Bir o‘lkaki... Bu o‘lkada har narsa bordir
Otashqalb shoir Hamid Olimjonning shunday dilbar satrlari jaranglab turgan “O‘zbekiston” degan go‘zal she’ri o‘quvchilik paytimizdayoq yuragimizdan chuqur joy olgan.
Ehtimol, yurtga, Vatanga mehr-muhabbat shunday misralar sehri bilan daryo kabi oqib kirgandir biz tengi avlodlar qalbiga. Bayramlarda ko‘ksimizni qabartirib:
Bu o‘lkada har narsa bordir,
Ko‘rmaganlar doim xumordir! – deya qo‘shiq qilib kuylaganlarimiz ham hech esimdan chiqmaydi.
Oradan ko‘p suvlar oqib — oq-qorani taniy boshlaganimizdan keyin bildikki, chindan ham bu o‘lkada yo‘q narsaning o‘zi yo‘q ekan!
Har qadami paxta, chorva, g‘alla, pilla, bog‘-rog‘lar makoni; zamini xazinalar bo‘stoni ekan O‘zbekiston. Faqat o‘zimiz yaxshi bilmas ekanmiz javohirot bog‘ida yashayotganimizni. Ochilmagan qo‘riq ekan ona yurtimiz! Mana, masalan, Jizzax.
Hamid Olimjon kabi dilbar shoirlarning beshigini tebratgan, Sharof Rashidovdek allomani opichlab katta qilgan bu ajib diyorning tarixi ulkan bir doston. Ptolemey, Plutarx, Pliniy, Yustin, Drayzen, Dionist, Narshaxiy degan ulug‘ allomalar uning yoshini Rimga tengdir degan bo‘lsalar; boshqa moziyshunoslar milodning 400 yillarida Choch, Sug‘diyona, Farg‘ona muzofoti oralig‘idagi zaminda Ustrushona nomli davlat bo‘lgani, Dizak (Jizzax) mazkur davlatning eng yirik shahriga aylanganini yozib qoldirganlar. Boshqa birlari esa milodiy yil hisobining 3 — 5 asrlaridan boshlab, sakkiz yuz yildan oshiqroq vaqt mobaynida Ustrushona yer yuzida barq urib yashnagan davlatlar qatorida turgani; bir yog‘i Xo‘janddan Forish tog‘lariga, bir yog‘i Chinozdan qozoq cho‘llariga qadar cho‘zilgan Ustrushona to arab istilosiga qadar umumjahon savdo tarmog‘ida ham juda muhim o‘rin egallaganini ta’kidlaganlar. Ibn Xovqal, Ibn Xordadbek, Nizomulmulk singari allomalarning asarlarida, xitoyliklarning 500-600 yillarga oid “Suy davlatining tarixi”, “Tan davlatining tarixi” kitoblari va 629 — 630 yillarda O‘rta Osiyoga safar qilgan chin yurtining sayyohi Syuan Szyanning ma’lumotlarida esa, Ustrushona So‘g‘ddan Farg‘onaga olib boruvchi yo‘l ustida joylashgani va shu yerda yo‘l ikkiga ajralib, biri Farg‘onaga, ikkinchisi Shosh va Iloqqa olib borgani bois mazkur qo‘rg‘on yuksak ehtiromlarga sazovor bo‘lgani ta’riflangan. Alqissa, tarixdan so‘z ketsa, gap tugamaydi. Bular, albatta, juda muhim gaplar. Lekin, eng muhimi, qo‘shiqlarda kuylanganidek, Jizzaxning har siqim tuprog‘i oltinga, har hovuch suvi zarga, har giyohi yuz dardga shifo ekanidadir. Hatto, Mendeleyev deganlarning jadvaliga kirmagan ma’danlar ham to‘lib-toshib yotibdi. Ozroq mahobat qiladigan bo‘lsak, yarim dunyoni gullatib-yashnatishga yetib-ortadi undagi javohirlar.
Shunday xazinalarning biri – Forish bazalt koni bo‘lsa, ikkinchisi “Uchquloch” qo‘rg‘oshin-rux konidir.
