Bojxona postining atrofi obodonlashtiriladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Maxmadaliyev “Xo‘jayli” chegara bojxona postida bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Ta’kidlash joizki, kuz mavsumida bu yerga 1 ming 100 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chati ekilgan bo‘lishiga qaramasdan, hududning murakkab iqlim sharoiti va yer sho‘ridan ularning katta qismi ko‘karmay qolgan. Shu boisdan, boshqarma rahbariyati tomonidan hududni yashillantirish va ekologiyani muhofaza qilish maqsadida zamonaviy usullardan foydalanish taklif etildi.

Daraxtlarning turlari va ularning o‘sishi uchun zarur shart-sharoit yaratish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, hududning murakkab iqlim sharoitidan kelib chiqib, unga mos daraxtlarni o‘tkazish va yerga ishlov berish, dekorativ toshlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ta’kidlash joizki, obodonlashtirish ishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassislari ham jalb qilinib, post hududidagi sho‘r yerlarni yuvish va ko‘kalamzorlashtirish, unumdorligini oshirish bo‘yicha kelgusidagi ishlar rejalashtirildi.
Tuproq yerlarning sho‘rini yuvishdan oldin maxsus texnik vositalar yordamida yumshatish, tekis holda sug‘orish va makkajo‘xori, sudanka ekish orqali kuz mavsumida daraxt ko‘chatlarini o‘tqazishga tayyorlash bo‘yicha zarur choralar ko‘riladigan bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri