Bitiruvchi – 2021: Prezident tabrigi bitiruvchilarga ishonch bag‘ishladi
Bugun mamlakatimizning barcha umumta’lim muassasalarida, yurtimiz hayotida quvonchli va shukuhli kun. Umumta’lim maktablarida "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tantanalari bilan 2020-2021 o‘quv yili yakunlanmoqda
Mana shunday quvonchli onlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi o‘g‘il-qizlariga yo‘llagan tabrigi nafaqat bitiruvchi-yoshlarga, balki ularning ota-onalari, ustoz-muallimlarga ko‘tarinkilik va katta ishtiyoq bag‘ishladi.
Binobarin, samimiy dil izhorlari bitilgan tabrikda ta’kidlanganidek, "Qalbi pok, orzu-umidlar bilan to‘lgan Sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimiz timsolida biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya sohasidagi sa’y-harakatlarimizning yana bir amaliy natijasini, xalqimiz va Vatanimiz kelajagini ko‘ramiz".
Respublikamizdagi 10 mingdan ziyod davlat umumta’lim, 171 ta nodavlat, 18 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktablar qatorida Namangan viloyatidagi 711 ta ilm maskanida ham shunday ahd bilan ertangi kunimiz egalarining zamonaviy bilimlarni mukammal o‘qib-o‘rganishlari uchun qulay sharoit va imkoniyatlar muhayyo etilgan. 20 ta davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati, viloyatning barcha shahar va tumanlarida qator davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktablari faoliyat olib bormoqda. Ularda yoshlarga umu’ta’lim fanlarini puxta o‘rgatish barobarida har jihatdan yetuk, jismonan barkamol, yuksak ma’naviyatli va keng tafakkur egalari etib tarbiyalash maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga, sport musobaqalari, musiqa va san’at yo‘nalishidagi festival va bahslarga, Prezidentning 5 muhim tashabbusi ijrosiga har qachongidan jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Ertamiz egalariga taraqqiyot asri talablariga xos va mos tarzda zamonaviy bilimlarni o‘rgatish barobarida ularni kasb-korga yo‘naltirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish doimiy e’tiborda. Bu borada ustoz-shogird an’analari muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Yoshlarning intilishlarida ham ular "Nimaiki qilsang tilak, bariga o‘qish kerak", degan o‘gitni qalban chuqur anglab yetganliklarini ko‘rish mumkin.
Yakuniga yetayotgan o‘quv yilida Namangan viloyatidagi umumta’lim muassasalarini 36 ming 564 nafar bitiruvchi tamomlamoqda. 409 bitiruvchi muvaffaqiyat marralarini zabt etib, muddatidan avval nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari talabaligiga qabul qilinganida, bu borada Yangiqo‘rg‘on, Mingbuloq tumanlari va Namangan shahri bitiruvchilari yetakchilik qilganida ham bu yaqqol namoyon.
Bu o‘z navbatida yurtimizda yangi O‘zbekiston istiqbolini yoshlar kamolida deb bilib, ularga beqiyos g‘amxo‘rliklar ko‘rsatilayotgani, barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotgani, “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu maqsadlar ro‘yobga chiqayotganidan dalolat beradi.
Namangan viloyatida 2021 yilning o‘zida investitsiya dasturi bo‘yicha 6 ta yangi maktab qurilishi amalga oshirilmoqda. 13 ta maktabda rekonstruksiya hamda 6 ta ilm maskanida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lsa, Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilangan ustuvor vazifalar asosida 3 ta yangi maktab bunyod etilmoqda. 7 ta rekonstruksiya, 2 ta mukammal ta’mirlash, qolaversa, "Obod mahalla" dasturi doirasida 5 ta, "Obod qishloq" dasturi bo‘yicha 20 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu bunyodkorlik ishlari uchun jami 306.4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Prezidentimiz tabrigidan ruhlanib bitiruvchi-yoshlar marrani yanada baland oladi, istiqbol sari shijoat bilan dadil odimlaydi.
Rustamjon Isroilov,
Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i