Bojxonachilar tadbirkorlar bilan uchrashdi
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari Xovos tumani hokimligi, Investitsiya va tashqi savdo bo‘limi, tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi va Savdo-sanoat palatasi tumani bo‘limi xodimlari, Xovos tumanida joylashgan “Cengiz Enerji” (Turkiya) korxonasi vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda mahalliy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport-import faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 1 fevraldagi O‘RQ-748-son Qonuni bilan Bojxona kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 apreldagi “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qo‘llashni soddalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan yurtimizda mahsulotlarning qayta ishlovi bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirishda yaratilgan bir qator qulayliklar haqida so‘z bordi.

Hududda loyiha qiymati 150 million AQSH dollar, quvvati 220 megavatt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda, hozirda mazkur ob’ekt qurilishida 450 ishchi mehnat qilmoqda, korxona ishga tushirilishi bilan 100 ta yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Korxona tomonidan 2022 yil shu kunga qadar Turkiya davlatidan qiymati 25,2 mln. AQSH dollarlik asbob-uskunalar olib kelingan bo‘lib, bojxona to‘lovlaridan 43 mlrd. so‘m imtiyozlar qo‘llanilgan.

Uchrashuv yakunida, ishchi guruh tomonidan korxona qurilish jarayoni bilan tanishilib, hozirda bojxona omborida saqlanayotgan tovarlarni yakuniy bojxona rejimiga rasmiylashtirish bo‘yicha yaqindan amaliy yordam ko‘rsatilishi yuzasidan kelishib olindi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA