Biz yoshlar harakatdan to‘xtamaymiz
Qaror va ijro
Kasbim – mening hayotim mazmuni. Shiorim esa intilishdan hech qachon to‘xtamaslik! Faoliyatimni 2011-yil 34-sonli umumta’lim maktabida yoshlar yetakchiligidan boshlaganman. Hozir Yangiyo‘l tumanidagi Bunyodkor mahallasida yoshlar yetakchisiman, shu bilan birga, Toshkent iqtisodiyot va pedagogika institutining sirtqi bo‘limi talabasiman.
Hozir mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha zarur sharoit yaratib berilgan. Joriy yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nomlangani barcha qatori bizga ham katta mas’uliyat yukladi.
Darhaqiqat, o‘tgan yili mahallamizda yoshlar bilan individual ishlash tizimini joriy etish uchun 14-30 yoshdagi 599 nafar yosh faoliyati tahlil qilindi. Ular uch toifaga ajratilib, tarbiyasi og‘ir va alohida ishlash zarur bo‘lgan yoshlar turli darajadagi tashkilot-muassasalar rahbarlariga biriktirildi. Natijada yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan 9 nafar o‘g‘il-qizning barchasiga amaliy ko‘mak berildi.

Prezidentimizning 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yoshlar bilan ishlash yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Qaror asosida har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Ayni paytda Toshkent viloyati mahallalaridagi yoshlar yetakchilari bilan bir safda faoliyat yuritmoqdaman.
Bizning mahallada ham yoshlarning rahbarlarga biriktirilishi, bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtojlarini qo‘llab-quvvatlash, murojaatlarini nazoratga olish borasidagi chora-tadbirlar ijobiy natija bermoqda.
Misol uchun, mahallamizdagi yordamga muhtoj yoshlarning 16 nafariga kontrakt pullarining 50 foizi to‘lab berildi, 13 nafari harbiy xizmatga yuborildi, 11 nafariga subsidiya asosida asbob uskuna olib berildi, 4 nafariga tikuv mashina, 3 nafariga “Motokultivator”, 1 nafariga kompyuter olib berildi. Shuningdek, 3 nafar yoshning davolanishi uchun moddiy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, hududimizda ish boshlagan “AL-AZIZ ACADEMY” nodavlat ta’lim muassisi bilan hamkorlikda 5 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari ingliz va rus tiliga bepul o‘qitilmoqda. 4 nafar yoshning 3 nafari tikuvchilikka, 1 nafari hamshiralik bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitilib, ish bilan ta’minlandi. 20 nafar yoshga dehqonchilik qilishi uchun suvli joylardan yer maydonlari ajratildi. Bugungacha ko‘chalarda hasharlar tashkil etilib, unda yoshlar faol ishtirok etdi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olindi.
Sarhisob qilishga arzigulik natijalarimiz juda ko‘p. Biroq bu bilan hech ham to‘xtamaymiz. Aksincha, yangi marralarni, yangi maqsadlarni amalga oshirish uchun harakat qilmoqdamiz. Jamiyatimizdagi amalga oshirilayotgan bu kabi sa’y-harakatlarda faol qatnashayotganimdan juda xursandman.
Laylo Boymirzayeva,
Yangiyo‘l tumanidagi
Bunyodkor mahallasi yoshlar yetakchisi.
O‘zA