlandi. Jumladan, “Olot” chegara bojxona posti zamonaviy va elektronlashtirilgan post sifatida barpo etilib, bojxona nazoratining yangi texnika vositalari bilan ta’minlandi.
Zamonaviy shaharsozlik va binokorlik talablariga to‘la mos, tabiiy iqlim sharoitini hisobga olgan holda qisqa muddatda bunyod etilgan mazkur uylar barcha qulayliklarga ega.

Tadbirda yangi uylar kalitlari tantanali tarzda topshirildi. Bojxonachilar ham o‘z navbatida sohaga ko‘rsatilayotgan e’tibor va yaratilayotgan shart-sharoitlar uchun o‘z minnatdorligini bildirdi.
Ramziy lentalar qirqilib, yig‘ilganlar xonadonlarda yaratilgan shart-sharoitilarni ko‘zdan kechirishdi. Nuroniylar duoga qo‘l ochib, yurtimizda mana shunday bunyodkorlik, ma’murchilik, farovonlik barqaror bo‘lishini tilashdi.
Zarif Komilov, O‘zA