Bazalt, degani aslida toshlarning bir turi. Biroq hamma toshdan ham bazalt tolasi chiqavermaydi, sifatli mahsulot olish uchun tosh qildek yupqa kimyoviy birikmalarga ega bo‘lishi kerak. Bundan min-ming yillar oldin vulqonlarning otilishi natijasida paydo bo‘lgan Forish toshlariga Xudoyim ana shunday nodir fazilatlar ato etgan. O‘rta Osiyoda bunaqasi yo‘q. Ammo, ne ko‘rgilikki, yuz yillar davomida o‘zimizning boylik o‘zimizga nasib etmadi. Huv, shimol tomonlarda edi uning xo‘jayinlari. Faqat bu emas, O‘zbekistondagi jamiki boyliklarning egalari edi o‘shalar. Biz haqqimizni talab qilish tugul aytishga qo‘rqardik. Kelajagimiz kuyib ketmasin, deb qo‘rqardik. Ichimizdagi ichimizda qolib ketardi. Yuz yillar qo‘rqdik. Tilimizni tishladik. Alamimizni yutdik. Kesak chaynasak chaynadik, ammo haqimizni so‘ray olmadik. Qo‘rqmaganlarning boshiga 1916 yili qanday jafolar tushganini ko‘rdik-da... Jizzax qonga belandi. Ariqlar qonga to‘ldi. Ko‘chalarda qip-qizil qon oqdi. O‘z vahshiyliklarini ko‘rgan jallodlarning o‘zlari ham titroqqa tushdi. “Men Kavkaz, Qrim qo‘zg‘olonlarining bostirilishiga guvohman, — degan edi Oqposhshoning Pokrovskiy degan zobiti. — Ammo Jizzaxdagidek to‘kilgan qonni hech qayerda ko‘rganim yo‘q”. Sho‘rolar zamonida qaroqchilar battar qutirdi. Ular nafaqat boyligimizni taladi, balki tinchimizni, dilimizni, tilimizni, xotiramizni, erkimizni, g‘ururimizni, kechmishimizni, imon-e’tiqodimizni, milliy sha’nimizni oyoqosti qildi. Millatini, vatanini sevganlar yo‘q qilindi. Dunyoga mashhur olim, yer qa’ridagi sir-sinoatlarni bilguvchi zakovatli zot, akademik Habib Abdullayev minglab elparvarlarning bittasi edi. U qaroqchilarning asl niyatlarini kechroq anglab, xatolarini tuzatishga kirishadi. Aytishlaricha, u bosqinchilarning oltin konlarimizni tashib, talab ketayotganlarini ko‘rganidan keyin “Muruntovni ochib adashdim”, deya alam bilan ko‘kragini changallagan ekan. Yurtimizdagi boshqa konlarni yashirgani uchun O‘zkompartiyaning o‘sha paytdagi Titov degan ikkinchi kotibining xufiyona buyrug‘i bilan shifoxonada yotgan Habib Abdullayev 47 yoshida zaharlab o‘ldirildi. O‘zbek yana bir benazir farzandidan judo bo‘ldi.
Qanday qora kunlarni ko‘rdi, ne-ne allomalaridan, botirlaridan, asl farzandlaridan ayrildi bugungi manzilga yetib kelgunicha ota-bobolarimiz.
Mushkulotlar, mushtumzo‘rliklar, adolatsizliklar shu zamin farzandi, Jizzaxning Zomin qo‘rg‘onida tug‘ilib o‘sgan Shavkat Mirziyoyevga besh qo‘lday ayon edi, albatta. Davlat rahbari bo‘lib saylanganidan so‘ng o‘tmish yaralarini davolash, el-ulus dasturxonini to‘kin qilishdek buyuk vazifa yelkasiga tushgan Prezident maqsadga erishmoq uchun eng avvalo, sanoatni rivojlantirishga e’tibor qaratdi. Jizzax, xususan Forish koni nafaqat Jizzax, balki butun respublika iqtisodida karvonboshi bo‘lishi mumkin. Zero, hozirgi zamonda kosmosdan tortib to oddiy armaturagacha “bazalt” deyilmish noyob xom ashyosiz “nafas” ololmaydi. Hamma muhim tarmoqlar: suv inshootlari, harbiy sanoat, uchoqsozlik, kemasozlik, metro, temir yo‘l, yo‘llardagi ko‘tarmalar, ko‘priklar, deyarli barcha qurilish sohalari uchun bazalt bamisoli non kabi aziz. Bazaltdan tayyorlanadigan armatura, kompozit setka, fabrivalka temirnikiga nisbatan qirq foiz arzon, o‘n marta yengil, mustahkam, zanglamaydi, issiqqa bardoshli, hatto, selsiy bo‘yicha uch ming darajagacha chidaydi, ekologik toza.
Shul bois Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga saylangan birinchi kunlardayoq Jizzaxga keldi. U kishining tashabbusi bilan 2017 yili “Basalt Uzbekistan” sanoat klasteri tashkil etildi. Мuдрoq tog‘u toshlar makonida hayot uyg‘ondi. Qudratli mashinalar ishga tushdi. Bahaybat xarsanglar maydalanib, soch tolasidan 5 barobar ingichka ipakdek mayin tolalarga aylantirilib, lofi bilan yuz xil qimmatbaho qurilish materiallari tayyorlash imkoni paydo bo‘ldi. Bugun kon hududida loyiha qiymati 498 million yevro bo‘lgan 7 ta zavod faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular Germaniya, Fransiya, Italiya, Chexiya kabi davlatlardan keltirilgan eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. 2 mingga yaqin kishining qora qozoni qaynab turibdi.
Konda o‘tgan 2024 yilning o‘zida 800 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlandi, ularning 85 foizi AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Turkiya, Belgiya, Indoneziya, BAA, Rossiya, Gruziya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlariga eksport qilindi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra bu yerda 5 million kubdan ziyod bazalt toshi mavjud. Bu bir emas, yana 4-5 ta zavod qurilsa ham zaxira 10 asrga yetib ortadi, deganidir.
Endi ikki og‘iz so‘z “Uchquloch” qo‘rg‘oshin-rux koni haqida. Forish, Nurota tog‘ tizmalarining shimoliy qismidagi Xonbandi va Uchquloch qishloqlariga tutash bu kon o‘tgan asrning 80-yillarida faoliyat yuritgan, lekin so‘nggi 20 yilda to‘xtab qolgan edi. Prezident sa’y-harakati bilan “Uchquloch” ham qayta tirildi. Voqea 2023 yilning 10 fevralida yuz berdi. Shu kuni O‘zbekiston Prezidentining Jizzax viloyatiga qilgan tashrifi doirasida “Uchquloch”ni tiklash uchun turk investorlari bilan shartnoma imzolandi, loyiha doirasida qiymati 200 million AQSH dollariga teng investitsiya jalb etildi. Oradan ikki oy o‘tib-o‘tmay, o‘sha yilning 12 aprelida “Uchquloch” polimetall konini kompleks o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirishga start berildi. Bu kon yiliga 5 million tonna metall ma’danni qayta ishlaydi. Sodda qilib aytganda, xuddi guruchdan kurmakni ajratganday qilib, toshdan qo‘rg‘oshin, ruh, mis va kumushni ajratib beradi.
