BMT Afg‘onistondagi oshkora qatldan xavotirda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistonda “Tolibon” harakati hokimiyat tepasiga kelganidan beri ehtimoliy ilk ommaviy qatl marosimidan xavotirda. Tuzilma mamlakatni o‘lim jazosiga moratoriyni qaytarishga chaqiradi. Bu haqda BMT Bosh kotibi vakili o‘rinbosari Stefani Tremble ma’lum qildi.
“Biz Afg‘onistonda ommaviy qatl uyushtirilayotgani munosabati bilan chuqur tashvish bildiramiz. Bizning qarashlarimiz o‘zgarmaydi – BMT o‘lim jazosiga qarshi. O‘lim jazosi yashash huquqi tamoyiliga zid. Biz Afg‘onistonda o‘lim jazosi bo‘yicha moratoriyni qaytarishga chaqiramiz”, degan u.
Chorshanba kuni Afg‘oniston hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid mamlakatning Farah viloyatida Tolibon hokimiyatga kelgach birinchi bor o‘lim jazosi ijro etilishini aytdi. Hirot viloyatida tug‘ilgan mahkum qo‘shni Farah viloyatida yashovchi fuqaroni o‘ldirib, uning mototsikli va mobil telefonini olib ketgan.
O‘zA