BMT maxsus maʼruzachisi talabalar davrasida
BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan Toshkent shahridagi Vestminster universitetida bir guruh huquqshunos talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayan Toshkent shahridagi Vestminster universitetida bir guruh huquqshunos talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Vestminster universiteti, Toshkent Davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Bosh prokuratura Akademiyasi tinglovchilari ishtirok etdi. Moʻtabar mehmonni yuzdan ortiq navqiron yigit-qiz ochiq chehra va eʼzoz-ehtirom bilan kutib oldi.
Diyego Garsiya-Sayan avvalo yoshlarning bu qadar keng davrasiga taklif etilganini tasavvur ham qilmaganini eʼtirof etdi. “Yoshlarning koʻpligi nuqtayi nazaridan, Vatanim bilan Oʻzbekiston oʻzaro oʻxshash ekan”, dedi u.
BMT Maxsus maʼruzachisi kirish soʻzida sud hokimiyatining mustaqilligiprinsipi faqat sudyalar, prokurorlar va advokatlar timsolidagi soha mutaxassislarigagina taalluqli emasligiga eʼtibor qaratdi. Bu birinchi navbatda siyosiy hokimiyat va barcha fuqarolar uchun gʻoyat muhimdir, deya taʼkidladi mehmon. Oʻzbekistonda bu borada izchil ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilayotgani diqqatga sazovor.
D. Garsiya-Sayan bilan talaba-yoshlar oʻrtasidagi samimiy muloqot qizgʻin savol-javoblarga ulanib ketdi. Mehmon Toshkent shahrining koʻrkamligi, yurtimizning obodligi, oʻzbek xalqining ochiqligi va mehmondoʻstligini qayd etdi.
BMT Maxsus maʼruzachisining aytishicha, u hayotda uchrab turadigan ayrim muammolarga qaramay, oʻzbekistonliklarning koʻtarinki kayfiyat va kelajakka yorugʻ ishonch bilan yoshayotganiga guvoh boʻlgan. Ayniqsa, Oʻzbekistonda jinoyatchilik koʻrsatkichlarining nihoyatda pastligi uni hayratga solgan.
D. Garsiya-Sayan advokatlik sohasi bilan bogʻliq savolga javob berar ekan, Oʻzbekistonda advokatlar soni kam ekanidan hayron boʻlganini aytdi. Bu holatga aniqlik kiritishga qiziqdi.
Maʼlumki, yuridik fakultetni bitirgan mutaxassis advokatlik litsenziyasini olish uchun ikki yillik amaliyotni oʻtashi talab etiladi. Mamlakatda advokatlik sohasini tanlaydigan huquqshunoslar ozligining asosiy sababi shu boʻlishi ham mumkin.
Qolaversa, bugungi kunda jamiyat hayotining barcha sohalarida shiddatli yangilanishlar amalga oshirilmoqda, jumladan, yaxshi advokat boʻlib yetishish imkoniyatlari tobora kengaymoqda. Bularning barchasi, oʻz navbatida, navqiron yuristlarni advokatura sohasiga qiziqtirish, yoʻnaltirish va har tomonlama ragʻbatlantirishni taqozo etadi.
D. Garsiya-Sayan inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlaridan foydalanish bilimli va saviyali huquqshunoslar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Shuningdek, u mamlakat xalqaro sudlarda oʻz davlati manfaatlarini himoya qilish salohiyatiga ega yuristlarni tayyorlashi zarurligiga urgʻu berdi.
Mehmonning fikricha, huquqshunos kadrlarni oʻqitish va malakasini oshirish jarayonlarida ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar hamda ekologiya muammolarini chuqur oʻrgatish va bu sohalarga doir huquqlarni himoya qilish koʻnikmasini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega.
“Hozirgi vaqtda mazkur sohalar boʻyicha juda yuqori xalqaro standartlar mavjud, – dedi BMT Maxsus maʼruzachisi. – Ana shu standartlarni puxta oʻzlashtirgan va ushbu sohalarga ixtisoslashgan yuristlar davlatga ham, yirik kompaniyalarga ham kerak”.
Bu jarayonda mamlakatning qaysi mintaqasida qanday sohalarga ixtisoslashgan yuristlarga ehtiyoj mavjudligini tahlil qilish darkor. Soʻngra tahlil xulosalarini taʼlim jarayonlarida hisobga olish maqsadga muvofiqdir.
D. Garsiya-Sayan, shuningdek, korrupsiyaga qarshi qatʼiy kurashish zarurligi haqida alohida toʻxtaldi. U qayd etganidek, korrupsiya sud hokimiyatining mustaqilligi yoʻlidagi eng katta toʻsiqlardan biridir.
Bundan tashqari BMT Maxsus maʼruzachisi ayollarning huquq sohasida ishlashi uchun keng yoʻl berilishi lozimligini bildirdi. Xususan, u oliy sudlov idoralarida xotin-qizlar vakillari ham saylanishiga doir fikrlarni qoʻllab-quvvatladi.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati