Biz hech kimdan kam emasmiz!
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 56-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ingliz tili darsi shunday boshlanadi.
Xona eshigi ochilib, sinfga ish dasturini ko‘tarib olgan o‘qituvchi kirib keldi. O‘quvchilar o‘rinlaridan turib bir ovozdan: – Good morning teacher, – dedi.Murabbiyaning yuziga tabassum yugurib, qo‘lidagilarni ish stoli ustiga qo‘ydi. Shogirdlariga bir qur ko‘z yugurtirgach: – Good morning sit down, – dedi...
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 56-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ingliz tili darsi shunday boshlanadi. Mavzular xilma-xil. Masalan, o‘tgan darslarda bolalar yozish, sanash, o‘qishni o‘rganishgan bo‘lsa, bugun meva va hayvonlarning nomlarini amaliy mashg‘ulotlar orqali ko‘rsatib, tushuntirib berishadi.
O‘qituvchi qo‘lida tayoqcha tutgan holda sinf taxtasiga ilingan bukletlarda aks ettirilgan turli mevalarga ishora qilib tushuntira ketdi:
Today we talk about fruits. Do you like this?
Yes!
What is your favorite fruit?
Apple, banana...
Xullas, dars boshlandi. Sinf ikkiga bo‘lindi. Har bir guruh a’zolari navbatma-navbat o‘rtaga chiqib, qo‘lidagi biror mevani “raqib” jamoaga ko‘rsatadi. Javob bersa, “o‘yin pulti”ni qo‘lga kiritadi. Yo‘qsa, jarima tariqasida jamg‘arilgan “ochko”larining uch balidan mahrum bo‘ladi...
Qizig‘-a?!
– Maqsadimiz ham aslida shu – bolalarni darsga qiziqtirish, – deydi o‘quvchilarning faol ishtirokidan mamnun o‘qituvchi Ra’no Abdurahmonova. – Bilasizmi, yoshlar, ayniqsa, bolalarning eslab qolish qobiliyati, chet tillarni o‘rganishga ishtiyoqi baland bo‘ladi. Ularning bu qobiliyatini to‘g‘ri shakllantirish, xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqishini oshirishda o‘qitishning interfaol metodlaridan keng foydalanish juda qo‘l keladi.
Bu o‘qituvchi zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. O‘qituvchi o‘quvchilarini fanga ijodkorlik rakursi bilan qarashga o‘rgatishi, ularda izlanuvchanlik fazilatini shakllantirishi kerak. Buning uchun u bir necha yangicha ta’lim usullarini yaxshi bilishi lozim. Misol uchun, interfaol metodlar ortiqcha ruhiy va jismoniy kuch sarflamay, qisqa vaqtda yuksak natijalarga erishishni ta’minlaydi. Darsda ma’lum nazariy bilimlarni o‘quvchiga yetkazish, unda ayrim faoliyat yuzasidan ko‘nikma va malaka hosil qilish, ma’naviyatini boyitish, o‘quvchi bilimini nazorat qilish hamda baholash o‘qituvchidan yuksak mahorat va tezkorlik talab qiladi.
Yana bir gap. Interfaol metod va usullar o‘quvchida kommunikativ qobiliyatning o‘sishiga, o‘quvchilar orasida mustahkam aloqa o‘rnatilishiga, muammoli vaziyatlar yechimiga, guruhda ishlashni, o‘zgalarning fikrini tinglay olish va o‘z fikrini mustaqil bayon etishni o‘rgatibgina qolmay, o‘ziga bo‘lgan ishonch, bilimiga tayana olish, qiziqish doirasining kengayishi va mustaqil fikrlashga olib keladi.
O‘qituvchi haq. Boisi bugun mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, chet tillarni puxta o‘rganishi uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar ularning sog‘lom va intellektual salohiyatli insonlar bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar tufayli “Kids English” singari ko‘plab darsliklar, o‘quv qo‘llanma va adabiyotlar yaratildi. Ayni paytda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida birinchi sinf o‘quvchilariga chet tillari, xususan, ingliz tili o‘yin hamda og‘zaki nutq shaklida o‘tilayotgan bo‘lsa, ikkinchi sinfda alifbo, grammatika va o‘qish qoidalari bo‘yicha saboq berilmoqda.
Buni hikoya qilayotganimiz maktab faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Ayni paytda ushbu dargohda 83 nafar malakali o‘qituvchi va murabbiy mehnat qilmoqda. Ular 1 ming 600 dan ziyod o‘g‘il-qizga turli fan bo‘yicha saboq bermoqda. O‘quvchilarning darsdan keyingi vaqtini har tomonlama mazmunli va foydali o‘tishini ta’minlash maqsadida oltmishga yaqin sport, san’at, mehnat va fan to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Maktab pedagogik jamoasi va o‘quvchilarning turli tanlov va “bilimlar bellashuvi”da qo‘lga kiritayotgan yutuqlari alohida mavzu.
– Odatda, maktab yoshidagi bolalarning aksariyati o‘yinqaroq bo‘lishadi. Ularning darsga qiziqishi, faolligi, uyga berilgan vazifani mustaqil, o‘z vaqtida tayyorlashi ko‘p hollarda ota-ona qistovi bilan amalga oshiriladi. Bunday vaziyatda o‘qituvchidan o‘qitishning interfaol usullaridan keng foydalanish talab etiladi, – deydi maktab direktori Gulbahram Gasilova. – Shundan kelib chiqib, viloyatimiz maktablarining boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari o‘rtasida “aqliy hujum”, “blits” va “kartochka orqali savol-javob olib borish” hamda “klaster” kabi interfaol metodlar, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan tarkib topgan turli dars ishlanmalarini ommalashtirish maqsadida maktabimizda “mahorat maktabi”ni tashkil etdik.
Shu o‘rinda yaqinda davlat granti asosida xorijiy mamlakatlardan birida o‘qib, malaka oshirib qaytgan bir yigitning taassurotlarini keltirishni lozim topdik:
“Ishxonamizning bir guruh yoshlari xorijdagi ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarida o‘qib, sohaga oid bilim va ko‘nikmalarimizni boyitib qaytdik. Ba’zilarimiz ilm dargohining imtiyozli diplomini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lganimiz yanada quvonchli.
U yerda dunyoning deyarli barcha nuqtalaridan kelgan yoshlar tahsil olarkan. Nokamtarlikka yo‘ymang-u, ular bilan til topishib, bahs-munozaraga kirishib, bildikki, o‘z sohamizda ham, dunyoviy bilimlar borasida ham boshqa mamlakat yoshlaridan ancha ildamlab ketayapmiz. Bizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikka ko‘pchilikning havasi keldi.
Rus, ingliz, nemis, fransuz tillarida puxta va erkin so‘zlashishimizni ko‘rib, chet ellik tengqurlarimiz “Sizlar injenermisizlar yoki tilshunos?”, deb hazillashgan paytlar ham bo‘ldi. Shunda biz g‘urur bilan Prezidentimizning quyidagi mashhur so‘zlarini eslab, mana shunday javob qaytarganmiz:
– We are not worse off anyone, and will never be!.. – “Biz hech kimdan kam emasmiz va hech qachon kam bo‘lmaymiz!”