Bojxona qonunchiligi takomillashtirilmoqda
1997-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga bugungi kun talablarini hisobga olgan holda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
1997-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga bugungi kun talablarini hisobga olgan holda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Buning samarasida tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyat salohiyatini oshirish uchun qo‘shimcha qulay sharoitlar yaratiladi.Poytaxtimizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi va boshqa idoralar bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi. Tadbir yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov mamlakatimizda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash, biznes yuritish sharoitlarini baholashning jahon amaliyotida umume’tirof qilingan tizimini joriy etish ishlari amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Mazkur choralar avvalo eksport-import va bojxona tartibotlari samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan. Yangi tahrirdagi kodeks O‘zbekiston hududida bojxona nazorati, tovar aylanmasi, tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish, ichki bozorni sifatsiz mahsulotlardan himoya qilishni tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davra suhbatida yangi tahrirdagi kodeksda 1999-yilgi Bojxona taomillarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya, 1990-yilda qabul qilingan Vaqtincha olib kirish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya, Yevropa Ittifoqi va MDHga a’zo mamlakatlar bojxona kodekslari, shuningdek, milliy bojxona qonunchiligining standart va normalari hisobga olingani ta’kidlandi. Yangi tahrirdagi hujjatda bojxona qonunchiligini qo‘llashni soddalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi va “Boj tarifi to‘g‘risida”gi qonun norma va talablari umumlashtiriladi. Bugungi kunda kodeks loyihasi 12 bo‘lim, 52 bob va 511 moddadan iborat bo‘lib, unda asosiy atama va tushunchalar kengaytirilgan.
Yangi Bojxona kodeksida tovarni olib kirishdan to muayyan bojxona rejimiga joylashtirishga qadar ko‘plab masalalar tartibga solinadi. Bojxona organlari tomonidan bojxona brokeri va tashuvchisi sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beruvchi hujjatlar berish, bojxona nazorati ostidagi tovarlarni saqlash va sotish, ularni qayta ishlashga doir aniq mexanizm belgilab qo‘yiladi. Shuningdek, bojxona organlari, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, mazkur sohada faoliyat yuritayotgan boshqa shaxslarning huquq va majburiyatlari aniq mustahkamlab qo‘yiladi.
Loyiha bojxona organlariga kerakli ma’lumotlarni elektron usulda topshirish uchun axborot texnologiyalaridan keng foydalanishni nazarda tutadi. Bu hujjatlar almashinuvi, bojxona tartibotlarini soddalashtirish, kerakli hujjatlarni to‘plash va taqdim etish bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi. Masalan, bojxona rasmiylashtiruvi uchun kerakli hujjatlar, jumladan, bojxona deklaratsiyasi elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.
– Yangi hujjatning asosiy maqsadlaridan biri – tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish tartibini erkinlashtirishdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Bojxona nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi bosh inspektori Jamshid Qodirov. – Kodeks loyihasida tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari huquqlarining ustuvorligi prinsipi mustahkamlab qo‘yilgan. Bojxona to‘lovlarini amalga oshirishda qo‘layliklar yaratish maqsadida tadbirkorlik subyektlariga sug‘urtalash va kafillik shartnomalari joriy qilindi. Hujjatning alohida bo‘limi bojxona organlari tomonidan intellektual mulk huquqlari himoya qilinishiga bag‘ishlangan.
Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksini muhokama etish, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab deputatlar, senatorlar, vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari vakillari, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, xususan, xorijiy sarmoyadorlar, tadbirkorlar va bojxona brokerlari ishtirokida davra suhbatlari, seminar va uchrashuvlar o‘tkazildi.