Bir talabga to‘qqizta taklif
Milliy matbuot markazida Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan elektron savdolarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokini kengaytirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan elektron savdolarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokini kengaytirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.Birja innovatsion yechimlar va bozor tamoyillariga tayangan holda kichik biznes vakillarini birja savdolariga keng jalb etmoqda. Prezidentimizning 2011-yil 7-fevraldagi “Davlat xaridlari tizimini maqbullashtirish va ularga kichik biznes subyektlarini jalb etishni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo‘layotir. Qarorda byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, davlat buyurtmalarini ta’minlashda kichik biznes subyektlari ishtirokini kengaytirish, halol raqobat muhitini rivojlantirish hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda oshkoralik va ochiqlikni ta’minlash chora-tadbirlari belgilangan.
Ilk bor 2011-yilda o‘tkazilgan davlat xaridlari bo‘yicha elektron auksion savdolarda 166 milliard so‘mlik bitimlar tuzilgan. Bunda kichik biznes subyektlarining ulushi 89 foizni tashkil etgan. Joriy yilning birinchi choragida 88 milliard so‘mlik bitimlar tuzilib, ularning 99 foizi kichik biznes vakillari ulushiga to‘g‘ri kelgan. Kichik biznes vakillari ko‘proq qurilish mollari, suyultirilgan gaz, polietilen xarid qilib, katta hajmlarda oziq-ovqat, neft-kimyo va yog‘-moy mahsulotlari sotgan.
2011-2015-yillar mobaynida «D-xarid» elektron tizimida faol bo‘lgan kichik biznes subyektlari 5 mingdan 38 mingtaga ko‘paydi. Ilgari axborot portaliga joylashtirilayotgan bir talabnomaga ikkita yetkazib beruvchi taklif bildirgan bo‘lsa, mamlakatimizda kichik biznes va sog‘lom raqobat rivojlangani samarasida bugun ular o‘rtacha to‘qqiztani tashkil etmoqda.
– Elektron savdolarda qatnashayotgan kichik biznes vakillari safi tobora kengayib bormoqda, – deydi Respublika tovar-xomashyo birjasi bosh mutaxassisi Jasur Yunusov. – Axborot portalimizdan har kuni foydalanayotganlar soni 2 mingdan 6 mingtaga ko‘paydi. Ularga yanada qulaylik yaratish maqsadida portalda "Pul mablag‘larini qaytarish", "Huquqiy maslahat", veb-sayt foydalanuvchisi harakatlarini ovoz bilan izohlash kabi interaktiv xizmatlar, mijozlarning shaxsiy kabinetlari, "Kalkulyator" kabi funksiyalar yo‘lga qo‘yildi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tadbirkorlarning davlat xaridlarida ishtirok etishlari uchun byudjet tashkilotlarining amaldagi talabnomalariga obuna bo‘lish imkoni yaratildi. "Yagona darcha" markazlari bilan samarali hamkorlik o‘rnatildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.