Bobotog‘da yuzdan ortiq Vatan posboni uyli bo‘ldi
Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi olis Bobotog‘ massivida DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari uchun yangidan barpo etilgan uchta 5 qavatli va qayta rekonstruksiya qilinib, barcha sharoit yaratilgan to‘rtta 2 qavatli 102 oilaga mo‘ljallangan turar-joy binosi hamda tikuv sexi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda viloyat, tuman sektorlari rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.


Mamlakatimiz Qurolli kuchlarida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar Vatanimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir, tezkor va ixcham milliy armiyamizni shakllantirdi. Xalq va armiya birdamligi ta’minlandi. “Inson qadri uchun” degan muhim tamoyil Qurolli Kuchlarimiz tizimida ham o‘z ifodasini topib, harbiylar va ularning oila a’zolarini har taraflama himoya qilishga e’tibor yanada kuchaytirildi. Janubdagi vohaning qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh hududlarida xizmat burchini o‘tayotgan sarhadlarimiz posbonlariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ham bunga yaqqol dalildir.
Tantanali marosimda ana shu haqda atroflicha fikr yuritildi.


Tog‘lar qo‘ynidagi loyiha qiymati 20 milliard 500 million so‘mlik zamonaviy harbiy shaharchani “Saodatbonu Aziza Termiz” xususiy korxonasi tez va sifatli bunyod etdi. Bu yerda harbiylar va ularning oila a’zolari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Keng, shinam xonadonlar zamonaviy usulda jihozlangan.
– Xizmat vazifamni shu hududda olib boryapman, – deydi kichik serjant Sirojiddin Qiyomov. – Turmush o‘rtog‘im va bir nafar farzandim bilan yangi xonadonga ko‘chib o‘tganimizdan xursandmiz. Barcha sharoitlarga ega xonadon sohibi bo‘lganimizdan, ayniqsa, turmush o‘rtog‘imning quvonchi cheksiz. Bu mening ham oilamdan ko‘nglim to‘q o‘zimga yuklatilgan vazifani yanada sifatli bajarishim uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Bunday e’tibor uchun davlatimizdan behad minnatdormiz.


Tadbirda harbiylar va ularning oila a’zolariga yangi xonadonlarning kaliti tantanali topshirildi. Ishtirokchilar xonadonlarda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ishtirok etdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri