Bitiruvchilarga oltin va kumush medallar topshirildi
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Madaniyat markazida umumta’lim maktablarini oltin va kumush medallarga tamomlagan bitiruvchi o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda mutasaddi tashkilotlarning rahbar va mas’ullari, maktabni oltin, kumush medallar bilan tamomlagan bitiruvchilar, ularning ustozlari hamda ota-onalari ishtirok etishdi.

Bu yil tumandagi 91 ta umumta’lim maktabini 2157 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularning orasida eng iste’dodli, tirishqoq, bilimdon, zukko va intiluvchan 69 nafar o‘quvchi oltin va kumush medallar sohibi bo‘ldi.


Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda G‘allaorol tumani hokimi Jaloliddin Oqboyev so‘zga chiqib, bitiruvchilarni bugungi unutilmas kun bilan samimiy qutladi hamda ular mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va rag‘batdan unumli foydalanib, puxta bilim egallashlari, katta hayot yo‘lida el-yurt ravnaqi uchun astoydil mehnat qilishlari lozimligini alohida ta’kidlab o‘tdi va hayotda o‘zlarining munosib o‘rinlarini topishlariga tilak bildirdi.

Tadbir so‘nggida bitiruvchilarning 46 nafariga oltin, 23 nafariga kumush medalllar, shuningdek, ularning ustozlari va ota-onalariga esa tuman hokimining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi .
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA