Bojxonachilar “mato” operatsiyasini fosh etdi
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Chuqursoy texnik idora” temir yo‘l chegara bojxona postiga xorijdan yuk konteynerida hujjatlarga ko‘ra 51 ming m2 “tekstil matolari” tovarlari kirib keldi.
Mazkur tovarlar ularga tegishli yuk hujjatlari bilan o‘zaro solishtirgan holda belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Natijada, yuk konteyneridagi mato tovarlarining hujjatlarida qo‘shimcha o‘lchov birligi kilogrammda ko‘rsatilganligi, vaholanki matolar kg.da emas, balki kvadrat metr hisoblanishi aniqlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qiymati 2 milliard 321 million so‘mni tashkil etuvchi mazkur tovarlarga 173,3 million so‘m miqdorda qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.
Navbatdagi shunga o‘xshash holatda, xorijdan 2 ta yuk konteynerida mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan matolar bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Qarangki, yuk hujjatlarida salkam 2,5 tonna matolar qayd etilmaganligi, shuningdek tovarlarning o‘lchov birligi noto‘g‘ri ko‘rsatilganli fosh bo‘ldi.

Mazkur tovarlarning taxminiy umumiy qiymati 1,1 milliard so‘mni tashkil etib, ularga nisbatan 126,2 million so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.
Hozirda tovarlar vaqtincha saqlovga olinib, yuqoridagi holatlar yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA