Bog‘larda zarurkunandalarga qarshi kurashilmoqda
FOTOREPORTAJ
Zaminimizda yetishtirilayotgan meva va sabzavotlarning eksport bozorini yanada kengaytirish hamda mavjud bozorlar o‘rnini mustahkamlashga doimiy e’tibor qaratish bugunning talabi. Bu jarayonda meva-sabzavotlarning sifati va eksportiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan zararli organizmlarga qarshi vaqtida kurashish lozim.
Ayni maqsadda O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan respublikamizda yetishtirilayotgan urug‘ hamda danakli meva bog‘larga jiddiy zarar yetkazib, eksport hajmiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan zararkunandalar – “Gilos pashshasi”, “Sharq mevaxo‘ri”, “Olma mevaxo‘ri”ga qarshi ommaviy kurashishga qaratilgan “Dolzarb o‘n besh kunlik” tadbirlari o‘tkazilmoqda.
[gallery-6808]
11 apreldan 27 aprelga qadar davom etuvchi ushbu tadbirlar Farg‘ona viloyati o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Xususan, yuqorida sanab o‘tilgan zararkunandalarning bog‘larda tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, uning zarari, mevalarning eksportbopligiga salbiy ta’siri kabi holatlarning oldini olish uchun muhim chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Hozirda boshqarma tomonidan viloyatda jami 43 ming 301 gektar mevali bog‘ ro‘yxatga olingan. Ularning 8 ming 373 gektarini olma, 1 ming 748 gektarini gilos, 12 ming 942 gektarini o‘rik, 7 ming 827 gektarini shaftoli, 435 gektarini behi, 215 gektarini xurmo, 869 gektarini bodom, 895 gektarini nok, 675 gektarini anor, 1 ming 742 gektarini olxo‘ri bog‘lar, 1 ming 375 gektar uzumzorlar, shuningdek, 4 ming 235 gektarini aralash turdagi hosil berayotgan mevali bog‘lar tashkil etadi.
Eksport hajmiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan zarurkunandalarga qarshi dolzarb kurash tadbirlari davomida urug‘ hamda danakli meva bog‘laridagi fitosanitar nazorat tadbirlari kuchaytirilgan. Bog‘larga feromon tutqichlar o‘rnatilib, ular nazoratga olingan. Hozirgi kunda gilos bog‘larda gilos pashshasi tarqalishining oldini olish va xavfni tahlil qilish uchun boshqarma tomonidan 140 dona feromon tutqichlar o‘rnatilib, ularning monitoringi hudud inspektorlari tomonidan olib borilmoqda. “Sharq mevaxo‘ri”, “Olma mevaxo‘ri” zararli organizmlari monitoringi uchun feromon tutqichlar mevali bog‘larga o‘rnatilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat),O‘zA