Bir mahsulotning bir necha xili muhayyo
Shirinliklarni kattayu kichik birdek yaxshi ko‘radi. Insonga xush kayfiyat, dasturxonlarga ko‘rk bag‘ishlaydigan bu ne’mat el-yurt farovonligining belgilaridan biri. Zero, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l-ko‘l bo‘lgandagina shirinliklar “ko‘zga ko‘rinadi”.
Shirinliklarni kattayu kichik birdek yaxshi ko‘radi. Insonga xush kayfiyat, dasturxonlarga ko‘rk bag‘ishlaydigan bu ne’mat el-yurt farovonligining belgilaridan biri. Zero, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l-ko‘l bo‘lgandagina shirinliklar “ko‘zga ko‘rinadi”.Ko‘p qavatli uyimizga yondosh mo‘jazgina do‘konga kirdim. Peshtoqiga «Minimarket» deb yozilgan bo‘lsa-da, hamma narsa bor. Zarur mahsulotlarni oldim-da, shokolad xarid qilmoqchi bo‘ldim. Alohida rastada tartib bilan taxlangan, bir-biridan chiroyli qadoqlangan shokoladlarning yorlig‘ini o‘qiy boshladim.
“Qay birini tanlashni bilmayapsanmi?” dedi tanish ovoz. O‘girilib qarasam, qo‘shnimiz Maqsuda xola.
– Biz topilganini yer edik, hozirgi bolalar tanlab yeydi, ming shukr, – deydi Maqsuda xola. – Bundan 25-30-yil avval birov hali to‘kinlik zamoni keladi, hamma narsa mo‘l-ko‘l bo‘ladi, desa hech kim ishonmasdi. Chunki magazinlar qup-quruq, oziq-ovqat korxonalari yo‘q edi-da. Shirinliklarni-ku aytmasayam bo‘ladi. Hozirgidek har kuni yeyish qayda, to‘y-hashamga topish ham amri mahol edi. Faqat ayrimlargina kazo-kazo tanishlarini ishga solib topardi konfetlarni. Bugun sotuvchilar do‘konidan konfet olganingizga xursand bo‘ladi. Qarang, odamlar uchun kerakli hamma narsa muhayyo. Yana bunday do‘konlar hamma joyda, har bir mahallada bor. Ularni ko‘rib, Yaratganga shukr aytaman, yurtimizni, Yurtboshimizni duo qilaman.
Bolaligim yodimga tushdi. 89-yilning qishi. Yangi yil bayramiga yaqin uyimizga ammam kirib keldi. “Bormagan joyim qolmadi. Shirinliksiz dasturxonning ko‘rki bo‘lmaydi. O‘zimizning do‘konchiga bir oy oldin tayinlab qo‘ygandim. Ozgina kelgan ekan, odamlar talab ketibdi. Shunga sizlarda bo‘lsa, ozroq beringlar, deb iltimos bilan kelgandim”, dedi ammam yerga qarab.
Otam ham noiloj yelka qisdi. Bizning uyda ham shu ahvol edi. O‘sha paytlari ko‘cha boshida savdo qiladigan xola xo‘rozqand olib kelsa, biz uchun bayram bo‘lib ketardi. U ham bo‘lmaganda qoshiqqa shakarli suv solib, olovda qizdirib, qo‘lbola xo‘rozqand yasardik, o‘shani ham talashib yer edik.
Bugun jiyanchalarimni, qo‘shni bolalarni o‘ynatib, ba’zan do‘konga olib boraman. Bilmasdan sal mundoqroq konfet olib bersam, yaxshisini ko‘rsatadi. Hali tili chiqmaganlari ham yaxshi-yomonning farqiga boradi, tanlab yeydi.
Hozirgi bolalarni aldab bo‘lmaydi. Bular hamma shirinlikni tatib ko‘rgan, yaxshisini yeb o‘rgangan, deydi sotuvchi yigit.
Bugungi bolalar yaxshi yeydi, yaxshi kiyadi. Chunki buning uchun yaxshi sharoit, keng imkoniyat bor. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ishlab chiqarishni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida xalqimiz to‘kinlikka, farovonlikka erishdi.
Aholining kundalik iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabi yurtimizda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlar hisobidan qoplanmoqda. Dehqon bozorlariga kirgan kishining ko‘zi quvnaydi. Peshtaxtalar qishin-yozin sarxil meva-sabzavot, poliz mahsulotlari bilan to‘la.
