Bo‘lajak chempionlar maskani
Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, yosh avlodni sog‘lom voyaga yetkazish, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, yosh avlodni sog‘lom voyaga yetkazish, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari tennis maktabida yoshlarning tennis, stol tennisi va badminton bilan shug‘ullanishi uchun barcha qulaylik yaratilgan.
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qayta qurilgan mazkur tennis maktabi iqtidorli yosh tennischilarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
– Maktabimiz O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali tomonidan ajratilgan 1 milliard 846 million so‘m mablag‘ hisobiga qayta qurildi, – deydi maktab direktori Yahyobek Dadaxonov. – Ayni paytda bu yerda 360 dan ziyod bola tennis, stol tennisi va badminton bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning 115 nafari qizlardir.
Bir nechta ochiq va yopiq kortlar, sauna, dush, tibbiyot xonasi, alohida murabbiylar xonalariga ega maktab tarbiyalanuvchilari turli musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Muslima Oxunova, Gulnoza Odilova, Ismoil Toshboltayev, Mushtariy Ahrorova, Muhammad Mamajonov, Nilufar Mo‘minova, Abdulaziz Anorboyev, Saydullo Yasinov, Biloliddin Qo‘chqorboyev, Husnora Iminova, Mohigul Karimova singari o‘quvchilar shular jumlasidandir.
– Qizim Husnora ushbu maktabda yetti yoshidan buyon stol tennisi bilan shug‘ullanadi, – deydi andijonlik Fotimaxon Iminova. – Murabbiylari ko‘magida o‘z ustida tinimsiz ishlaydi, mahoratini oshirishga intiladi. Buning samarasida u O‘zbekiston chempionatida sovrindorlar qatoridan o‘rin egalladi. Men uchun eng asosiysi, farzandim sog‘lom voyaga yetmoqda. Prezidentimiz tomonidan farzandlarimizga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik, ayniqsa, biz, ota-onalarni juda xursand qilmoqda.