Bojxona to‘lovidan qochganlar fosh etildi
Salkam 5,1 mlrd so‘mlik bojxona to‘lovidan qochishga bo‘lgan urinish fosh etildi.
Xorazm viloyatida faoliyat yuritayotgan korxonalardan biri tomonidan xorijdan olib kelingan “yuk mashinasi uchun ehtiyot qismlar” tovarlariga nisbatan taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyasi hamda unga ilova qilingan hujjatlar viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganildi.

Tayinlangan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur tovarlarning TIF TN kodi noto‘g‘ri tasniflangani aniqlandi. Aslida ushbu mahsulotlar “yuk mashinasi uchun ehtiyot qismlar” emas, balki bo‘laklarga ajratilgan holda olib kirilgan bir nechta to‘liq yuk transport vositalari ekani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan korxona tomonidan bojxona organlari xodimlarining rasmiylashtiruv bilan bog‘liq harakatlarini qonunga xilof deb topish haqida kiritilgan ariza quyi instansiya sudlari hamda Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilib, bojxona organlari tomonidan mazkur tovarlarning TIF TN kodi to‘g‘ri tasniflanganligi tasdiqlandi.
Natijada, korxonaga nisbatan salkam 5,1 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.
A.Shokirov, O‘zA