Bog‘dorchilikda innovatsion usul
2025-yil yozi edi. “AOK GARDEN” mas’uliyati cheklangan jamiyati Quvaning jazirama va toshli qir-adirlarida ish boshladi. Dastlab uzumchilik bilan shug‘ullandi. Shunda jamiyat ta’sischisi Xurshid Saidov bir fikrni aytib qoldi: “Prezident quyosh panellari ostida ekin maydonlari tashkil qilish taklifini bildirgan edi. Uzumzorga quyosh panellari qo‘ysak-chi?”
Shunday qilib ajratilgan 110 gektarning 50 gektaridagi uzumzor ustiga quyosh panellari qo‘yila boshlandi. O‘shanda bu haqida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bergan edi. Mana endi, “AOK GARDEN” Quvada O‘zbekistonda o‘xshashi yo‘q uzum bog‘ini yaratdi. 110 gektar maydonda 8 mln.dollar hamda 10 mlrd so‘m kredit mablag‘lari evaziga uzumchilik va chorvachilik majmuasi loyihasini amalga oshirdi.

Hududda zamonaviy energiya tizimi: 10 mingta quyosh paneli o‘rnatilib, 5 MVt bo‘lgan o‘zini elektr bilan ta’minlash va qo‘shimcha daromad olish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan.

– Bu yil avatar navli uzum hosilga kirdi, – deydi “AOK GARDEN” MCHJ rahbari Xurshid Saidov. – Kelasi yilga 120 ming tup uzum 3 ming tonna hosil beradi. Bu 15 mln.dollar eksport degani. Agar biz uni chuqur qayta ishlasak, bundan ham ko‘proq daromadga ega bo‘lamiz. Bu yerda uzumni qayta ishlash fabrikalarini quramiz. Undan uzum sharbati, uzumdan tibbiyot uchun biopreparatlar ishlab chiqarib, mayiz olib eksport qilamiz.
Uzumzor bog‘ tomchilatib sug‘oriladi. Uni amalga oshirish uchun barcha texnologik jihozlar o‘rnatildi.
Bog‘bon yana ilmga tayandi. Bog‘ ostidan ham samarali foydalanish yo‘lini topdi.

– Hozircha 50 gektar maydonga tashkil qilganmiz. Prezidentimiz tashrifidan so‘ng yana 400 gektar yer ajratib berildi. 3 yil davomida 510 gektar bog‘ tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Bu yil 120 ming tup uzumdan 500 tonnadan ortiq hosil kutilyapti. Bundan tashqari, uzum ostiga tarvuz, qovun ham ekkanmiz. Undan 200-300 tonna hosil olish rejamiz bor.

Hozirgi kunda 80 nafar ishchi doimiy, 300 nafari mavsumiy tarzda ishlaydi. Keyingi yil 450 nafar ishchini doimiy, 1500 nafarini esa mavsumiy ish bilan ta’minlashga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Majmuaning to‘liq ishga tushishi hududda agrar sohani rivojlantirish, mahsulotlar turini ko‘paytirish, ekologik toza energiyadan foydalanish va iqtisodiy barqarorlikka erishishga qaratilgan muhim qadam bo‘ladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/fvt6btKno-M?si=N8TKHoepzW-uabQk" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video, surat), O‘zA