Odatda, Jizzax deganda, ko‘pchilikning ko‘z oldiga dastlab yeru jahonni gulduratib tomday-tomday toshlarni maydalayotgan buldozeru qudratli mashinalar yoki chang-to‘zonli konlaru zamonaviy sanoat korxonalari emas, balki, ufqlarga tutash bepoyon paxtazorlar, oltinrang g‘allazorlar, pastu baland tog‘larni yam-yashil ko‘rpaday qoplab yotgan archazorlar, saraton quyoshida tandirday qizigan cho‘llar, yiroq-yiroqlarda u yoqdan-bu yoqqa ko‘chib yurgan suruv-suruv saroblar keladi. Bulardan so‘ng dong‘i yetti iqlimga ketgan Jizzax somsalari, cho‘qqilaridan qishin-yozin qor arimas Oyqor tog‘i etaklaridagi turnako‘z buloqlar, hosilini ko‘tarolmay shoxlari egilib ketgan Baxmal olmazorlari hamda o‘ziga xos tarzda tayyorlanadigan Zomin tandiri, qozon patiri, Forish kulchatoyi, “ho‘kiz tili”, G‘allaorol g‘ilmindisi, qorinyog‘i, Arnasoyning qatig‘i-yu, qaymog‘i...
Markaziy Osiyodagi eng uzun Zomin “Dor yo‘li”, “Baxt ko‘prigi”, Baxmalning 2 ming yillik archalari ham shu zaminda — Jizzaxda.
Bizning hikoya esa go‘yo tomdan tarasha tushganday sanoatdan boshlanib ketdi. Nega? Negaki, yuqorida eslaganimizdek, muborak zaminimiz xazinalarini hali-hanuz yaxshi bilmaymiz-da...
Vaholanki, O‘zbekistondagi ohak konlarining 50, bazaltning 33 foizi Jizzaxga tegishli. Volfram, oltin, kumush temir konlari ham bisyor. Avtomobilsozlik esa...
Bir vaqtlar omochning tishini ham chetdan olgan Jizzaxda hozir KIA, CHERY, HAVAL, TREKER, ONIX rusumli yengil avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. “ADM Jizzax” MCHJ qisqa vaqtda 19,3 trillion so‘mlik 58 mingdan ortiq avtomobil tayyorlandi. “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi esa 160 million dollarlik loyihaning birinchi bosqichi bo‘yicha ilk elektromobillar ishlab chiqara boshladi. Zavod yiliga 50 ming dona elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega. Davlat rahbari konveyerdan chiqqan birinchi elektromobilga imzo qo‘yib, xayrli ishga «Oq yo‘l!” tilaganidan so‘ng, Chazor va Song Plus Champion modelidagi yuzlab “uchqur ot»lar belni mahkam bog‘lab, el xizmatiga kirishib ketdi. Qiymati 300 million dollarlik ikkinchi bosqichda elektromobillar sonini yiliga 200 ming donaga, 500 million dollarlik uchinchi bosqichda 500 ming donaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Ikkita yirik avtomobil zavodining dunyoga kelishi 4 mingga yaqin aholini ish bilan ta’minladi.
“ADM Jizzakh” va “BYD” avtomobil zavodlarida hademay 1 yilda 100 mingtagacha avto va elektromobillar ishlab chiqariladi. Diqqat qiling, bu o‘zgarishlar Jizzaxda — yaqin-yaqingacha omoch tishini ham chetdan olgan zaminda yuz berayotir!
Endi sohaga doir rivojlanishlarning raqamlardagi ko‘rinishlariga e’tibor qaratamiz: viloyatda sanoat korxonalari soni 2017 yili 1676 ta edi. Bu raqam 2024 yilga kelib 5150 taga yetdi. 2017 yili sanoat korxonalarida 341 turdagi mahsulot ishlab chiqarilar edi, 2024 yilga kelib ularning soni 1100 tadan oshdi. Korxonalarning ishlab chiqarish hajmi shu yillar ichida 2,5 trillion so‘mdan 23,1 trillion so‘mga ko‘paydi. Va, Prezidentimiz obrazli tarzda ifodalaganlaridek, Jizzax – O‘zbekistonning Detroyti (AQSH)ga aylana boshladi.
So‘nggi besh yilda qayta ishlash sanoatining hajmi 1,6 barobarga o‘sib, o‘tgan 2024 yilning o‘zida 19 trillion so‘mni tashkil qilgani; eksport hajmi 2,2 barobarga oshib, 202 million dollarga oshgani; chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 260 taga yetgani; agar 2024 yilning 7 oyida Respublika bo‘yicha mahalliylashtirish dasturi doirasida jami 23,7 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shuning 7,7 trillion so‘mi yoki 30 foizi aynan Jizzax viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgani kabi raqamlar ham bu zamin chindanda hali ochilmagan qo‘riq, salohiyati esa osmon qadar bepoyon ekanidan dalolat beradi.
