“Bizning Prezident” muloqot maydoniga marhamat (+video)
2023 yil O‘zbekiston solnomasida tarixiy voqealar yili sifatida qayd etilishi muqarrar. 30 aprel kuni Yangi Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga qo‘yildi. Saylovchilar tomonidan ko‘tarinki ruhda qabul qilingach, 9 iyul kuni muddatidan oldingi Prezidentlik saylovi kuni deb tayinlandi. Bu albatta amaldagi davlat rahbarining siyosiy irodasi tufayli ro‘y berdi.
Shundan qilib, O‘zbekiston, uning xalqi 9 iyul kuni Prezidentlik saylovlariga boradi. Shu kunlarda siyosiy partiyalar Plenumlari Prezidentlikka nomzodlarni aniqlab o‘z qurultoylarida muhokama va yakuniy qaror qabul qilish uchun tavsiya qildilar. Endi qonunda ko‘rsatilgan muddatlarda bu ishlar davom etadi.

O‘zbekiston barcha yo‘nalishlarda ochiqlik siyosatiga yuz tutdi. Jumladan saylovlarda ham. Xalq o‘zi tanlagan nomzod uchun erkin-emin ovoz berish, o‘z Prezidentini saylab olishiga huquqiy asoslar yaratildi.
Xo‘sh, O‘zbekiston xalqiga qanday Prezident kerak?
Mamlakatdagi so‘z erkinligi shu savolni o‘rtaga tashlash, fikr mulohazalarni oshkora bildirish imkonini ham yaratdi.
O‘zbekiston milliy axborot agentligi “Bizning Prezident” muloqot maydonini tashkil etdi, uning ilk mehmonlari
Farg‘ona Davlat Universiteti rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov,
Hunarmand,tadbirkor, O‘zbekiston Oliy Majlis Senati a’zosi Ibrohimjon Sultonov,
Yoshlar Ittifoqi Farg‘ona viloyat kengashi raisi Shoxruh O‘ktamov.
Ularga bergan ilk savolimiz O‘zbekistonga qanday Prezident kerak, deb hisoblaysizlar?
Ibrohimjon Sultonov:
- Dastlab o‘zim xaqimda aytmoqchiman. Oddiy to‘quvchi edim. Uyda, ijarada bitta dastgohni tebratib hunarmandlik qildim, atlas-adras to‘qidim. Keyin shunday sharoitlar yaratildiki, men o‘zim korxonalar ochdim. Bunga mamlakatimizda hunarmandlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan va qabul qilingan farmon, qarorlar tufayli erishdim. Hozir qo‘l ostimdagi beshta korxonada uch mingdan ziyod ishchi o‘rni yaratganman. Ayniqsa, so‘nggi yillarda hunarmandlarga juda katta imtiyozlar berildi. Ilgari mahsulot eksport qilsak hisob raqamimizdagi valyutaning yarmini belgilangan narxda davlatga sotishga majbur edik. Biron uskuna uchun xorijga pul o‘tkazmoqchi bo‘lib, valyuta so‘rasak masalaVazirlar mahkamasi darajasida juda qiyinchilik bilan xal etilardi. Xatto yillab kutgan davrimiz ham bo‘lgan, hozir esa ish joyimda o‘tirib telefonim orqali elektron shartnomalar tuzib mahsulotlarimni eksport qilyapman.
- Kelgusida saylanadigan prezident hunarmandga nisbatan joriy etilgan ichki siyosatni yanada takomillashtirishini, bizni qo‘llab quvvatlashini davom ettirsa deymiz.
