Bo‘lajak chempionlar ulg‘aymoqda
Surxondaryoni polvonlar yurti, deyishadi. Darhaqiqat, bu zamin azaldan kuragi yer ko‘rmagan polvonlaru kurashchilari bilan mashhur.
Bugun dzyudo ustalari Yahyo Imomov, Abdulla Tangriyev, Sharofiddin Lutfullayev, Suhrob Tursunov, engil atletikachilar Faxriddin Hamroyev, Ma’rufjon Murodullayev, Ulug‘bek Choriyev, Farrux Mirzaqulov, Sirojiddin Norovlarni yurtimizdan olis o‘lkalarda ham yaxshi bilishadi.
Masalan, o‘tgan yili Xitoyning Nankin shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan II Olimpiya o‘yinlarida denovlik Suhrob Tursunov dzyudo bo‘yicha o‘z vazn toifasida bronza, jamoaviy bellashuvlarda oltin medalni qo‘lga kiritdi.
– Bizning yoshligimizda sport bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoit ham, imkoniyat ham yo‘q edi, – deydi Suhrobning bobosi T.Mo‘minov. – Mustaqillik tufayli bugun eng chekka qishloqlarda ham farzandlarimiz istagan sport to‘garagiga borib shug‘ullanishi uchun barcha qulayliklar mavjud. Yoshlarimizning bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz dovrug‘ini ulug‘layotgani ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tarmoqda. Yosh avlod kamoloti yo‘lida g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Yurtboshimizdan minnatdormiz.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘quvchi-yoshlarni sportga keng jalb etish maqsadida nafaqat shahar va tumanlar markazi, balki olis qishloq va chekka hududlarda ham zamonaviy sport inshootlari qad rostlamoqdaki, bu navqiron avlodning hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi, har tomonlama sog‘lom ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida 2004-yilda mutlaq sog‘lom bolalar 60,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 74,3 foizga yetgan. Yengil xastaliklar, surunkali kasallikka chalinadigan bolalar soni ham sezilarli darajada kamayib, vazni va bo‘y-bastida ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgani e’tiborga molik.
Mutaxassislarning fikricha, mustaqillikning dastlabki yillarida vohalik yoshlar faqat kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalarda ishtirok etgan bo‘lsa, endilikda ular sportning taekvondo WTF, boks, yengil atletika va boshqa o‘nlab turlari bo‘yicha ham faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda.
O‘tgan yili Rossiyada o‘tkazilgan universal jang bo‘yicha 16-17 yoshli sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida termizlik Shahzod Azizov oltin, Abbos Mengliyev va Arslonbek Norqulov bronza medalga sazovor bo‘ldi. Turkiyada taekvondo WTF bo‘yicha yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda Uzun tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Farangiz Muhammadiyeva oltin medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston yoshlarining hech kimdan kam emasligini yana bir bor namoyish etdi. Dzyudo bo‘yicha Gonkongda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida sherobodlik yosh sportchi Muhammadkarim Xurramov o‘z vazn toifasida tengsiz deb topildi.
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan II Paraosiyo o‘yinlarida surxondaryolik yosh yengil atletikachilar – Faxriddin Hamroyev, Ma’rufjon Murodullayev va Ulug‘bek Choriyev oltin, Farrux Mirzaqulov kumush, Sirojiddin Norov bronza medalga sazovor bo‘lgani ham yosh avlodni sportga jalb etish borasida Prezidentimiz rahnamoligida ko‘rsatilayotgan ulkan e’tiborning amaldagi samarasidir.
Ma’lumotlarga qaraganda, 2003-2014-yillarda viloyatda 83 zamonaviy sport zali, 5 suzish havzasi, 36 namunaviy sport inshooti, 17 bolalar musiqa va san’at maktabi yangidan barpo etildi, rekonstruksiya qilindi va to‘liq jihozlandi. Bu ishlar uchun 94 milliard 540 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi. Joriy yilda viloyat qishloqlarida 31 milliard 250 million so‘m evaziga 36 bolalar sporti inshootini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
O‘tgan yili viloyatda sakkizta bolalar sporti inshooti qurilib, rekonstruksiya qilindi. Sherobod tumanidagi 14-bolalar va o‘smirlar sport maktabi qoshidagi zamonaviy sport inshooti shulardan biri.
Qariyb 1 milliard 400 million so‘m mablag‘ hisobidan barpo etilgan ushbu zamonaviy inshootda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit muhayyo. Ayni paytda bu yerda 420 dan ziyod o‘g‘il-qiz sportning badiiy gimnastika, stol tennisi, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi, dzyudo kabi to‘qqiz turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
– Yangi inshootning jahon andozalariga mos jihozlangani ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini yanada oshirmoqda, – deydi 14-bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori M.Yo‘ldoshev. – Maktabda yaratilgan qulayliklardan ota-onalar ham, o‘quvchi-yoshlar ham behad mamnun.
Bularning barchasi yoshlarimizning salomatligini mustahkamlash, irodasini toblash bilan birga, ularda o‘z kuchiga, kelajagiga ishonch va g‘urur tuyg‘usini yuksaltirib, vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.