Raqamlar... Ular juda katta qiyinchiliklar evaziga paydo bo‘ladi, mashaqqatli mehnat tufayli ko‘payadi; ming-minglab insonlarning peshona teri, qalb qo‘ri mujassam bo‘ladi har bitta raqamning jismu jonida. Shul bois ko‘p o‘jar bo‘lishadi raqamlar. Qor yog‘sa ham, do‘l yog‘sa ham haqiqatni so‘zlaydi, o‘zlaridan qo‘shmaydi, birovlarni chalg‘itmaydi, kimgadir yoqayin deb yolg‘on gapirmaydi. Eli uyg‘ongan, eli birlashgan, eli uyushgan – uyushib oldga intilgan makonlardagina raqamlar o‘sadi, o‘sib-ulg‘ayadi, azamat chinorlarga aylanadi. Azamat chinorlarning voyaga yetishi esa hech qaysi zamonda, hech qaysi tomonda, hech qaysi makonda hech qachon oson kechgan emas.
Hozirgina ikkita avtomobil zavodining ishga tushirilishi tufayli 4 ming odam ishli bo‘lganini gapirdik. 4 ming odam — bu 4 ming oila, 4 ming oilaning har birida ikkitadan bo‘lsa 8 ming, uch-to‘rttadan bo‘lsa 20 mingdan ziyod o‘zbek farzandining mushkuli oson, baxti to‘kis bo‘ldi, deganidir. Ba’zan mushtdaygina oilang boshini qovushtirishga kuching yetmaydi. Yoxud o‘z bolangni yo‘lga sololmay azoblanasan. Endi bitta qishloq, tuman, shahar yoki viloyat emas, butun boshli mamlakatni ishontirish, uyg‘otish, kurashga chorlash orqali pahlavon raqamlarga ega bo‘lish nimaligini bir o‘ylab ko‘ring! Ayniqsa, bizni – azal-azaldan bo‘yin tomiri yo‘g‘onroq, ham polvon, ham o‘jar, ham to‘g‘riso‘z, ham dangalchi o‘zbeklarni; yasama sipolikni, yumshoq muomalani xush ko‘rmaydigan, soxtakorlik ko‘chasidan o‘tmagan, tanti, jo‘mard, “mehmon otangdan ulug‘” mataliga amal qiluvchi, qo‘li ochiq, bag‘ri keng, vallamat o‘zbeklarni qovushtirish...
Bunday tabiatli kishilarni ishontira olsang, xitoyliklar aytganidek: “Kuchli olovda ho‘l o‘tin ham yonadi, jasur armiyada qo‘rqoq ham jangga kiradi.” Bundan 8 yil muqaddam butun O‘zbekiston xalqi qatorida Jizzax ahli ruhoniyatida ham xuddi shunday evrilish yuz ochdi. Mamlakat rahbarining ona yurtiga ketma-ket qilgan tashriflari, tashriflarda o‘rtaga tashlagan tashabbuslar elni qo‘zg‘atdi: eranlar eranlarga qo‘ldosh bo‘ldilar, mardlar mardlarga qurdosh bo‘ldilar, har jabhada oldinga intilguvchilar ko‘paydi, oldindagilar orqadagilarga ko‘prik bo‘ldilar, noahillar ahil bo‘ldilar, g‘iybat kamaydi, beg‘ayratlar kamaydi, bekorchilar kamaydi, ishsizlar kamaydi, daryolar suvga to‘ldi. Qobiliyatga yarasha mehnat qilish jamiyat a’zolarining odatiga, hayotiy ehtiyojiga aylandi. Ko‘ngillar asta-asta g‘amginlik, muhtojlik degan falokatlardan xalos bo‘lib, taraqqiyotning muborak darvozalari birin-ketin ochildi – ochilaverdi.
Shoirona aytganda, chanqagan odam suvni qanchalar yutoqib simirsa, jizzaxliklar ishga ana shunday tashnalik bilan yopirildilar. Shijoatli qalblardan favvora yanglig‘ otilib chiqayotgan “Biz yengamiz!”, degan hayqiriqlar tog‘u toshlarda aks-sado berdi. G‘alabalar yuraklar tubida jaranglayotgan “Ura-ura!”larga ulandi. Axir, “Ura!” ham begona emas — o‘zimizniki — turkcha — “U-rra-ur!” so‘zidan olingan-da!” Jizzax o‘g‘loni, “bosmachilar” — bosmachi emas, Vatan ozodligi uchun bosqinchilarga qarshi jang qilgan vatanparvar ekanini o‘zbek adabiyotida birinchi bo‘lib tasvirlagan ardoqli adib Evril Turon (Mamadali Mahmudov) o‘zining “Oynur” romanida “Ura!” kalimasiga ta’rif berarkan, “Saljuqli turklar tog‘ oralaridan, daralardan, pistirmalardan chiqib “Ur, U-ra-ur!” — deya hayqirib, salibchilarga chovut solganlar. “URA!” so‘zi keyin-keyin Ovrupoga kirib borgan” , deydi.
Bugun, oradan 7 — 8 yil o‘tganidan keyin, o‘sha damlardagi “Ura!”larni eslagan kishi hech shubhasiz, evrilishlar qoshida faxr tuyadi, g‘ururlanadi, tomirlarida oqayotgan qon beixtiyor tezlashib ketayotganini sezadi, yuragi gupullab ura boshlaydi.