Dunyoning ko‘plab davlatlari meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy qismini chetdan sotib oladi. Bu ularning narxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda jahonda kuzatilayotgan ekologik muammolar, iqtisodiy inqiroz oqibatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi kamayib, narxi yanada oshib bormoqda. Mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijliklar yurtimizda yetishtirilgan noz-ne’matlarning ta’miga va narxiga katta havas va hayrat bilan qaraydi.
Katta-katta supermarketlar, yirik savdo markazlaridan tortib kichik do‘konlargacha bir mahsulotning bir necha xili taxt qilib qo‘yilgan. Xususan, qandolat mahsulotlarining konfet, karamel, shokolad, batonchik, vafli kabi o‘nlab nomdagisi mavjud. Ularning har biri yana ko‘plab turlarga ajratiladi. Birgina shokolodning qora, oq, sutli, yong‘oqli, mayizli, achchiq, suyuq kabi bir necha xilini uchratish mumkin. Ularning narxi, hajmi va ko‘rinishi ham turfaki, eng nozikta’b xaridor ham o‘zi xohlagan mahsulotni topa oladi.
Mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor bunda muhim omil bo‘layotir. Qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida ko‘plab korxonalar faoliyat yuritmoqda.
Poytaxtimizdagi “Glory Food” mas’uliyati cheklangan jamiyatida “Estello”, “Morelia”, “L’amore”, “Kelly”, “Paris”, “Valencia” nomli sifatli shokoladlar tayyorlanmoqda.
“Candy Gold” va “Choco World” kabi qator mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan ham ko‘plab turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Bir paytlar nafaqat qishloq joylarda, hatto yirik shaharlarda ham kam uchraydigan ishlab chiqarish korxonalari bugun yurtimizning deyarli barcha hududlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bu jarayonga xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, ko‘plab qo‘shma korxonalar tashkil etilayotgani ishlab chiqarish sifati va salmog‘ini oshirishga xizmat qilayotir.
Poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan “Lazzat Karamel” O‘zbekiston-Shveytsariya qo‘shma korxonasi ulardan biri. 2011-yilda tashkil etilgan mazkur korxonada ilg‘or texnologiyalar asosida qandolat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Korxonadagi mahsulot tayyorlash va qadoqlashda foydalaniladigan zamonaviy uskunalar Germaniyaning “Hansel Processing” va Italiyaning “Acma” kabi yetakchi kompaniyalaridan keltirilgan. “Lazzat Karamel” yiliga to‘rt ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ushbu sanoat muassasasi tomonidan tayyorlanayotgan o‘ttizdan ortiq turdagi lazzatli shirinliklar iste’molchilarga ma’qul kelayotir.
– Korxonamizda tayyorlanayotgan qandolat mahsulotlarining sifati, shirinligi xorijnikidan aslo qolishmaydi, – deydi korxona bosh direktori Abdullajon Ibrohimov. – Mahsulotlarimiz mamlakatimizdagi barcha xonadonlarga kirib borayotganidan xursandmiz. O‘zbekistonda biznes uchun yaratilgan keng imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanib, mahsulotlar turini ko‘paytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va shu orqali xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga hissa qo‘shish niyatidamiz.
Korxonada oltmishga yaqin ishchi mehnat qilayotir. Ularning ko‘pchiligini kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarini bitirgan yoshlar tashkil qiladi. Qulay iqtisodiy muhit, ilg‘or texnologik jarayon, zamonaviy sanoat dastgohlari va jamoaning ishga munosabati natijasida ushbu muassasa qisqa fursat ichida mamlakatimizdagi yetakchi korxonalardan biriga aylandi. Buni 2014-yilning iyun oyida o‘tgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari alohida e’tirof etdi. Oziq-ovqat mahsulotlari savdosiga ixtisoslashgan qator xorijiy kompaniyalar ushbu qo‘shma korxona bilan hamkorlikka qiziqish bildirdi.
Mustaqillik barcha sohalar qatori oziq-ovqat sanoatida ham tub burilishlar yasadi. Inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bu islohot samaralari «tanqislik» so‘zini iste’moldan chiqarib tashladi. Bir paytlar bayramlarda ham topilmaydigan ne’matlar bugun odamlarning kundalik ratsionidan joy oldi.
Istiqlol sharofati, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati evaziga qo‘lga kiritilayotgan bunday muvaffaqiyatlardan qalbimizda beixtiyor g‘urur tuyamiz. Bu tuyg‘u bizni mustaqillik va tinchlikni qadrlashga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga hissa qo‘shishga undaydi. Shukr va hamjihatlik yurtimizdagi to‘kinlik, fayzu barakani yanada oshiradi.