Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi
Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi.
Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi.Aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish maqsadida Qo‘rg‘ontepa tumani hokimligi, bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 109 korxona-tashkilot, muassasa va fermer xo‘jaligi 282 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Yarmarkada 260 dan ortiq fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. Ularning 30 ga yaqini kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridir.
– Men Qo‘rg‘ontepa iqtisodiyot kollejini tamomlaganman, – deydi Komiljon Odilov. – Bugungi yarmarkada tumandagi “Tashlama bog‘” fermer xo‘jaligiga hisobchi vazifasiga yo‘llanma oldim. O‘z mutaxassisligim bo‘yicha doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganimdan xursandman.
Tadbir doirasida tashkilotchilar va mutaxassislar tomonidan fuqarolar bilan mehnat qonunchiligi, ularning huquqiy bilimini oshirish borasida suhbatlar o‘tkazildi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.