Bir yilda o‘ttizdan ortiq tomorqa klasteri tashkil etildi
Navoiy viloyati Nurota tumanida 12 ta yo‘nalishda aholi tomorqalariga kompleks xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan “Nurota tomorqa xizmati klasteri” ishga tushdi.
Bugun hayotning o‘zi yangi innovatsion usul – klaster tizimining huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy afzalliklari ko‘pligini namoyon etmoqda. Eng avvalo, klaster usulida mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilar manfaatdorligi kafolatlanayotganini ta’kidlash joiz. Qolaversa, tizim orqali “mavsumiy ishchi” tushunchasiga barham berilayotgani uning ahamiyatli jihatlaridan, deyish mumkin. Klasterlarda odamlarning yil – 12 oy bandligi ta’minlanyapti. Ular xuddi zavod va fabrikalar ishchilaridek, doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lib, oylik maosh olishyapti. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish natijasida ularning yanada farovon yashashlariga qulay shart-sharoit yaratmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 30 iyundagi tegishli qaroriga asosan barcha hududlarda tomorqa klasterlari tashkil etilmoqda. O‘tgan davrda ya’ni qaror chiqqandan buyon o‘tgan davrda 32ta ana shunday klaster tashkil etildi. Ular 12 ta yo‘nalishda, xususan, muzlatkichli omborxona, inkubator, saqlash omborxona, motokultivator, issiqxona, yem ishlab chiqarish, kimyoviy vositalar sotish do‘koni, issiqxonalar qurishda ishtirok etadi.
“Nurota tomorqa xizmati klasteri”da ham 8 xildagi meva -sabzavotlarni quritib, qadoqlaydigan mini sex Xitoydan keltirildi va ishga tushirildi. Shuningdek, 100 tonna sig‘imga ega muzlatgich omborlar qurilib, hozirda 50 tonna piyoz va 29 tonna kartoshka jamg‘arib qo‘yildi.
Eng muhimi, ushbu klaster tomorqa yer egalarini malakasini oshirish o‘quv zali ham tashkil etilgan bo‘lib, u har darsda 80 kishini o‘qitishga mo‘ljallangan.
Ayni vaqtda “Nurota tomorqa xizmati klasteri” 400 nafarga yaqin tomorqa yer egalari bilan tomorqalariga ekin ekib berish hamda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzildi. Ana shu jarayonda tumandagi suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 28 ta mahallada yashovchi aholi tomorqalariga artezian quduqlari qazish ishlari boshlab yuborildi.
Aslida ham klasterlarni shakllantirishdan maqsad — shahar, tuman va viloyat ichida joylashgan bir xil soha korxonalarini hamda ular bilan yagona texnologik zanjirda bo‘lgan ta’lim, ilmiy, muhandislik, konsalting, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va boshqa xizmatlarni uyg‘unlashtirishdir. Shu asosda innovatsion ishlab chiqarish tashkil etiladi.
Umrzoq Rahmatov,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mutaxassisi