Tangri qo‘llovi, Prezident jur’ati bilan O‘zbekistonning barcha hududlari safida Jizzax ham qaddini rostlamoqda, mo‘’tabar marralarni egallamoqda. 2017 — 2024 yillar orasidagi o‘zgarishlarni tahlil qilgan, o‘jar raqamlarni bir-biriga taqqoslagan kishiga bu manzara ko‘zgu kabi aniq ko‘rinadi.
2017 — 2024 yillar... Shu yillarda ahli dunyo boshqatdan ko‘rdi, tanidi O‘zbekistonimizni. “Yangi O‘zbekiston” paydo bo‘ldi O‘zbekistonda. Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorining birinchi g‘ishtlari qo‘yildi. Prezidentning kunu tun izlangani, tinib-tinchimasligi, boshqalarni ham tinchitmasligi, hammani ijodkorlikka chorlashi qalblarda shijoat qo‘zg‘atib, xalqni o‘z so‘ziga ishontirgani natijasidir bu g‘alabalarning hammasi.
Davlatning obro‘yi Prezidentning obro‘yi, Prezidentning obro‘yi davlatning obro‘yidir, deyishadi donolar. Davlat va Prezidentga chin ehtirom esa aytilgan so‘zni, berilgan va’dani, chiqarilgan qarorlarni bekamu ko‘st ado etishda ko‘rinadi. Mabodo, va’daga vafo qilinmasa, sharq maqollarida aytilganidek, “Suvga solsam, ko‘tarmas misqol temirni,
Oltin bilan olib bo‘lmas qolgan ko‘ngilni”. Shunday. So‘ziga vafo qilmagan kishi boshqalarning ko‘nglini hech qachon, hech narsa bilan ololmaydi!
Chunki:
Yangisin olarsan eskirsa ro‘mol,
Ko‘ylak yangilanar ketsa ohori.
Ammo obro‘nichi, asra jon misol,
Obro‘ sotilmaydi, yo‘qdir bozori.
O‘zbekiston Prezidentining aziz Vataniga sodiqligi, fidoyiligi, elsevarligi bois, albatta, yirtiq-yamoqlarimiz butlanib, kamchiliklar tugamoqda, dasturxonimizda noz-ne’matlar ko‘paymoqda, yurt sarhadlari obod bo‘lmoqda, ishlarimiz jahondagi do‘stlarimiz e’tirofiga munosib ko‘rilmoqda.
She’riyat sultoni Alisher Navoiy hazratlari ta’kidlaganlaridek, ”Kimki istasa, saltanat saxodir anga shart, Har va’daki aylasa, vafodir anga shart”.
Xo‘sh, Jizzaxda va’daga vafo qanday? Manzara misollarda akslanadi, misollar faktlar va raqamlarda tasdig‘ini topadi. Demak, yana misol va raqamlarga murojaat qilamiz. Ular juda ko‘p, ular juda salmoqli, ularning hammasini sanaydigan bo‘lsak... Har joyda, har xil so‘zlarni o‘ylamay-netmay gapirib yuradigan, pashshadan fil yasashga ishqiboz ayrim “birodari aziz”larimizning asabi o‘ynashi mumkin. Shu andisha bilan eng muhimlarini tilga olamiz:
O‘zbekiston Prezidenti 2017 yildan buyon Jizzax viloyatiga rasman 9 marotaba tashrif buyurdi. Har tashrifdan so‘ng hududda yangi-yangi buloqlar ko‘z ochdi — yangi korxonalar, zavodlar ishga tushdi, uylar, maktablar qurildi. Qishlog‘u shaharlarga tiniq havolar, go‘zal navolar kirdi.
Masalan, 2017 yilgi tashrifdan keyin Zafarobodda neftni qayta ishlash zavodiga, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi shisha mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Ming Yuan Sily industry” korxonasiga, Jizzax shahridagi “SILK EXPERT prcessing” xom ipak yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasiga tamal toshi qo‘yildi.
Forishning Egizbuloq qishlog‘ida Buyuk Britaniyaning “Leigh Barrier LLP” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Mega invest industrial” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi kompozit armaturalarni ishlab chiqarish zavodi, G‘allaorol tumanida “Marjon global” dorivor giyohlarni qayta ishlash korxonasi, Zomin tumanida “Zomin-Farm” korxonalariga asos solindi. “Obod qishloq” dasturi asosida Do‘stlik tumanidagi Manas qo‘rg‘oni namunali qishloqqa aylantirilib, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratildi.
2018 yilgi tashrifidan keyin viloyatda 10 million 113 ming dollarlik sanoat va 34 million 504 ming dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari qayta ishlanib, salkam 45 million dollar hajmidagi mahsulot eksport qilindi. Eksport hajmi 2017 yilga nisbatan 9,5 million dollarga yoki 127 foizga ko‘paydi, 43 ta yangi qo‘shma va xorijiy korxona ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularning soni 120 taga yetdi.
2019 yili umumiy qiymati 498 million dollarlik oltita loyiha bo‘yicha tashkil etilgan Forish bazalt konining klasterga aylantirilishi; 2021 -2023 yillarda Forish – tog‘ poligonidagi “N” harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari salohiyatini to‘la namoyon qila oladigan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi; “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasining mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha respublikada uchinchi, eksport hajmi bo‘yicha esa oltinchi o‘ringa ko‘tarilishi hamda “Jizzax” EIZda 33 ta loyihaning amalga oshirilishi; “BMB Holding” kompaniyasida za’faron yetishtirishning yo‘lga qo‘yilishi kabilar ham Prezident tashriflarining muborak tuhfalaridir. Dunyo bozorida eng sifatli bo‘lgan o‘zbek za’faroni endilikda AQSH va Yevropa davlatlariga eksport qilinmoqda. Kompaniyaning “Agrologistika” majmuasi loyihasining umumiy qiymati 57 million 700 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Uchta modulning har birida yiliga 270 ming tonnagacha qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish quvvati mavjud. Umumiy aylanma quvvati yiliga 810 ming tonnadan oshiq.
Shuningdek, Zomin aeroporti kengaytirilib, rekonstruksiya qilindi. Tumanda Xitoyning “Mingyuan” kompaniyasi bilan hamkorlikda shakllantirilgan 30 dan ortiq loyihaga xitoyliklar tomonidan 1,2 milliard dollar investitsiya yo‘naltirilmoqda.
2017 yildan farqli o‘laroq 2024 yilga kelib viloyat aholisini elektr energiyasi bilan ta’minlash darajasi 99 foizga yetkazildi. Tabiiy gaz ta’minoti 2017 yilga nisbatan 2 barobarga oshdi, 1090,6 kilometr mintaqaviy va ichki ko‘chalar ta’mirlandi.
Ichimlik suv tizimini yaxshilash maqsadida 617,4 kilometr tarmoq hamda 106 ta suv inshootlari rekonstruksiya qilindi. Bu 2017 yilga nisbatan 5 barobarga ko‘payganini anglatadi.
Qiyoslanayotgan yillarda davlat dasturi bo‘yicha jami 13 ming 871 ta, shundan 2528 ta yakka tartibdagi hamda 357 ta ko‘p qavatli uylar bunyod etildi.
Viloyat iqtisodiyoti 2017 yilga nisbatan 3,1 barobar o‘sdi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 8,2 million so‘mdan 25 million so‘mga, o‘rtacha oylik ish haqqi 1,5 million so‘mdan 3,8 million so‘mga yetdi.
Shu yillarda umumiy qiymati 30 trillion so‘mlik 3650 ta investitsiya loyihalari ishga tushirilib, 50 ming nafar ish o‘rini yaratildi.
50 ming ish o‘rni! Endi shuning yoniga oylik maoshi 1,5 milliondan 3,8 million so‘mga ko‘paygan ming-minglab baxtiyor kishilarning quvonchini, gaz va svet yo‘qligidan qiynalgan, changu loy ko‘chalarning azoblaridan qutilgan million-million insonlarning shodliklarini qo‘shingda, do‘ppini yerga qo‘yib, o‘ylang, necha million odamlarning qo‘llari duoga ochildi ekan?! Vaholanki, ingliz shoiri Jorj Bayron ta’biri bilan aytganda, birovning bir tomchi ko‘z yoshini qurita olgan kishi jang maydonida qahramonlik ko‘rsatgan kishidan ko‘ra o‘n karra bahodirroqdir.
Jizzaxdagi yuksalishlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning faoliyati aynan ana shu falsafaga qurilganini yana bir karra isbotlaydi.
Faqat shular emas — Jizzaxning tarixiy manzillari, madaniy meroslari, ziyoratgoh va qadamjolari ham Prezident e’tiboridan keyin obod bo‘lib, sayyohlar mehrini torta boshladi.
Ammo, bir vaqtning o‘zida to‘rt faslni ko‘rish mumkin bo‘lgan Jizzaxda: tog‘i, cho‘li, daryosi, ko‘li, o‘rmoni bo‘lgan; tog‘larida qo‘ng‘ir ayiqlar, qor qoplonlari, Turkiston silovsinlari, olqarlar, yovvoyi to‘ng‘izlar, jayralar yurgan; osmonlarida qora laylaklar, burgutlar, oqboshli kalxatlaru lochinlar uchib yurgan; dashtu dalalari, bog‘u rog‘lari andiz, zira, kiyiko‘t, rovoch, isiriq, chatratqoqi, chirich, qo‘shoyoq kabi sanoqsiz o‘t-o‘lanlarga to‘lgan; changalzorlarida bedaniyu kakliklar xonishi jaranglab turgan Jizzaxda yaqingacha turizmga e’tibor haminqadar edi.
Davlat rahbarining mehri pasttekisliklar, qir-adirlar, tog‘lar, cho‘llar, tubsiz jarlar, daralar, qaltis zov va gazalar, archazoru o‘rmonlar, chashmayu irmoqlarga osha sayohatga tashna qalblarga yetib bordi. Faqat 2024 yilning o‘zida salkam 2,5 million mahalliy va 400 ming nafardan ortiq xorijiy sayyoh keldi viloyatga, turizm xizmatlari eksporti qariy 60 million dollarga yetdi.
G‘uri, baland oriyati va dangalligi bilan nom qozongan dehqonlar esa 2024 yili mamlakat omborlariga 815 ming tonna g‘alla, 200 ming tonna paxta, 100 ming tonna meva, 490 ming tonna sabzavot, 310 ming tonna poliz, 110 ming tonna kartoshka va 35 ming tonna moyli ekinlar yetkazib, qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmini 2024 yilda 2016 yilga nisbatan 12 barobar ko‘payishiga erishdilar.
Ha, ildizlari 4 — 5 ming yillar avvalgi “Sayxonsoy qoyatoshlari” va “Peshag‘or” g‘orining devorlaridagi suratlarga; ajdodlarimiz bundan ikki yarim ming yillar burun umr guzaronlik qilgan “Mozorsoy yodgorliklari”-yu, “Jomonjar yer osti ehromlari”ga, Gaza, Xarakana, Zomin, Sobot, Miq, Marsmanda hamda ulardanda qadimgiroq bo‘lmish Xitoy solnomalarida tilga olingan “Yecha shahri” qoldiqlari-yu, “Qaliya tepa”, “O‘rda” kabi qal’alarga ulanguvchi Jizzax zaminida bugun ana shunday olamshumul o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda.
Oyqor cho‘qqilaridek baland rejalar esa yil sayin pog‘onama-pog‘ona o‘sib borayotir.
Mana, ularning ayrimlari:
Rejaga ko‘ra viloyatda 2025 – 2030 yillar orasida qiymati 3 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 130 dan ortiq tashabbus — loyiha amalga oshmog‘i kerak. Ularning 512 million dollariga teng 85 tasi shu yilning o‘zida bajariladi.
Sanoat hajmi 7 foiz o‘sib, 28,7 trillion so‘mga yetadi. 131 ta yangi quvvat ishga tushiriladi va qo‘shimcha 3 trillion so‘mlik ishlab chiqarish manbasi yaratiladi.
Sharof Rashidov tumanida xitoylik investorlar kiritgan 1 milliard dollar hisobidan “Sharof Rashidov texnoparki” sanoat zonasi tashkil qilinadi. 2025 – 2030 yillarga mo‘ljallangan ushbu loyihani amalga oshirish davomida 16 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilib, byudjetga qo‘shimcha 500 milliard so‘m mablag‘ tushishi ta’minlanadi.
2025 – 2027 yillari shu hududda yana bir ulkan loyiha — “Gagarin erkin savdo zonasi”ning ochilib, tadbirkorlar tomonidan 20 million dollar investitsiya kiritiladi, 30 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushiriladi hamda 2 ming aholining bandligi ta’minlanib, byudjetga 10 milliard so‘m tushum qo‘shiladi. Do‘stlik tumanida Investitsiya vazirligining 30 million dollarlik mablag‘lari hisobidan mikro sanoat markazlari tashkil etiladi, mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Umuman, 2025 – 2026 yillarda 3,2 milliard dollarlik (2024 yilga nisbatan 3 barobar ko‘p) xorijiy investitsiya mablag‘larining jalb qilinib, eksport hajmi 285 million dollardan oshiriladi. Viloyat tumanlarining har birida 50 milliondan 100 million dollargacha, Jizzax shahrida esa 250 million dollar xorijiy investitsiya kiritish rejalashtirilgan.
Qishloq xo‘jaligi sohasida 2025 – 2029 yillarda 100 ming gektar yerni o‘zlashtirish; 101,5 million dollar hisobiga 18 ta loyihani ishga tushirish maqsad qilingan.
Oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni to‘g‘ri tashkil uchun takroriy ekin sifatida ekib kelingan poliz ekinlari maydoni o‘rniga 30 ming gektar maydonga Rossiyaning “Pioner” tezpishar kungaboqar navi ekiladi. Kungaboqardan o‘rtacha 60 ming tonna hosil, 12 ming tonna moy, 40 ming tonna kunjara olish orqali esa 5 yildan so‘ng Jizzax viloyati kungaboqar moyini O‘zbekistonda birinchi bo‘lib eksport qiluvchi hududga aylanadi.
2025 – 2026 yillarda 841 kilometr yo‘l va ko‘priklar, 621 kilometr ichimlik suvi va oqova suv, 268 ta ko‘p qavatli uyda 21,5 kilometr kommunikatsiya tarmoqlari tortiladi.
Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon “tajriba”si asosida 200 ming aholi bandligini ta’minlash orqali ishsizlik darajasi 5,1 foizga, kambag‘allik 6,1 foizga tushirilib, xorijda yurgan kam daromadli 15 ming nafar migrant qaytariladi va kafolatli ish bilan ta’minlanadi. Shu tariqa 2030 yilga borib kambag‘allik butunlay tugatiladi.
2030 yilgacha xorijiy turistlar soni 5 millionga, xizmatlar eksporti 300 million dollarga yetadi.
