Bir oila farzandlaridek yashash baxti
Kuni kecha davlatimiz rahbari “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan ko‘p millatli xalqimizga Bayram tabrigini yo‘lladi. Tabrikda, hamjihatlik, jamiyatda millatlararo totuvlikni ta’minlash, har bir shaxsga millati va diniy e’tiqodidan qat’iy nazar teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat hamda sadoqat ruhida tarbiyalash mamlakatimizda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangani alohida ta’kidlandi.
Ushbu sana munosabati bilan Jizzax viloyatida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy va badiiy tadbirlarda ham, tabrikda ta’kidlangan hamjihatlik, o‘zaro hurmat, milliy qadriyat va an’analarni qadrlash ruhi sezilib turdi.

Bayram tadbiri viloyatning Sharof Rashidov tumanida ham keng nishonlandi. Bugun tumanda 10 ga yaqin millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek yashab, tuman iqtisodiyotining turli tarmoqlarida, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, sport va shu kabi ijtimoiy sohalarda samarali mehnat qilib kelmoqda.

Bayram tadbirida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniy markazlar o‘z san’atlari, milliy liboslari, milliy taomlari ko‘rgazmasini namoyish etdi.

Kechga borib tadbirning badiiy qismida o‘zbek, tojik, rus, qozoq, qirg‘iz, koreys va boshqa millat vakillari tillarida yangragan kuy, qo‘shiq va raqslar ishtirokchilarga bayramona ruh bag‘ishladi.

Bayram tadbirlari viloyatning boshqa hududlarida ham keng nishonlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.