Birlik kanali bilan bog‘liq muammo bartaraf etildi
Xalq vakili aholi bilan muntazam ravishda muloqotda bo‘lib, ularning dardu tashvishlarini o‘rganishi, muammolarini bartaraf etishga harakat qilishi lozim. Shundagina saylovchilar ishonchini oqlab, o‘z zimmasidagi vazifalariga mas’uliyat bilan yondashgan bo‘ladi.
Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Durbek Ahmedov Uchtepa tumanida bo‘lib, “Uchtepa” mahalla fuqarolar yig‘inida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi.
Yuzma-yuz muloqotlar davomida aholi vakillari mahalla hududidan Katta halqa yo‘li orqali O‘rikzor dahasiga kesib o‘tuvchi Birlik kanali bilan bog‘liq muammoni o‘rtaga tashladilar. Kanalning “Taqachi” ko‘cha, “Sharof” ko‘chasi, 13-tor “Sharof” ko‘chalari kesishgan joyida o‘zanidan toshib chiqish oqibatida katta ko‘lmak hosil bo‘lgan. Bu esa shu yerda istiqomat qiluvchi aholi uchun noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.

Deputat Durbek Ahmedov Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi 7-Uchtepa tumani bo‘limiga muammoli masalani bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berdi va ushbu masala deputatlik nazoratiga olindi. Natijada 7-Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan quvur ta’mirlanib, suv hajmi yer sathidan pastga tushirib berildi. Kelgusida muammo bo‘lmasligi uchun nazoratga olindi.
Shuningdek, deputat 22-sonli Oilaviy poliklinikada ham bo‘lib, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish masalalarini o‘rgandi. Bu borada aholining takliflari olindi.
Tumandagi o‘rganishlar davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish masalasi deputat nazoratiga olindi.
M.Komilova,
O‘zA