Bahodirjon Shermuhammadov:
- Bundan olti yil avval Farg‘ona davlat universitetining talabalari soni 6500 edi. Bugun ular 33.000 dan ortiq. Ularga 2200 dan ziyod professor o‘qituvchilar ustozlik qilmoqda. Bu nimadan dalolat beradi? Birinchidan, ta’limning “Oltin xalqa”si amalda ishlay boshladi. Ikkinchidan, universitetda beshta yo‘nalishda ilmiy daraja beruvchi kengashlar tuzildi va faoliyat ko‘rsatmoqda. Uchinchidan, o‘quv binolari, yotoq-joylar, kutubxona va boshqa infratuzilmalar bunyod etildi. Muammolar bor albatta, ammo ular bosqichma-bosqich xal etilyapti. Bizga bilimli, saloxiyatli, kuch-qudratli, xalqaro hamjamiyat anjumanlarida o‘z fikrini ayta oladigan va himoya qilish qobiliyatiga ega, xalq orasida obro‘-e’tiborga ega, millat taqdirini yuragidan o‘tkaza olgan qirq millionga yaqin aholini boshqarish iqtidoriga ega inson prezident bo‘lishini istayman. Tarixda ko‘plab davlat rahbarlari bo‘lgan. Ammo ular orasida amaldagi prezident kabi islohotchi insonlar juda kam edi.
Shoxruh O‘ktamov:
- Har bir yosh avvalo o‘z oilasida, ota-onasidan ibrat oladi. Jamiyatda esa irodali rahbarni ko‘rib ulg‘ayadi.
Prezidentlik imtiyoz emas. Prezidentlik o‘z xalqiga, vataniga sadoqat bilan xizmat qilish imkoniyatidir. U strategik bilimga ega bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Yoshlarning orzu umidlarini ro‘yobga chiqarishni kafolatlagan insonni albatta qo‘llab-quvvatlaymiz.
- Yana bir savol: agar siz prezidentlikka nomzod bilan uchrashib unga taklif va tavsiya berish imkoniyatingiz bo‘lganida nimalar degan bo‘lardingiz?
Shoxruh O‘ktamov:
- Agar prezidentlikka nomzodlar bilan uchrashish imkoni tug‘ilsa albatta yoshlarning bandligi masalasini ko‘targan bo‘lar edim. Qolaversa nogironligi bo‘lgan yoshlar masalasida ham murojaat qilaman. Ikkinchidan, norasmiy sektorda mehnat qiluvchilarni legallashtirish mexanizmini yaratish zarurligi haqida taklif bergan bo‘lardim.
Ibroximjon Sultonov:
- 100% qo‘l mehnatiga asoslangan hunarmandlik korxonalaridan olinayotgan soliq miqdorlarini ko‘rib chiqib xuquqiy xujjat qabul qilinishini so‘ragan bo‘lardim.
Bahodirjon Shermuhammadov:
- 2021 yilda Farg‘ona davlat universitetida 65 ta fan nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiyalar himoyasi bo‘lib o‘tdi. 2022 yilda esa ular soni 85 taga yetdi. Bu nimadan dalolat beradi? Ilm bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan iqtidorli yoshlarga kvotalarni ko‘paytirish lozim. 2030 yilgacha qabul qilingan “Harakatlar strategiyasi” dasturining barcha punktlarini izchillik bilan bajaradigan nomzod uchun ovoz bergan bo‘lardim. Qolaversa bo‘lajak prezident yaqin yillar ichida mamlakatimiz dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoriga qo‘shilishini ta’minlashi lozim.
“Bizning Prezident” muloqot maydoni spikerlaridan yana bir masalada shaxsiy fikrlarini bilmoqchi bo‘ldik.Ma’lumki, Prezidentlikka nomzodlar siyosiy partiyalar qurultoyi qaroriga ko‘ra ko‘rsatiladi. Nomzodni ro‘yxatga olishning o‘z qonuniy talablari bor. Shunga qaramasdan yurtdoshlarimiz orasida Prezidentlikni orzu qilayotganlar ham yo‘q emas. Bir san’atkor yurtdoshimiz prezidentlikni orzulagan. Albatta orzuga ayb yo‘q. Ammo hech kim uni qo‘llab quvvatlamadi.
Yana bir yurtdoshimiz shu kunlarda mamlakat rahbari, xalq yetakchisi bo‘lishni, hatto bosh vazirlikka ham rozi emasligini aytmoqda.
Xorijiy ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida u jumladan shunday deydi:
–Xalq qafasda ushlab qolinyapti;
–Maqsadimiz amaldagi davlat tizimiga chek qo‘yish;
–Bizning tarkibimizda xalq yozuvchi – shoirlari, olim-u akademiklar, mehnat qaxramonlari yo‘q;
–O‘zbekiston davlat hokimiyati taraqqiyot dushmani, u bilan xalq kurashyapti;
–Bosh vazirlikka ham rozi emasman.
