Bojxona va sanoat hamkorligi mustahkamlanmoqda
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Salimjonov Yangiyer shahrida joylashgan “Jingu Sanoat Parki” MCHJ xorijiy korxonasi xodimlari bilan sayyor uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda ishlab chiqarish jarayonlarini uzluksiz ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni yengillashtirish hamda bojxona tartib-taomillaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Jarayonda “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi imkoniyatlari alohida qayd etilib, ushbu tizim korxonalar uchun ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlashda muhim vosita ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, bojxona organlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, import xom ashyolarini qayta ishlash jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

“Jingu Sanoat Parki” korxonasi 50 gektar maydonda faoliyat yuritib, to‘rt bosqichli yirik investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlash, ip-kalava, to‘qimachilik mahsulotlari, bo‘yash sexlari hamda tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish yo‘nalishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Hozirda qiymati 4,4 million AQSH dollariga teng zamonaviy paxta tozalash liniyasi ishga tushirilgan bo‘lib, unda viloyatda yetishtirilgan paxta qayta ishlanib, yuqori sifatli tola mahsuloti olinmoqda.

Uchrashuv davomida korxonaning keyingi bosqichlarda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, yangi texnologik yo‘nalishlarni joriy etish hamda eksport salohiyatini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri