BMTning doimiy koordinatori bilan uchrashuv to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori etib tayinlangan Roli Astxanani qabul qildi.
Vazir Astxana xnimni ushbu lavozimga tayinlangani bilan tabriklar ekan, O‘zbekiston BMT va mazkur tuzilmaning ixtisoslashgan idoralari bilan konstruktiv, ishonchli hamkorlik o‘rnatganini ta’kidladi. Yangi doimiy koordinatorning kasbiy yutuqlari, ish tajribasi sheriklikni yanada chuqurlashtirishiga umid bildirdi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi aloqa sezilarli darajada faollashgani, amaliy mazmun bilan boyib borayotgani e’tirof etildi. Mamlakatimiz tashkilot faoliyatining barcha yo‘nalishlaridagi jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. 2018-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Bosh Assambleyaning to‘rtta qarori tasdiqlandi.
Ayni payt O‘zbekistonda BMT idoralari ishtirokida umumiy qiymati 174 million AQSH dollaridan ko‘proq qiymatdagi 137 loyiha amalga oshirilmoqda.
Mintaqaviy xavfsizlik, Afg‘onistonni barqarorlashtirish va tiklash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish, ekologik muammolarni hal etish, xususan, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish istiqboli ko‘rib chiqildi.
Tashqi ishlar vazirligi
matbuot xizmati