BMB Za’faron dunyo bozorlarini zabt etmoqda
Joriy yilning 3 iyun kuni BMB TRADE GROUP va OPERA S.R.L (Italiya) kompaniyalari o‘rtasida umumiy qiymati 3 million yevroni tashkil etadigan muhim shartnoma imzolandi.
Unga muvofiq, joriy yil iyul oyining birinchi o‘n kunligida BMB Zaʼfaron brendi ostidagi za’faron mahsulotini Italiyaga eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, Jizzax viloyatida za’faron plantatsiyalarini tashkil etish loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning Italiyadagi Elchixonasining yaqindan bergan ko‘magi bilan amalga oshirilgan edi.
Mazkur shartnomani imzolash uchun turtki sifatida BMB OPERA ZAFFERANO qo‘shma korxonasida yetishtirilgan za’faron tugunak piyozboshlari bevosita yevropadan keltirilganligi, yetishtirish jarayoni italiyalik mutaxassislarning to‘liq nazorati ostida amalga oshirilganligi, uni terib olish va quritish Yevropa texnologiyalari asosida amalga oshirilganligi hamda parvarishlash jarayonida hech qanday kimyoviy mineral o‘g‘itlar qo‘llanilmaganligi sabab bo‘ldi.

Eng asosiysi esa milliy mahsulotimiz Yevropaning mashhur Analisi Chimiche Ed Ecologiche Sas hamda Laboratori di Ricerche Analitiche e Tecnologiche su Alimenti e Ambiente laboratoriyalarida ikki bosqichli tekshiruvlardan o‘tkazildi hamda tahlil natijalariga ko‘ra 1-kategoriya, ya’ni oliy kategoriya deb tan olindi. Mazkur jixatlar horijiy mutaxassislarning kompaniya tomonidan taqdim etilayotgan za’faron maxsuloti Yevropaning nozikta’b iste’molchilari orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi shubhasiz degan fikriga sababchi bo‘ldi.
Shuningdek, OPERA S.R.L kompaniyasi yurtimizda yetishtirilgan za’faron maxsulotini nafaqat Yevropa mamlakatlariga, balki Osiyo va AQSH bozorlariga ham eksport qilishni rejalashtirgan.
Yuqorida ta’kidlanganlar, kompaniyamiz tomonidan Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi plantatsiyalarda yetishtirilib, qadoqlanayotgan oliy sifatli yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan eksportbop mahsulotni xorijga sotish geografiyasi tobora kengayib borayotganini anglatadi.