Xo‘sh bunga nima deysizlar?
Bahodirjon Shermuhammadov:
- Olimu akademiklar, xalq yozuvchi shoirlari, mehnat qahramonlari safida bo‘lmagan partiyaga ziyolilar tanqidiy ko‘z bilan yondoshishlariga ishonaman. Bu yerda menimcha partiya tabaqalashtirilmoqda. Jamiyatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni hamma anglab turibdi. Inson akademik bo‘lish uchun juda katta ilmiy maktab yaratishi, uni xalqaro olimlar hamjamiyati e’tirof etishi kerak yoki O‘zbekiston qaxramoni Lola Murodovani yodga olaylik. U umrini xalqiga bag‘ishladi. Minglab gektar maydonlarni o‘zlashtirib xosil yetishtirdi. Shu kabi insonlarni safiga kiritmagan partiya xalqchil bo‘la oladimi? Yoki Erkin Vohidov kabi shoirlar xalq dardini yozgani uchun ularga xalq shoiri unvoni berilgan. Nega bunday insonlar vatan taraqqiyotiga xizmat qiladi deb, e’lon qilingan partiya safiga kiritilmasligi kerak? Bunday bayonotlar O‘zbekiston ziyolilariga, ilm faniga, mehnatkash xalqiga otilgan toshga tengdir.
Shoxruh O‘ktamov:
- Biz yosh bo‘lsakda prezident bo‘laman, partiya tuzaman deganlarni ham ko‘rdik. Menimcha siyosiy partiya tashkil etaman deyish bir narsa, elektoratim kim bo‘ladi degan gap ikkinchi narsadir. Xo‘sh, o‘sha yurtdoshimiz siyosiy partiya ochmoqchi ekan, qani uni qo‘llab-quvvatlayotgan elektorat? Hatto qonunda belgilangan 20.000 ta imzo ham xaligacha to‘planmadiku. Yana bir gap. O‘zbekistonning, shu xalqning bir farzandiman. Men kabi yoshlar mamlakat aholisining 60% ni tashkil etadi. U janobga mening, bizning nomimizdan bayonot berishga kim vakolat bergan? Kimdir mening nomimdan gapirishiga mutlaqo qarshiman.
Ibrohimjon Sultonov:
- Men hunarmand bo‘lsamda dunyoning juda ko‘plab mamlakatlaridagi ko‘rgazmalarida ishtirok etdim. Farg‘onaning o‘zida men kabi minglab hunarmand – tadbirkorlar emin erkin faoliyat ko‘rsatmoqda. Tadbirkorlar Minglab korxonalar, qo‘shma korxonalar ochib ishlashmoqda. Bu ishlar mamlakatimizdagi erkinlik, ochiqlik, oshkoralik tufayli ro‘y bermoqda. Axir avvallari xususiy korxonalar, fabrikalar, zavodlar bo‘lmagan ediku. Xayot darajasi shunday rivojlandiki, uyda yoki ustaxonada o‘tirib xatto telefon orqali Amerika va boshqa mamlakatlardagi hamkorlar bilan shartnomalar tuzish, mahsulotni sotish, texnologiya yoki xom-ashyo uchun valyuta o‘tkazish mumkin. Hisob raqamimdagi o‘zbek so‘mini bir daqiqa ichida erkin muomaladagi xorijiy valyutaga aylantirish imkoniyati oddiy xolga aylanganichi? Bunday sharoitlar yaqin-yaqinda ham yo‘q ediku! Qafasda turgan odamda shunday imkoniyatlar bo‘larmidi?
–“Bizning Prezident” muloqot maydonida bildirgan shaxsiy fikr-mulohazalaringiz uchun rahmat.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MUi9XFUuICs" title="“Bizning Prezident” muloqot maydoniga marhamat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Shuni alohida ta’kidlamoqchimizki, muloqot maydonigasaylash huquqiga ega yoshdagi ishchi, xizmatchi, fermer-u – tadbirkor, olim-u amaldorlarni, siz tavsiya etgan insonlarni taklif etamiz va ularga muhim siyosiy voqelik haqida fikr – mulohazalarini oshkora, erkin bildirish imkonini yaratamiz.
Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov