Bir makon, bir yo‘ldan - yagona maqsad sari!
Xitoy xalqida “Boyimoqchi bo‘lsang, ishni yo‘l qurishdan boshla!” degan hikmat bor. Odatda, xitoyliklar bir insonga yaxshi niyat, maqsad tilasa, maslahat sifatida shu gapn aytadi. Zero, yo‘l insonning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qiladi, yurt iqisodiyotini kuchaytirib, aholi turmush darajasini ko‘tarishga xizmat qiladi. Umuman, Xitoyda har qanday masala yechimiga keng qamrovda, hatto, global ko‘lamda, donishmandona yondashiladi.
Si Szinpin bundan o‘n yil muqaddam taklif qilgan g‘oya ham nafaqat bir mamlakatni, balki butun Janubiy va Markaziy Osiyoni, Afrika va Yevropa qit’asini ham qamrab olayotgan mega loyihaga aylandi. Tashabbusni mag‘zini chaqib, anglab yetgan uch qit’a, 140 davlat va 30 dan ziyod xalqaro tashkilot bugun “Bir makon, bir yo‘l”ni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.
So‘nggi yillarda sanoati, qishloq xo‘jaligi, ilmi, madaniyati jadal rivojlanayotigan Xitoy ramziy ma’noda “jahon fabrikasi”ga aylandi. Amerika qit’asimi, Yevropa mamlakatlarimi yoki Afrika, Arab, Shimol, G‘arb davlatlarimi, do‘konlarda albatta “Made in China” yozuvini uchratasiz.
Tabiiyki, aholisi qariyb bir yarim milliard mamlakat to‘xtovsiz ishlab chiqaradigan mahsulotlarni xaridorga yetkazish uchun transport, ayniqsa, yo‘l kerak. Yo‘l degani ravon, yuqori tezlikka mo‘ljallangan, mustahkam bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur.
Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” qit’alar aro temir yo‘li loyihasi e’lon qilinganiga roppa-rosa 10 yil bo‘ldi. Tez rivojlanayotgan jahonshumul bu tadbirga, aytish joiz, koronavirus biroz xalaqit berdi. Allohga shukur, ofat chekinib, yer yuzi aholisi endi-endi biroz yengil nafas ola boshladi. Nihoyat loyiha, g‘oyalar qayta tiklanib, qad ko‘tarishi sustlashib, to‘xtab qolgan yo‘l, binolar qurilishi yana jonlandi.
Yana bir necha kundan keyin Pekinda “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro hamkorligi uchinchi Forumi ish boshlaydi. Ipak yo‘lining iqtisodiy belbog‘ini yaratishga ahd qilgan davlatlar mazkur loyiha bo‘yicha aloqalarni yuqori darajada, puxta tashkil etish, rivojlantirish masalasini muhokama qiladi.
Anjumanda 70 ga yaqin davlat vakillari qatnashishi ma’lum qilindi. Ular orasida “Buyuk Ipak yo‘li-2” temir yo‘l mega loyihasi bo‘yicha hamkor davlatlar yetakchirlari, vazirlar, yirik ishbilarmon, tadbirkor, iqtisodiy tahlilchilar, jamoat tashkilotlari vakillari va mazkur loyihani qo‘llab-quvvatlayotgan boshqa tashkilot, idoralar rahbarlari qatnashish ishtiyoqini bildirgan.
Xitoy muqaddam ushbu tashabbus doirasida Osiyoning 38 davlati, jumladan O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Kirg‘iziston, Tojikiston, Afrikaning 40, Yevropaning 26, Okeaniyaning 11, Shimoliy Amerikaning 11, Janubiy Amerikaning 8 mamlakati – jami 148 davlat, 33 xalqaro tashkilot bilan hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolagan. “Buyuk ipak yo‘li-2” nomini olgan “Bir makon, bir yo‘l” loyihasiga yaqindagina yana bir yurt – Suriya Arab Respublikasi qo‘shilgani haqida xabar chiqdi.
Demak, yuzlab yillar muqaddam ota-bobolarimiz tuyalar karvoni bilan bosib o‘tgan qadim tor so‘qmoq yo‘llar endi raqamli texnologiyalar orqali boshqariladigan zamonaviy, tezeor “Buyuk Ipak yo‘li-2” bo‘lib qayta tiklanadi. Ta’kidlash joiz, qadimgi Buyuk ipak yo‘li bir savdogar, bir tadbirkor, bir karvon, ko‘pi bilan bir davlat manfaatini ko‘zlagan bo‘lsa, Xitoydan boshlanadigan qit’alar aro yangi temir yo‘l BMTga a’zo mamlakatlarning yarmidan ko‘pi iqtisodiyotini bog‘lab, umumiy manfaatni ko‘zlaydi. Janubi-sharqda esa asosiy tarmog‘i O‘zbekistondan o‘tadigan, aloqador davlatlar iqtisodiyotini ildam sur’atda rivojlantiradigan qudratli transport va infratizim shakllanmoqda.
“Bir makon, bir yul” tashabbusi yangi yo‘llar ochib, davlatlarni bir-biri bilan bog‘lab, nafaqat iqtisodiyotni kuchaytirish, balki turli sohalarda hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, maorif, maxsus ta’lim-tarbiya aloqalarini rivojlantirish ham ko‘zda tutilmoqda. Shu maqsadda 2015 yil Sian transport universiteti hamda Osiyo, Yevropa va Amerika oliy o‘quv yurtlari bazasida “Yangi Ipak yo‘li universitetlari alyansi” faoliyat boshlagan.
Xitoy 10 yil muqaddam “Bir makon, bir yo‘l” loyihasiga hamohang ravishda yana bir – “XXI asr Dengiz ipak yo‘li”ni ochish ishlarini ham boshlab yuborgan. Hozir Osiyo, Shimoliy Afrika va Yevropaning 20 mamlakati qo‘shilgan mazkur tashabbus doirasida kemalar Xitoyning Syuanchjou shahridan yo‘lga chiqib, dengiz va ummonlardan suzib o‘tib, Janubiy Xitoy dengizi orqali Jakartaga, keyin Hind okeani orqali Sharqiy Afrikaning eng yirik shahri – Keniya poytaxti Nayrobiga, O‘rta Yer dengizi orqali Gretsiya poytaxti Afinaga va Italiyaning kurort, turizm shahri – mashhur Venetsiyaga qadar boradi.
2023 yil 10 yillik yubileyini nishonlayotgan “Bir makon, bir yo‘l” global temir yo‘li tizimining foydalanishga topshirilgan qismida yuk tashish bo‘yicha bu yil misli ko‘rilmagan yutuqqa erishilishi bashorat qilinyapti.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Buyuk Ipak yo‘li-2” tashabbusiga a’zo davlatlar 150, xalqaro tashkilotlar 32 taga yetishi kutilyapti. Loyiha doirasida hozirgacha 200 dan ko‘p hujjat imzolandi, jami 1 trillion dollar qiymatga ega 3 000 dan ziyod investitsiya loyihasi ilgari surildi.
Irismat Abduxoliqov,
O‘zA siyosiy sharhlovchisi