Biz faqat intilib yashashimiz kerak
Biz kecha kutuvchilar edik, bugun orzularimiz sohibimiz. Kasb taqozosi bilan odamlar orasida ko‘p yuraman. Turli kasb va turli taqdir egalari bilan suhbatlashaman. Oddiy suhbatlar asnosida ularning qalbidagi orzu-niyatlari, hayotidagi o‘zgarishlar, ertangi kunga qarashlari haqida gaplashamiz.
Shunday suhbatlardan keyin bir haqiqatga tobora ko‘proq ishonch hosil qilaman: xalqimiz bugungi o‘zgarishlarni nafaqat ko‘rib, balki ularni o‘z hayotida his qilib yashayapti.
Inson yuzidagi quvonchni yashirish qiyin. Har kuni yurtdoshlarim nigohida shukronalik, qalbida ishonch, gap-so‘zida ertangi kunga intilishni ko‘raman. Men uchun bu — yurtimizdagi yangilanishlarning eng katta ko‘rsatkichi.
Hatto ko‘chalardagi daraxtlar, yashnayotgan gullar ham kecha va bugunimizning qiyofasini eslatgandek bo‘ladi. Kecha bilan bugunni qiyoslasangiz, farqni ko‘rish uchun uzoq yillarni eslash ham shart emas. O‘n yil avvalgi hayotimizni bir eslab ko‘rishning o‘zi kifoya.
Ayniqsa, farzandlarimiz ta’limidagi o‘zgarishlar haqida o‘ylasam, kechagi kun bilan bugun o‘rtasidagi masofa yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bir paytlar maktabda o‘qish jarayoni paxta yig‘im-terimi mavsumiga ulanib ketardi. Beliga etak tutishga qodir o‘quvchidan tortib, o‘qituvchigacha dalaga safarbar qilinar, maktab direktori esa ta’lim sifati emas, paxta terimi rejasi haqida hisobot berardi. Kunlik reja bajarilmasa, gap eshitilar, hatto ishdan bo‘shashgacha borib yetilardi. Bugun esa maktabning vazifasi — bolaga bilim berish, uning qobiliyatini kashf etish, orzusini ro‘yobga chiqarishga yo‘l ochish.
Tumanimizda bu yil 6 ta umumta’lim maktabi, 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi hamda «Kelajak markazi» kapital ta’mirlanib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Bu raqamlarning ortida minglab bolalarning qulay sharoitda ta’lim olishi, o‘qituvchining esa o‘z kasbiga yanada ishtiyoq bilan yondashishi turibdi.
Yaqinda tahririyat yonidagi maktab ko‘chasida turgan avtomobillarga ko‘zim tushdi. Qator tizilgan mashinalarning aksariyati o‘zimizda ishlab chiqarilgan. Ularning egalari orasida o‘qituvchilar ham bor.
Bundan o‘n yil avval «O‘qituvchi yaxshi daromad topib, o‘z mashinasida maktabga qatnaydi», desak, kim ishonardi? Bugun esa bilim va mehnat qadrlanayotgani, insonning o‘z kasbi orqali farovon hayot qurishi mumkinligi oddiy voqelikka aylanmoqda.
Mening bir orzum bor edi — farzandlarim men ko‘rmagan, men orzu qilgan maktabda o‘qisa, derdim. Farzandim ham o‘z bolasi uchun yanada yaxshi sharoitlarni istadi. Bugun esa o‘sha orzularga nevaralarimiz erishayotganini ko‘rib turibmiz. Shu ma’noda, taraqqiyot — faqat yangi binolar yoki zamonaviy jihozlar emas. Taraqqiyot — bir avlodning orzusi keyingi avlod uchun oddiy imkoniyatga aylanishidir.
Oila farovonligi esa inson baxtining eng muhim mezonlaridan biri. Tumanimizda bu yil 5 ta ko‘p qavatli uy qurilishi boshlanib, ayni kunlarda qurilish va pardozlash ishlari jadal davom etmoqda. Ularning aksariyati yosh oilalar uchun yangi xonadonlar bo‘ladi. Subsidiya va imtiyozli kreditlar esa kechagi «qachon uyli bo‘lar ekanmiz?» degan savolni bugun «yangi uyimizda qachon ko‘chib kiramiz?» degan quvonchli intilishga aylantirmoqda.
Ota-onalarning quvonchi shundan. Farzandini uy-joyli qilish tashvishi yengillashdi. Qalbida shukr, tilida duo.
Menimcha, bugungi hayotimizning eng katta boyligi — imkoniyatlar ko‘paygani. Ilgari inson ko‘p narsani orzu qilar, ammo unga yetish yo‘lini topolmasdi. Bugun esa niyat qilgan inson uchun yo‘llar ochiq. Imtiyozlar, subsidiyalar, ta’lim olish, kasb egallash, tadbirkorlik qilish, uy-joyli bo‘lish uchun imkoniyatlar bor. Ammo imkoniyatning o‘zi yetarli emas. Kutish emas, harakat qilish kerak. Orzu qilish emas, unga intilish kerak. Imkoniyatdan foydalanish uchun bilim, mehnat va ishtiyoq zarur.
Shuning uchun bugungi avlodning mas’uliyati ham katta. Biz kecha ko‘proq kutuvchilar edik. Bugun esa erishish imkoniga ega bo‘lgan avlodmiz. Kecha orzu qilganlarimizni bugun amalga oshira olamiz. Kechagi orzu bugungi imkoniyatga, bugungi imkoniyat esa ertangi natijaga aylanmoqda. Har bir kunimiz intilish va yangilik bilan go‘zal. Har bir yaxshi o‘zgarish esa insonni yanada katta maqsadlar sari chorlaydi.
Yangi O‘zbekistonni baxtiyorlar yurti deb atashga ma’naviy haqqimiz bor deb o‘ylayman. Chunki har kuni ishga, o‘qishga, ezgu niyatlar bilan ko‘chaga chiqqan insonlarni ko‘raman. Kechqurun esa o‘z uyi, oilasi bag‘riga shoshayotgan yurtdoshlarimiz bilan qaytaman. Bu oddiy manzaradek ko‘rinsa-da, aslida tinch va farovon hayotning eng samimiy tasviridir. Eng muhimi, bugun har bir inson o‘z hayotining ertangi kunini o‘zi qurish imkoniga ega.
Shunday ekan, o‘zgarishlarni kutib o‘tirmaylik. Ularning faol ishtirokchisi bo‘laylik. Farzandlarimizga qoldiradigan eng katta merosimiz — tayyor boylik emas, balki bilim, mehnatsevarlik, Vatanga muhabbat va imkoniyatlardan unumli foydalanishni o‘rgatish bo‘lsin.
Sirdaryoliklar qalbidagi shijoatni esa ulug‘ shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaning bu misralari ifoda etgandek:
Xalqim yelkasiga boshim qo‘ymog‘im uchun,
Xalqim ko‘lkasiga boshim egmog‘im uchun,
Unga qarshi nima kelsa dadil turmog‘im uchun,
Mendan qay ish lozim bo‘lsa — barchasiga tayyorman.
Bugun bizda shukr qilishga asos bor. Ammo shukrning eng go‘zal ko‘rinishi — yaxshi imkoniyatdan foydalanib, yanada yaxshi natija yaratishdir.
Biz kecha kutuvchilar edik. Bugun esa orzularimizning chin ma’nodagi sohiblarimiz. Endi gap — shu orzularni yanada yuksaltirishda.
Bahriniso NORJIGITOVA,
“El yurt hurmati” ordeni sohibasi