Bogʻbonlarning xarajati qoplab beriladi
1-sentyabrga qadar va 2020-yildan boshlab har yili 1-mayga qadar meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha aniq roʻyxati shakllantiriladi.
1-sentyabrga qadar va 2020-yildan boshlab har yili 1-mayga qadar meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha aniq roʻyxati shakllantiriladi.
Bu vazifa bilan Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari shugʻullanadi.
Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida alohida belgilab berilgan.
– Ayni vaqtda zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlarini qoʻllash, intensiv bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklari maydonlarini kengaytirish chorasi koʻrilmoqda, – deydi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Obil Safarov. – Shuningdek, bozor talablarini hisobga olgan holda, meva mahsulotlarini turini koʻpaytirilmoqda. Bu yumushlarni bajarish jarayonida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish tavsiya etilmoqda. Bunda dehqonlarni suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga sarflagan xarajatlari davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Demak, mulkdor meva mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar joriy yilda va undan keyingi yillarda tomchilatib yoki yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasidan foydalanishni yoʻlga qoʻysa, ular moddiy qoʻllab-quvvatlanadi. Bunda bir gektar uchun bir marta 6 million soʻm, maydoni 35 gektardan ziyod bogʻlarda suv chiqarish uchun burgʻulangan quduq, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurishga sarflangan 120 million soʻmdan oshmaydigan miqdordagi xarajatlari qoplab beriladi.