Bogʻchalar soni yana ikkitaga koʻpaydi
Termiz shahridagi Farovon massivida bitta davlat va bitta nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi ish boshladi.
Bunyodkorlik
Termiz shahridagi Farovon massivida bitta davlat va bitta nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi ish boshladi.
Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar, mahalliy kengash deputatlari, shahar maktabgacha talim muassasalari mudiralari, bolajonlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Maʼlumotlarga koʻra, bundan ikki yil avval viloyatda 288 maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat yuritib, 3-7 yoshgacha boʻlgan bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish koʻrsatkichi 11,6 foizni tashkil etgan. Ayni paytda 480 ta maktabgacha taʼlim muassasasida viloyatdagi 3-7 yoshdagi bolalarning 22,4 foizi tarbiyalanmoqda. Bu koʻrsatkich joriy yil oxirigacha 32,2 foizga yetkazilib, 74 ming bolajonni maktabgacha talim tizimiga qamrab olish rejalashtirilgan.
Zamonaviy massivda qad rostlagan 31-davlat maktabgacha taʼlim muassasasi 385 oʻringa moʻljallangan. Ikki qavatli muhtasham binoni barpo etish uchun 16 milliard 340 million soʻm mablagʻ sarflandi. Bu yerda bolajonlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Keng, yorugʻ sport zal, badiiy gimnastika zali, oshxona va boshqa xonalar, sevimli ertak qahramonlari haykalchalari, rasmlar bilan bezatilgan soyabonli kichik basseyn va bolalar oʻyingohi bolajonlar ixtiyorida.
“Nurli avlod” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi esa 200 oʻringa moʻljallangan. Ikki qavatli bino qurilishiga tadbirkor T.Mamatqulov 1 milliard 700 million soʻm oʻz mablagʻi hamda 4 milliard 470 million soʻm tijorat banki kreditidan foydalandi.
Zamonaviy mebellar, rang-barang oʻyinchoqlar bilan jihozlangan nodavlat bogʻchada bolajonlar uchun barcha qulaylik bor. Tarbiyalanuvchilarga ingliz, rus va koreys tillari boʻyicha ham saboq beriladi. Bu yerda 41 kishi ish bilan taʼminlandi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov soʻzga chiqdi.