Maqsadga erishish uchun 2030 yilgacha Baxmal tumanining “Boyqo‘ng‘ir soy” hududida “Kiber sport” arenasi, “Vorkaut” maydoni, “Ziplayn”, “Jamping”, “Vellokross”, paraplan, mehmonxona, savdo va servis xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini o‘z ichiga olgan “Turizm kompleksi” tashkil etiladi. Arnasoydagi Aydar-Arnasoy ko‘llari hududidan 100 gektar, Zomin-Baxmal davlat qo‘riqxonasi hududidan 137 gektar, Forish o‘rmon xo‘jaligi hududidan 100 gektar yer maydonlari ajratib olinib, bu manzillarda tadbirkor tomonidan suvda dam olish, mehmonxona, savdo va servis xizmatlari tashkil etiladi
Bundan ming yillar burun bobolarimiz mahorat bilan bunyod etgan, O‘rta Osiyoda eng qadimgi va eng mahobatli irrigatsiya inshooti sanalmish “Band to‘g‘oni”, bir necha ming yillardan beri aziz tutib kelingan “Temir darboza”, “Sa’d ibn Abu Vaqqos”, “Parpi ota”, “Xo‘jamushkent ota”, “Novqa ota”, “O‘smat ota”, “Said Mir Xalililloh ota”, “Xo‘ja bog‘bon ota”, “Payg‘ambar ota” kabi mo‘’tabar ziyoratgohlari bo‘lgan Jizzax bog‘lari bundanda gavjumlashadi. 9 – 10 asrlarda somoniylar, 11 – 13 asrlarda qoraxoniylar va хоraзмийlar, keyinroq Chingizxon, 14 – 15 asrlarda temuriylar davlati tarkibida bo‘lib, 16 – 18 asarlarning birinchi yarmidan to 1866 yilgacha Buxoro amirligiga tobe va undan so‘ng Oqposhsho-yu sho‘rolar qaramog‘ida qolib, 1973 yilning 27 dekabr kuni alohida viloyat sifatida tashkil etilgan — Shimoldan Qozog‘iston, Aydar – Arnasoy ko‘llari, Sharqdan Mirzacho‘l dashtlari va Sirdaryo viloyati, G‘arbdan Nurota tog‘lari, Forish qirlari, Samarqand viloyati, Janubdan Turkiston tog‘ tizmalari va Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh; maydoni 2 million 117 ming 830 gektardan iborat Jizzax viloyatining 1 million 600 mingdan ortiq aholisining hovlisi gulga, cho‘ntagi pulga to‘ladi.
Xo‘sh, tez-tez tarixni eslash va qator-qator raqamlarni bir-biriga taqqoslashdan murod nima? Murod shuki, ayrim “birodari aziz”larimiz, men ularni ichi kir yoki g‘animlar, deyishdan uzoqman. Imonim komil, ular ham O‘zbekistondagi yuksalishlarni ko‘rib, bilib turibdilar. Tomga quyondek sakrab emas, poyama-poya chiqilajagini yaxshi biladilar. Atigi 7 — 8 yil avval, masalan, olis yurtlarni qo‘ya turaylik, bir uvat naridagi qo‘shni davlatga borish naqadar azobligi ham kundek ravshan ularga. Peshona tering bilan ishlab topgan oylik maoshingni olish yoxud hisob raqamingdagi pulingni naqdga aylantirishdagi ovoragarchiliklar-chi? O‘rni kelganda, Urgutda bo‘lgan bir voqeani aytay. Gaz va elektr yo‘qligidan norozi bo‘lgan aholi shikoyat bilan hokimning huzuriga kelishadi. Men gaz va svetdan boshqa hamma masalalaringni yechib beraman. Ammo gaz bilan svetdan og‘iz ochmanglar, deydi u. Vaholanki, qirchillama qishda aholining ana shu ikki muammodan bo‘lak g‘am-tashvishi yo‘q edi. Biroq hokim sho‘rlikning qo‘lidan kelmasa, nima qilsin, noiloj edi.
To‘g‘ri, 7 — 8 yilda O‘zbekiston jannatga aylangan, Amerika yoki Yevropa bo‘lgani yo‘q. Muammolar qalashib yotganini qayta-qayta ta’kidlab turibdilar Prezidentimizning o‘zlari ham. Iqtisodiy kamchiliklardan tashqari, mahalliychilik, urug‘ surishtiruv, tanish-bilishlik, qarindoshchilik, poraxo‘rlik, xudbinlik, andishasizlik, qo‘rqoqlik, tekinxo‘rlik degan illatlar ham borki, ularni yengish uchun hali ko‘plab “jang”lar qilishga to‘g‘ri keladi. Illo, uzoq yillar davomida qon tomirlariga qo‘rg‘oshinday quyilib qolgan dardlardan qutilish bir kun yoki bir yillik muammo emas. O‘ylab ko‘raylik, bitta yangi ro‘zg‘orning but bo‘lishi uchun necha yillar kerak bo‘ladi. Butun boshli mamlakatni-chi?
Insof sari baraka, deydi bobolar.
Shukr qilmoq musulmonchilikda ulug‘ fazilat.
Bugun Yangi O‘zbekiston qurilyapti. Ulkan rejalar olinyapti. Murodga yetmoq uchun sharoit ham, imkoniyat ham, kuch-g‘ayrat ham yetarli. Ammo ola-g‘ovur dunyoda bo‘layotgan g‘avg‘olarni hamma ko‘rib turibdi. Bugungi gap ertaga to‘g‘ri kelmayapti, kechqurungi do‘st azonda g‘animga aylanmoqda. Hamma gap birlikda. O‘zbekiston Yaratgan tomonidan xalqimizga tuhfa qilingan shunday bebaho, saxovatli o‘lkaki, bu o‘lkada toshga eksang gul ko‘karadi. Maqolamizda tilga olingan raqamlar Jizzax viloyatida qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarning ayrimlari — “siqib-siqib, suvi”ni chiqarib, “qolip”ga solinganlari, xolos. Aytaversam, sanayversam qissagayam, dostongayam sig‘maydigan yumushlar bo‘layotir Jizzax tomonlarda ham.
Agar baxt va shodlik kuychisi, ulug‘ shoirimiz Hamid Olimjon hayot bo‘lganida edi, ona yurtida bo‘layotgan obodliklarni ko‘rib:
“O‘xshashi yo‘q bu go‘zal bo‘ston,
Dostonlarda bitgan guliston!” deya hayqirgan bo‘lur edi.
Abdusaid Ko‘chimov,
senator