Bog‘dan bozorga, bozordan eksportga — Oltiariq uzumi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani azaldan uzumchilik rivoj topgan, bu borada o‘ziga xos maktab yaratgan hudud sifatida e’tirof etiladi. Bu yerda yetishtirilayotgan shirin va xushta’m uzum navlari bugun nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham yuksak qadrlanmoqda.
Ayniqsa, ertapishar uzum hosili pishib yetilishi bilan eksport mavsumiga start beriladi. Oltiariqlik bog‘bonlar yetishtirgan mahsulotlar Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Ukraina va Polsha kabi davlatlar bozorlariga muntazam yetkazib berilmoqda. Bu esa mahalliy mahsulot sifati va raqobatbardoshligiga berilgan yuksak bahodir.
Tumanning Chordara mahallasida yashovchi tajribali bog‘bon Hasanboy Mamatqulov xonadonidagi ixcham uzumzor ham barakali mehnat samarasi bilan ajralib turadi. Uzumzorda parvarishlangan mashhur “Rizamat ota” navi to‘liq pishib yetilgan bo‘lib, hosil eksportga tayyorlanmoqda.
[gallery-30305]
— Bu uzumni butun oilamiz mehr bilan parvarish qildi. Hosilimiz barakali bo‘ldi. Ilk partiyani qozog‘istonlik hamkorlarimizga yuborishni rejalashtirganmiz. Mehnatimiz samarasi xorijlik xaridorlarga ham manzur bo‘layotganidan mamnunmiz, - deydi Hasanboy Mamatqulov.
Bugun Oltiariqda uzumchilik nafaqat qadimiy an’ana, balki eksport salohiyatini yuksaltirish, aholi bandligi va daromadini oshirishga xizmat qilayotgan muhim tarmoqqa aylanib bormoqda. Yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar esa “Oltiariq uzumi” brendining xalqaro bozordagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA