Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi
Jizzaxda o‘tkazilgan navbatdagi mehnat yarmarkasida 375 korxona va tashkilot 884 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Jizzaxda o‘tkazilgan navbatdagi mehnat yarmarkasida 375 korxona va tashkilot 884 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.Viloyat hokimligi, prokuraturasi, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan yarmarkada 200 ga yaqin fuqaroga ishga joylashish uchun, 20 dan ziyod yoshlarga kasbga o‘qitishga yo‘llanma berildi.
Ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 11-marta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilgan. 675 korxona-tashkilot 2 mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rni taklif etgan ushbu yarmarkalarda mingga yaqin fuqaro ishga joylashish uchun yo‘llanma olgan.
– Joriy yilda bandlik dasturiga ko‘ra viloyatda 44 ming ish o‘rni yaratilishi belgilangan, – deydi Jizzax viloyati mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Yoqub Nazarov. – Dasturni amalga oshirishda aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Jumladan, ayollar uchun 14 ming 600, yoshlar uchun 21 ming 200, xorijiy mamlakatlarda ishlab qaytganlar uchun 8 ming 300 ish o‘rni tashkil etish belgilangan. Joriy yilning o‘tgan davrida dasturda belgilangan vazifalar to‘liq amalga oshirilib, 19 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami uchun korxona va tashkilotlardan kvota ish o‘rinlari ajratishga alohida e’tibor qartilayotir. Yilning o‘tgan davrida shunday imtiyozli ish o‘rinlariga ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan 639 kishi joylashtirilgan.